Bir milliondan ziyod noqonuniy muhojir AQSHni o‘z xohishi bilan tark etdi

–Yanvar oyidan buyon minglab odam “ixtiyoriy o‘z-o‘zini deportatsiya qilish” dasturi bo‘yicha chiqib ketdi, –degan AQSH ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem Chikagoda uyushtirilgan matbuot anjumanida. – Shu bilan birga yuz minglab hujjatsiz muhojir hukumat yordamiga tayanmasdan, o‘zlaricha mamlakatni tark etdi.

DW nashri yozishicha, Qo‘shma Shtatlarda yil boshidan beri jinoyat sodir etgan yuz minglab hujjatsiz migrant hibsga olingan.

– So‘nggi uch oy ichida bir nafar ham noqonuniy muhojir mamlakatga kirmagan, – deya so‘zini davom ettiradi mulozim. – Mamlakatimiz tarixida birinchi marta chegarada bunday xavfsizlikni ko‘ryapmiz. Ayrim “demokratik” davlatlar hukumati noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilish harakatiga to‘sqinlik qilmoqda.

Oq uy maxsus dastur doirasida Amerikada noqonuniy yashayotganlar immigratsiya va bojxona nazorati bilan bog‘liq muammodan qochib, o‘z vataniga qaytishi uchun 1000 dollarlik “stipendiya” va tashkiliy yordam olishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, yozda bir necha shtat, xususan Kaliforniyada odamlar Tramp ma’muriyatining immigratsiya siyosatiga qarshi ommaviy norozilik namoyishi o‘tkazgan.

G.Sattorova, O‘zA

Powered by GSpeech