Bugun O‘zbekiston xalqaro maydonda o‘zining mustahkam pozitsiyasiga ega mamlakat sifatida milliy va mintaqaviy manfaatlarni faol ilgari surmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMTning 80-yubiley sessiyasidagi chiqishi va ilgari surgan tashabbuslari hamda AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan yuzma-yuz uchrashuvi, Amerika bilan ko‘plab manfaatli kelishuvlarga erishilgani buning yaqqol namunasidir.
Prezidentimizning nutqi va amaliy uchrashuvlarida, avvalo, inson kapitalini rivojlantirish, milliy iqtisodiyotimiz ravnaqi masalalariga e’tibor qaratilgani ahamiyatlidir. Ayniqsa, kamsonli davlat rahbarlari qatorida O‘zbekiston rahbarining Donald Tramp bilan o‘tkazgan uchrashuvi AQSH va O‘zbekiston aloqalarida yangi bosqichni anglatadi.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi raisi Nodir Jumayev o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
— Vashington rasmiylari O‘zbekiston Markaziy Osiyoda barqaror va islohotlar namunasi ekanini ko‘ra boshladi. Bu nafaqat ikki davlat aloqalari, balki ikkala mintaqa o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqadi.
Donald Tramp o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozib qoldirgan postida “Mirziyoyev bir so‘zli inson, biz boshqa ko‘plab masalalar ustida hali birgalikda ko‘p ishlaymiz” deb yozib qoldirgani biz uchun g‘urur va iftixor bag‘ishladi.
Bu O‘zbekiston dunyoning qaysi mamlakati bilan hamkorlik qilmasin, albatta, shartnomalarga to‘liq amal qilgani, davlatimiz rahbarining odilona, tahliliy va ikki tomonlama manfaatlarni hisobga olgan holda O‘zbekistonning barqarorligiga xizmat qiladigan hamkorliklarni amalga oshirayotganidan dalolat beradi.
Boeing bilan 8 milliard dollarlik kelishuvga erishilgani Amerika uchun 35 mingdan ortiq ish o‘rnini yaratsa, O‘zbekiston uchun aeroport parkining kengayishi, xalqaro reyslar ko‘payishi, turizm oqimining oshishi, investorlar soni ko‘payishiga olib keladi. Demak, O‘zbekistonning jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, mamlakatimiz iqtisodiyotiga milliardlab kapitallar kirib kelishiga sabab bo‘ladi.
Intervyuning to‘liq shakli bilan quyidagi videohavola orqali tanishishingiz mumkin.
Muhtarama Komilova, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA
- Qo'shildi: 29.09.2025
- Ko'rishlar: 323
- Chop etish