Bir qator mamlakatlarda ocharchilik xavfi ortib bormoqda, ayniqsa, Falastin, Janubiy Sudan, Gaiti va Malida vaziyat keskin, deyiladi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va Jahon oziq-ovqat dasturi (JOD) qo‘shma hisobotida.
– Bu hisobot ogohlantiruvchi qo‘ng‘iroqdir, -dedi JOD ijrochi direktori Sindi Makkeyn.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muhtojlarga insonparvarlik yordamini ko‘rsatmay turib, ularni qutqarib bo‘lmaydi.
– Ochlik olisda ko‘rinayotgan tahdid emas, u millionlab odamlar uchun kunlik haqiqat, -dedi FAO bosh direktori Syuy Dun’yuy.
Janubiy Sudanda aholining 57 foizi yoki qariyb 7,7 million kishi oziq-ovqat bilan bog‘liq jiddiy xavf-xatarlarga duch kelishi kutilmoqda. Mamlakatning ikki viloyatida ocharchilik xavfi borligi tasdiqlangan.
Gaitida zo‘ravonliklarning kuchayishi va insonparvarlik yordamining yo‘qligi poytaxt Port-o-Prens hududidagi 8 ming 400 dan ortiq aholini ocharchilikka duchor qildi.
Malida g‘alla narxining yuqoriligi va davom etayotgan ziddiyat uy xo‘jaliklarining zaxiralarini tugatmoqda. Agar yordam ko‘rsatilmasa, 2 ming 600 kishi ochlik qurboni bo‘lishi mumkin.
S.Rahimov, O‘zA
- Qo'shildi: 19.06.2025
- Ko'rishlar: 269
- Chop etish