Global iqtisodiy jarayonlar integratsiyasi mamlakat qudrati va barqarorligini ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda
Aks sado
Mamlakatimizda “Uchinchi Renessans” nafaqat ma’naviy, ilmiy va ta’lim sohalarida, balki iqtisodiyotda ham o‘zini to‘la namoyon etyapti, deyishga asoslarimiz yetarli. Pokistonlik mahoratli yozuvchi Muhammad Abbos Xon “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” nomli kitobida ham bu jarayonning milliy va global ahamiyati haqida o‘z qarashlarini bayon qilgani ham shundan dalolat. Unda “Uchinchi Renessans” faqat modernizatsiya emas, balki mamlakatning iqtisodiy, siyosiy hamda ma’naviy barqarorlikka intilishi sifatida ochib beriladi.
Oddiy kitobxon sifatida shuni aytishim mumkinki, asarda keltirilgan fikrlar haqiqatan ham O‘zbekistonning bugungi iqtisodiy rivojlanishini to‘liq aks ettira olgan. Mamlakatda qishloq xo‘jaligi hamda sanoatni modernizatsiyalash, xususiy sektorni rivojlantirish ustuvor vazifalardan biriga aylandi. Bu jarayon ichki iqtisodiy salohiyatni yuksaltirish bilan birga, O‘zbekistonni global iqtisodiy jarayonlarga integratsiya qilishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
Yozuvchining ta’kidlashicha, “Uchinchi Renessans” tarixiy meros va zamonaviy texnologiyalarni uyg‘unlashtirish natijasida paydo bo‘lib, mamlakat iqtisodiyotida bilimga asoslangan yangi modelni shakllantiradi. Zamonaviy O‘zbekiston iqtisodiyoti Markaziy Osiyodagi eng yiriklaridan biri bo‘lib, ilmiy-tadqiqot faoliyati hamda innovatsiyalar samarasida barqaror rivojlanishda davom etmoqda. Qolaversa, mamlakatimizda kichik va o‘rta biznes, shuningdek, kreativ iqtisodiyotning rivojlanishi O‘zbekistonning iqtisodiy hamda ijtimoiy barqarorligining asosiy drayverlari hisoblanadi.
Bu fikrlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Negaki, tadbirkorlar yangi ish o‘rinlari yaratish, xorijiy sarmoyalarni jalb qilish, mahsulot va xizmatlar raqobatbardoshligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.
O‘z navbatida, Muhammad Abbos Xon o‘z kitobida “Uchinchi Renessans”ni siyosiy va iqtisodiy islohotlar bilan bog‘lash, ularning global integratsiyadagi ahamiyati batafsil ochib berilgan. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, 2016 yildan boshlab O‘zbekistonni dunyoga ochish va boshqarishda yangi siyosiy-iqtisodiy yondashuvlar amalga oshirila boshladi. Ushbu islohotlar eski rejalashtirish tizimidan bozor mexanizmlariga o‘tish, investitsiya muhitini rivojlantirish hamda eksportni rag‘batlantirishga qaratildiki, natijalar biz kutgandan ko‘ra yaxshiroq.
Raqamlarga e’tibor bering, mahallalarda aholi bandligini ta’minlash borasida hayotga tatbiq etilayotgan loyihalar natijasida joriy yilda mamlakatimizda kambag‘allik darajasi 8,9 foizdan 6 foizga tushishi kutilmoqda. Kelgusi yilda bu ko‘rsatkichni 4,5 foizgacha qisqartirish maqsad qilingan.
Barcha islohotlar samarasi ilm bilan
Qaysi soha bo‘lmasin unga ilmiy yondashuv bo‘lmasa, muvaffaqiyatga erishish mushkul. Bu isbot talab qilinmaydigan haqiqat. Mamlakatimizda ilm-fan va ta’lim rivoji iqtisodiy samaradorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Muallif asarda ana shu g‘oyalarni singdirishga harakat qiladi va buning uddasidan mohirona chiqqa olgan, deyish mumkin. Asarni chuqur tahlil qiladigan bo‘lsak, unda zamonaviy iqtisodiyot bilimga asoslangan va ilmiy-texnikaviy yutuqlar rivojlanishi bilan uyg‘unlashganda barqaror natija berishi aks etadi.
