Britaniya noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashga jiddiy kirishmoqchi

Buyuk Britaniya hukumati La-Mansh bo‘g‘ozi orqali noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish uchun qo‘shimcha 132 million dollar sarflaydi, deb yozdi “Guardian” gazetasi mamlakat Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga tayanib.

Ushbu mablag‘ Milliy jinoyat agentligining qo‘shimcha 300 nafar xodimiga maosh to‘lash, shuningdek muhojirlarni qirollikka noqonuniy olib o‘tishni tashkil qiluvchi jinoiy guruhlar to‘g‘risida ma’lumot to‘plash jarayonini kuchaytirish maqsadida yangi texnika va texnologiya joriy etishga yo‘naltiriladi.

Avvalroq rasmiylar 2025 yil boshidan buyon La-Mansh orqali Buyuk Britaniyaga 25 000 dan ortiq noqonuniy muhojir o‘tganini ma’lum qilgandi. Ushbu raqam iyul oyi oxiridagi rekord ko‘rsatkich.

Noqonuniy migrantlar, odatda, Buyuk Britaniyaga borish va qochqin nomini olish uchun har xil imkoniyatlarni qidiradi. Bu maqom muhojirga muayyan moliyaviy imtiyoz beradi, ijtimoiy dasturlardan foydalanish uchun imkoniyat ochadi.

2024 yil Buyuk Britaniyaga La-Mansh orqali qayiqda avvalgi yilga nisbatan sezilarli darajada ko‘p - 36 800 nafarga yaqin noqonuniy muhojir kirgan. Rekord ko‘rsatkich 2022 yil qayd etilgan: o‘shanda qirollik 45 700 dan ziyod muhojirni qabul qilgan.

Hukumat boshpana izlovchilarni mehmonxonalarga joylashtirish uchun kuniga bir necha million funt sterling sarflaydi.

S.Rahimov, O‘zA

Powered by GSpeech