BMT konferensiyasida dengizga chiqish bo‘yicha xalqaro hamkorlik masalasiga urg‘u berildi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida Afrika janubidagi Esvatini davlati qiroli Msvati III mazkur anjuman mavzusida o‘z mamlakati intilishlari to‘liq aks etganini ta’kidladi. Notiq butun dunyo davlat rahbarlari, BMT vakillari va delegatlarga murojaat qilarkan, dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqolmaslik nafaqat geografik omil, balki taraqqiyotning jiddiy muammosi ekaniga urg‘u berdi.

– Yuqori transport xarajati va tashqi ta’sirga nisbatan zaiflik taraqqiyotni sekinlashtiradi, – dedi Msvati III. – Binobarin, bu muammolar bizni innovatsion fikrlashga, hamkorlik uchun imkoniyat qidirishga undaydi. Esvatini bugungi kunda infratuzilmani rivojlantirish, temir yo‘l tizimini takomillashtirish, bojxona tartib-taomilini soddalashtirish va raqamli transformatsiyani rivojlantirshga alohida e’tibor qaratmoqda. Ushbu chora-tadbirlar ichki va mintaqaviy aloqalar ko‘lamini kengaytirish, savdo xarajatini kamaytirish, raqobatbardoshlikni mustahkamlashga qaratilgan. Ayni jarayonda biz mintaqaviy bozorga integratsiyalashuv, xalqaro savdoda faol ishtirok etishga harakat qilyapmiz.

“Turkmenistaninfo” yozishicha, Qirol mamlakatida amalga oshirilayotgan iqtisodiy diversifikatsiya strategiyasiga ham batafsil to‘xtalgan. Bu yurtda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, turizm, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va xususiy sektor faol rivojlanmoqda. Islohotlar va tadbirkorlik tashabbuslari orqali yoshlar, xotin-qizlar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash dasturlari ustuvor yo‘nalishlar etib belgilangan.

Tizimli qiyinchiliklarga qaramay, Esvatini iqtisodiyoti ta’sirchan o‘sish sur’atini namoyon etmoqda. 2024-2025 yillari mamlakat yalpi ichki mahsuloti miqdori 8 foiz oshdi, tog‘-kon sanoati va qurilish sohalari sezilarli o‘sish sur’atini namoyon etdi. Daromad ortishi va xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik rivojlanishi tufayli byudjet taqchilligi, davlat qarzi keskin kamaydi.

Qirol turizmning iqtisodiy taraqqiyotga qo‘shayotgan salmoqli hissasini ham qayd etdi. Mamlakat boy madaniyati, o‘ziga xos tabiati, an’anaviy festivallari bilan xalqaro va mintaqaviy sayyohlarni jalb qilmoqda. Infratuzilma investitsiyasi va jamoatchilik tashabbusi qishloqlarga barqaror daromad keltirmoqda. Innovatsiya sohasida biotexnologiya va raqamli yechimlarni ilgari surish uchun Ilmiy-texnologik park tashkil etish orqali dadil qadam tashlanyapti. Raqamli infratuzilmaga sarmoya kiritilmoqda, keng ko‘lamli va raqamli savodxonlikdan foydalanish imkoniyati kengaytirilmoqda, savdoni osonlashtirish va mintaqaviy integratsiyani jadallashtirish maqsadida elektron bojxona tizimi takomillashtirilmoqda.

– Hamkorlik Esvatini strategiyasi asosini tashkil etadi, – deya ta’kidlagan Msvati III mamlakat xalqaro va mintaqaviy savdo tashabbuslarida faol ishtirok etayotganini qo‘shimcha qildi. – Qirollik allaqachon Jahon savdo tashkilotining Savdoni osonlashtirish to‘g‘risidagi bitimini ratifikatsiya qilgan, Jahon banki bilan birga biznesning global bozorga kirishini osonlashtirish uchun milliy savdo axborot portalini ishga tushirgan.

So‘zi yakunida Qirol xalqaro hamkorlik yanada mustahkamlanishi, jumladan dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan barcha mamlakatlar manfaatiga xizmat qiladigan mintaqaviy infratuzilma va logistika markazi yaratilishiga umid bildirdi.

Muharrama Pirmatova, O‘zA

Powered by GSpeech