Bilasizmi, “Uchinchi Renessans” iqtisodiy o‘sish bilan bir qatorda, ma’naviy kamolotni, innovatsiya hamda global muloqotga tayyor avlodni tarbiyalash masalalarini ham nazarda tutadi. Muhammad Abbos Xonning asarida bu jarayonlar milliy hamda umumbashariy nuqtai nazardan chuqur tahlil qilinib, O‘zbekistondagi rivojlanish modelini juda ta’sirchan tilda ochib beradi. Shu jihatdan qaraganda, “Uchinchi Renessans” xalqning irodasi, tarixiy merosga tayangan kelajakni ilm, ma’rifat, adolat va barqaror iqtisodiy taraqqiyot asosida qurishga intilgan Yangi O‘zbekistonning haqiqiy yo‘lidir.
O‘zbekiston bugungi kunda tarixiy “Uchinchi Renessans” bosqichini boshdan kechirmoqda. Pokistonlik yozuvchi Muhammad Abbos Xonning “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” kitobida ham urg‘u berilganidek, bu jarayon nafaqat ma’naviy va ta’lim sohasida, balki iqtisodiy rivojlanishda ham yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Muallif qarashi bilan aytadigan bo‘lsak, mamlakatimizning bugungi iqtisodiy strategiyasi faqat bir qator chora-tadbirlardan iborat emas, aksincha, barqaror rivojlanish, innovatsiya va texnologiyalar orqali global iqtisodiy jarayonlarda faol ishtirokini ta’minlashdan iborat. Yangi ish o‘rinlari yaratish, daromad manbalarini ko‘paytirish, kambag‘allikni qisqartirish, shahar va qishloqlarni infratuzilmasini yaxshilash — mamlakatning asosiy ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi.
Bozor va investitsiya muhiti shunday jarayonki, bu doimiy harakatni va izlanishni talab qiladi. Keyingi yillarda O‘zbekiston o‘z iqtisodiy imkoniyatlarini maksimal tarzda ishga solib, zamonaviy bozor mexanizmlari asosida o‘sishga erishmoqda. Iqtisodiyot bosqichma-bosqich eski rejalashtirish tizimidan bozor iqtisodiyotiga o‘tdi, bu esa biznes, investitsiya va tashqi savdoda sezilarli o‘sishni ta’minladi. Kichik hamda o‘rta biznes rivojlanishi, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish mamlakat iqtisodiyotining barqarorligini mustahkamlaydi. Ayni shu fikrlar asarda ham alohida tilga olingani diqqatni tortadi.
Yozuvchining kitobga sizdirilgan fikrlari haqiqatan ham strategik ahamiyatga ega. Buning asosiy sababi — kreativ va bilimga asoslangan iqtisodiyot rivojlanishning lokomotivi sifatida faoliyat yuritmoqda. Keng ko‘lamli ilmiy-texnikaviy hamkorlik, innovatsion texnologiyalar va yuqori sifatli kadrlar tayyorlash — barcha bu jarayonlarning samarali natijasini ta’minlaydi.
Barqaror o‘sish tendensiyasi. Xo‘sh, bu tamoyil nimalarda namoyon bo‘lmoqda? Keling, shu haqda qisqacha to‘xtalib o‘tsak.
Hozirgi kunda O‘zbekiston iqtisodiyoti yildan-yilga barqaror o‘sishni ko‘rsatmoqda va o‘zgaruvchan global shartlarga tez moslasha oladi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yili mamlakatdagi o‘sish sur’ati 6,5 foizni tashkil etib, bu so‘nggi besh yildagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Bu dinamika nafaqat raqamlarda, balki O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini hamda iqtisodiy o‘sishga tayyorligini ham namoyon etadi.
Kitobda qayd etilganidek, bu o‘sish iqtisodiy ko‘rsatkichlar bilan kifoyalanmaydi. Zamonaviy dunyo global muammolar — iqlim o‘zgarishi, ekotizimlarning yomonlashuvi, tabiiy resurslar kamayishi va bioxilma-xillikning pasayishi kabi tahdidlarga duch kelmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning barqaror rivojlanish strategiyasi nafaqat milliy, balki umumbashariy ahamiyatga ega.
