Bola huquqlari bo‘yicha o‘quv-seminar

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida JIDU Yozgi maktabi ishtirokchilari uchun “Bola huquqlari: xalqaro va milliy qonunchilik hamda amaliyot” mavzuida o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.

Yoshlarning bola huquqlari sohasidagi bilimlarini oshirish va ularning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularga huquqiy bilimlar berish maqsadida tashkil etilgan tadbirda interaktiv usullar qo‘llanilib, ishtirokchilar mavzu bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirish imkoniga ega bo‘ldi.

Xususan, seminarda ishtirokchilarga bola huquqlarining xalqaro-huquqiy asoslari, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi va boshqa xalqaro hujjatlar batafsil tushuntirildi. O‘zbekiston Respublikasining milliy qonunchiligida bola huquqlari qanday himoyalangani, bu boradagi amaliyot va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar muhokama etildi.

Mashg‘ulotlar savol-javoblar, keys-stadi tahlillari va guruh ishlaridan foydalangan holda tashkil etildi. Seminarda nazariy bilimlar amaliy misollar bilan mustahkamlandi. Bu yoshlarning mavzuga chuqurroq kirib borishiga va dolzarb masalalar yuzasidan tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirishga yordam berdi.

JIDU Yuridik klinikasi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan ushbu seminar Yozgi maktab dasturining muhim qismi bo‘lib, kelajakda huquqshunoslik sohasida faoliyat yuritishni maqsad qilgan yoshlar uchun qimmatli bilim va ko‘nikmalarni taqdim etdi.  

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA

Powered by GSpeech