Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan bola huquqlari himoyasiga qaratilgan yangi hujjatlar ishlab chiqildi.
Bolalar huquqlarini himoya qilish va ularga qulay shart-sharoit yaratishga oid milliy harakatlar dasturi, “Bola huquqlari kafolatlarining yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun hamda Vazirlar Mahkamasining “O'zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qarori loyihalari shular jumlasidandir.
Ushbu ishlarning barchasi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 aprelda qabul qilingan “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Prezident qarorida Markaz zimmasiga bu borada boshqa vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda bajariladigan bir qator vazifalar ham yuklangan.
Xususan, yaqinda O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi bilan birgalikda “Etim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni ijtimoiy himoyalash to'g'risida”gi qonun loyihasi tayyorlandi. Hozirgi vaqtda mazkur qonun loyihasi regulation.gov.uz saytida jamoatchilik muhokamasidan o'tkazilmoqda.
Bundan tashqari, “O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo'yicha vakili (ombudsman) to'g'risida”gi qonunga – Ombudsman tarkibida Bola huquqlari bo'yicha vakil lavozimi joriy etilgani munosabati bilan uning faoliyatini yanada takomillashtirishga yo'naltirilgan;
“Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida”gi qonunga – bolaga nisbatan ishlatiladigan tazyiq va zo'ravonliklar turlari hamda uning oldini olishga oid choralarni, shuningdek, sudgacha va sud jarayonida jinoyat protsessi ishtirokchisi bo'lgan bolalarni himoya qilishga qaratilgan qo'shimcha kafolatlarni nazarda tutadigan;
“Huquqbuzarliklar profilaktikasi to'g'risida”gi qonunga – o'n sakkiz yoshga to'lmagan shaxslarni huquqbuzarlik sodir etganligi uchun profilaktik hisobga olish o'rniga, ularning jamiyatga moslashuvini ta'minlovchi mexanizmlarni ko'zda tutuvchi o'zgartish va qo'shimchalar kiritishga doir tegishli qonun loyihalari ishlab chiqildi.
Jinoyat kodeksining odam savdosi uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi 135-moddasini Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasiga doir
Fakul`tativ protokolga (2000 yil 25 may, N`yu-York) muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi tayyorlandi.
Milliy qonunchilikni o'n sakkiz yoshga to'lmagan shaxsni yollanma sifatida jalb etish, o'qitish, moliyalashtirish yoki unga boshqa moddiy ta'minot berish, xuddi shuningdek undan harbiy to'qnashuv yoki harbiy harakatlarda foydalanish jinoyati uchun javobgarlikni og'irlashtiruvchi normalar bilan to'ldirish yuzasidan tegishli takliflarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga belgilangan tartibda kiritish bo'yicha ish olib borilmoqda.
Ayni vaqtda mazkur hujjatlar loyihalarini muhokama qilish va tasdiqlash jarayonlari izchil davom etmoqda.
- Qo'shildi: 21.07.2019
- Ko'rishlar: 7797
- Chop etish