Asarda O‘zbekistonning iqtisodiy yo‘nalishlardagi rivojlanish yo‘li konseptual va analitik nuqtai nazardan tahlil qilish bilan birga, mamlakatning iqtisodiy, ma’naviy va global salohiyatini birlamchi manba sifatida ko‘rsatib beradi.
“Yashil transformatsiya” va raqamli iqtisodiyot
Sir emas, hozirgi zamonda dunyoning barcha mamlakati global tahdid va iqtisodiy sinovlarga duch kelmoqda. Iqlim o‘zgarishi, ekotizimlar buzilishi, tabiiy resurslarning kamayishi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi kabi muammolar mintaqaviy hamda global hamkorlik orqali hal etilishi zarur.
Pokistonlik yozuvchi Muhammad Abbos Xon asarida qayd etilgan teran fikrlardan kelib chiqib, aytish mumkinki, yuqoridagi masalalar yechimiga doir chora-tadbirlar mamlakatning bugungi va kelgusidagi taraqqiyot strategiyasida alohida e’tiborga olinishi kerak.
Yana bir muhim tomoni, mamlakatda qishloq xo‘jaligi va sanoatni modernizatsiya qilish, xususiy sektorni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda eksport salohiyatini oshirish — “Uchinchi Renessans”ning muhim komponentlari hisoblanadi. Bu esa pirovardida O‘zbekistondagi islohotlarni iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy barqarorlik hamda fuqarolar turmush darajasini yanada yaxshilashga qaratilgan muhim mezonlar asosida yuzaga keltirayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Muallifning e’tibor qaratayotgan ikkinchi muhim jihati shundaki, bu — “yashil transformatsiya” tamoyilini hayotga tatbiq etish bilan bevosita bog‘liq.
Hozirgi kunda O‘zbekiston atrof-muhitni muhofaza qilish, barqaror rivojlanish va ekologik jihatdan toza iqtisodiyot yaratish yo‘lida qat’iy qadamlar qo‘ymoqda. Asarda ta’kidlaganidek, bu siyosat nafaqat global tahdidlarga javob, balki mamlakat aholisi hayot sifatini yaxshilash va yangi ish o‘rinlari yaratishga yo‘l ochadi. Shu bois, 2025 yil mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi, bu yo‘nalishning strategik ahamiyatini ko‘rsatadi.
Darvoqe, raqamli transformatsiya va innovatsiyalar har qanday davlat taraqqiyotiga zamin yaratadi. Shu bois ushbu yo‘nalishlar ahamiyati kitobda ham alohida o‘rin egallagan. Bu boradagi ishlar mamlakatimizda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida mamlakatni mintaqaviy IT xabga aylantirish, IT parklarini barpo etish, raqamli texnologiyalar va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ta’lim, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning barcha sohalarida yanada keng joriy etish orqali ulkan yutuqlarga erishilmoqda.
Aytish mumkinki, “Uchinchi Renessans” nafaqat iqtisodiy rivojlanishni, balki zamonaviy axborot texnologiyalari, yashil iqtisodiyot va barqaror rivojlanish orqali yangi sivilizatsion bosqichga chiqishni ham nazarda tutadi. Bu jarayonlar milliy taraqqiyot strategiyasiga muvofiqlashtirilgan bo‘lib, xalqaro hamjamiyat bilan hamohang ravishda amalga oshirilayotgani e’tibor molik, albatta. Masalan, O‘zbekistonning BMT doirasidagi iqlim va atrof-muhitni muhofaza qilishga oid tashabbuslari, Bosh Assambleyada qabul qilingan 6 ta rezolyutsiya bilan tasdiqlangani buning yaqqol ifodasidir.
