Fuqarolarning mehnat huquqlarini muhofaza qilish kuchaytiriladi

Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mazkur qonun mehnat migratsiyasi sohasidagi xizmat ko‘rsatish jarayonlarining shaffofligini ta’minlash, xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tartibga solish, ularning mas’uliyatini kuchaytirish, shuningdek, ish beruvchilar va xodimlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratishga qaratilgan.

Qonun bilan xususiy bandlik agentliklarining huquqlari va majburiyatlarini kengaytirish, ish vaqtidan tashqari ishlashning davomiyligini belgilash hamda ish vaqtidan tashqari ish uchun haq to‘lash tizimini takomillashtirish nazarda tutilmoqda.

Qayd etilganidek, mazkur normalar mehnat migratsiyasi sohasida qonuniylikni ta’minlashga, migrantlarning huquqlarini kafolatlashga, noqonuniy faoliyatga chek qo‘yishga hamda sohaga xususiy sektorni jalb etishga qulay imkoniyat yaratadi.

Senatorlar ta’kidlaganidek, ushbu qonun xorijdagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlarini himoya qilishga, migratsiya xizmatlarini raqamlashtirish va sog‘lom raqobat muhitini yaratish orqali xususiy sektor ishtirokini rag‘batlantirishga, fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlarini ta’minlashga, tashkilotlarda ish unumdorligini oshirishga va xodimlarning daromadlarini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Senatorlar, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Migratsiya agentligi vakillari, mahalliy kengashlarning doimiy komissiyalari a’zolari, qo‘mita huzuridagi ekspert guruhi a’zolari, Yoshlar parlamenti vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan majlis yakunida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech