Ochlik – insonning qadr-qimmatini hayotdan mahrum bo‘lishidan oldinroq yo‘qotadi. Ota-onani qaysi bolasiga ozuqa berishni tanlashga, kishini ovqat izlab, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yishga majburlaydi. Afsuski bugun G‘azoda ana shunday ayanchli vaziyat kuzatilmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (G‘AO), UNICEF, Jahon oziq-ovqat dasturi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti qo‘shma hisobotiga asosan, sektorda birinchi marta halokatli ocharchilik holati rasman e’lon qilindi. Bu haqda “Kazinform” yozgan.
Mutaxassislar tayyorlagan, Integratsiyalashgan oziq-ovqat xavfsizligi bosqichi tasnifining bir qismi sifatida chop etilgan navbatdagi hujjatda G‘azoda yarim milliondan ortiq odam keng tarqalgan isrofgarchilik, mahrumlik va oldini olish mumkin bo‘lgan o‘limga olib keluvchi to‘liq ocharchilikka duch kelgani qayd etilgan. Kelgusi haftalarda ocharchilik anklav shimolidagi G‘azo viloyatidan Dayr Al-Baloh va Xon Yunusgacha tarqalishi taxmin qilinmoqda.
Xabarda to‘liq ocharchilik tasnifining uch muhim jihati kuzatilgani aytilgan: haddan ziyod oziq-ovqat tanqisligi, o‘tkir to‘yib ovqatlanmaslik va to‘ymaslikdan o‘lim. Ma’lumotga ko‘ra, sentyabr oyi oxirigacha G‘azoda 640 000 dan ko‘p fuqaro oziq-ovqat tanqisligining 5-bosqich sifatida tasniflanadigan halokatli darajasiga duch keladi. 1.14 million kishi 4-bosqich – favqulodda vaziyatga tushadi, 396 000 inson 3-bosqich – inqiroz holatini boshdan kechiradi. Birgina iyul oyida bolalar o‘rtasida 12 000 dan ortiq o‘ta to‘yib ovqatlanmaslik holati aniqlangan. Bu – yil boshidagi raqamdan olti barobar ko‘p – rekord darajadagi eng yuqori oylik ko‘rsatkich.
Hududda bolalarning qariyb to‘rtdan bir qismi eng halokatli shakl – og‘ir o‘tkir to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda. Mutaxassislar ta’kidlashicha, may oyidan boshlab, 2026 yil iyuniga qadar to‘yib ovqatlanmaslikdan o‘lim xavfi ostida qolgan bolalar soni uch barobar, ya’ni 14 100 dan 43 400 ga ko‘tarilishi mumkin.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish e’lonni izohlarkan, G‘azodagi ocharchilikni “texnogen falokat, ma’naviy qoralash va insoniyatning muvaffaqiyatsizligi” deb atadi.
– Ommaviy ocharchilik shunchaki oziq-ovqat yetishmovchiligi emas, bu inson yashashi uchun eng zarur bo‘lgan tizimning qulashi, – deydi BMT rahbari. – Odamlar och qolyapti, bolalar o‘lmoqda. Harakat qilishga majbur bo‘lganlar esa hamon jim...
U Isroilda bosqinchi davlat sifatida xalqaro qonun bo‘yicha aniq, jumladan aholini oziq-ovqat va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash majburiyati borligini yana bir bor eslatdi. Bosh kotibning insonparvarlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Favqulodda yordam ko‘rsatish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi Tom Fletcherning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi ocharchilik birinchi navbatda eng zaif qatlamlarga ta’sir ko‘rsatadi. Fletcher barcha chegara manzillarini zudlik bilan ochish, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarni anklavga to‘siqsiz va zarur miqyosda olib kirish uchun BMTga ruxsat berishga chaqirdi.
Tuzilmaning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Turk ham G‘azo sektorida ocharchilik e’lon qilinishiga munosabat bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, inqiroz “Isroil hukumati harakatining bevosita natijasi bo‘lib, gumanitar yordam va tinch aholi hayoti uchun zarur boshqa tovarlar olib kirilishi va tarqatilishi noqonuniy ravishda cheklangan”.
– Ochlikdan urush usuli sifatida foydalanish urush jinoyatidir va keyingi o‘limlar ham qasddan qotillik shaklidagi urush jinoyatini tashkil qilishi mumkin, – deydi Turk. – Mazkur qo‘shma bayonot shoshilinch va keng ko‘lamli insonparvarlik yordami zarurligini yana bir bor ta’kidlaydi.
G.Sattorova, O‘zA
- Qo'shildi: 27.08.2025
- Ko'rishlar: 132
- Chop etish