Shu jihatdan qaraganda, Muhammad Abbos Xonning kitobi nafaqat publitsistik yoki siyosiy tahlil hisoblanadi, balki O‘zbekistonning iqtisodiy, ijtimoiy va texnologik islohotlarini keng auditoriyaga aniq va tushunarli ravishda taqdim etuvchi muhim manba hisoblanadi. Uning fikricha, barqaror rivojlanish va innovatsion taraqqiyot, yoshlar salohiyati va ma’rifat bilan uyg‘unlashganda, “Uchinchi Renessans” g‘oyasi faqat tushuncha emas, balki amaliy hayotda yuz berib, mamlakatning kelajak qurilishini belgilab beruvchi strategik yo‘nalishga aylanadi.
Umuman, asar mamlakatimizning iqtisodiy hamda texnologik rivojlanish yo‘lidagi faoliyatini chuqur tahlil qiladi va uning asosiy g‘oyalari mamlakat siyosiy hamda ijtimoiy islohotlari bilan chambarchas bog‘langanligini ko‘rsatib beradi. Bu esa har bir kitobxon uchun Yangi O‘zbekistonning kelajak yo‘lini yanada teranroq tushunishida muhim qo‘llanma vazifasini bajaradi.
Yangilanishlarning asosiy falsafasi
O‘zbekiston yetakchisi, Prezident Shavkat Mirziyoyev fenomeni — bu nafaqat zukko siyosatchi va davlat arbobi sifatida, balki xalqning ma’naviy-axloqiy rivojlanishiga ham chuqur qayg‘uradigan rahbar sifatida yuz berayotgan voqelik. Kitobda urg‘u berilganidek, “jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, joni va ruhi ma’naviyatdir”. Bu fikr nafaqat badiiy ibora, balki amalda ham O‘zbekistondagi islohotlarning asosiy falsafasini ifodalaydi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, O‘zbekistonda “Uchinchi Renessans” faqat iqtisodiy rivojlanish yoki zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish bilan birga, jarayon markazida ma’naviyat, milliy qadriyatlar va inson salohiyati turibdi. Muallif kitobida ta’kidlaydiki, millatlarning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyoti ko‘pincha ma’naviy birdamlik, xalqning orzu-umidlari va g‘ururi bilan bog‘liq. Shu ma’noda, Prezidentimizning bugungi siyosati ham nafaqat iqtisodiyotni rivojlantirishga, balki aholining ma’naviy kamoloti hamda madaniy rivojiga qaratilganligi bilan dunyohamjamiyati e’tiborini qaratmoqda.
Hozirgi kunda “Yangi O‘zbekiston” va “Uchinchi Renessans” tushunchalari mamlakat hayotida uyg‘un va hamnafas. Iqtisodiy islohotlar — xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, innovatsiya va kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish xalqning moddiy farovonligini ta’minlasa, ma’naviy va madaniy chora-tadbirlar esa insonning ichki dunyosi, axloq va ma’rifatini yuksaltirmoqda. Bu xalqimizning eng katta yutug‘i, desak, ayni haqiqat. Prezidentimizning ta’lim, yoshlar siyosati, iqtisodiyot va innovatsiyalarga qaratilgan tashabbuslari ham ana shu renessans g‘oyasining amaliy ifodasi hisoblanadi.
Shu tariqa, O‘zbekistondagi “Uchinchi Renessans” nafaqat iqtisodiy rivojlanishni, balki ma’naviy va madaniy yuksalishni ham o‘z ichiga olgan kompleks jarayon sifatida namoyon bo‘lmoqda. Muhammad Abbos Xonning fikrlariga tayangan holda aytish mumkinki, davlatimiz rahbarining bugungi siyosati xalqning irodasi va tarixiy merosga tayangan holda kelajakni ilm, ma’rifat va adolat orqali qurishni ko‘zda tutadi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistondagi “Uchinchi Renessans”, bu —modernizatsiya yoki islohotlar to‘plami bo‘lishi bilan birga, muhtasham bir davlatning ma’naviy va iqtisodiy kamolotini ta’minlaydigan umumiy konseptdir. Zero, ma’naviyat va iqtisodiyot uyg‘unligi — yangi O‘zbekistonning kelajak poydevoridir.
Zahro Mirhamidova,
Barqaror rivojlanish markazi Xalqaro aloqalar va loyihalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i
O‘zA
Ўзбекча
English
Русский