So‘nggi yillarda sog‘lom turmush tarzini tanlaganlar, ekologik muammolar yoki hayvonlarga nisbatan axloqiy munosabat sababli ko‘plab insonlar o‘z ovqatlanish ratsionidan go‘shtni chiqarib tashlamoqda. Ular orasida vegetarianlar, veganlar kabi turli toifalar bor.
Ko‘pchilikka ma’lumki, vegetarian toifa insonlar ovqatlanish ratsionidan go‘sht mahsulotlarini chiqarib tashlagan. Vegan toifa kishilar esa, nafaqat go‘sht mahsulotlari balki hayvon va parrandalarga taalluqli misol uchun, tuxum, sut mahsulotlarini ham iste’moldan chiqarib tashlaydi. Ammo bu insonlarning barchasi rasmiy ravishda “vegetarian” deb atalmasa-da, tanlovlari jamiyatda tobora keng quloch yozayotgan bir fikrni ilgari surmoqda.

Ya’ni, go‘shtsizlik – bu yangi normal holat. Ammo go‘shtni iste’moldan chiqarib tashlash sog‘liqqa qanday ta’sir qiladi va go‘sht tarkibidagi oqsillarni o‘rnini boshqa oziq moddalar bilan to‘ldirish mumkinmi?
Go‘sht – organizm uchun muhim bo‘lgan to‘liq oqsillarni o‘z ichiga olgan oziq manbai hisoblanadi. Shuningdek, unda oqsil, B12, uglevodlar, yog‘ va yog‘simon moddalar, vitamin, temir kabi muhim moddalar mavjud. Ushbu moddalar miyaning faoliyati, asab tizimi, qon aylanishi va mushak massasini saqlab turish uchun muhim.
Diyetologlarning fikricha, go‘shtni ratsiondan butunlay chiqarib tashlagan shaxslar qat’iy nazorat va muvozanatli reja asosida ovqatlanishi lozim. Aks holda organizmda mikroelementlar tanqisligi yuzaga kelib, immunitet zaiflashishi, hushsizlik, kamqonlik, aqliy charchoq kabi holatlar sodir bo‘lishi mumkin.
Hozirda sun’iy intellekt tomonidan yaratilayotgan tasvirlar, videolar va sahnalar insonlarga yanada kuchli ta’sir o‘tkazmoqda. Xususan, AI orqali “Go‘sht o‘rniga inson a’zolari”, “Hayvonlar o‘rnida inson go‘shti iste’moli” singari tasvirlar yaratilib, ularni ko‘rgan insonlarda kuchli hissiy reaksiyalar uyg‘onmoqda. Bu esa ularda go‘sht iste’moliga nisbatan nafrat hissi uyg‘otishi yoki hech bo‘lmaganda tanqidiy fikrlashni boshlab berishi mumkin.
Bu jarayon ba’zilar tomonidan “vegetarian targ‘iboti” sifatida qabul qilinsa, boshqalar buni inson psixologiyasiga bosim o‘tkazish, deb baholamoqda. Shubhasiz, bunday kontentlar kuchli emotsional ta’sir orqali ongga kirib boradi. Hozirgi zamon insonining ko‘rish, eshitish va tasavvur qilish qobiliyatiga asoslangan media vositalar, ayniqsa sun’iy intellekt yaratayotgan tasvirlar, ovqat tanlashdagi qadriyatlarni o‘zgartirmoqda.
Go‘sht yeyish yoki yemay qo‘yish, avvalo, insonning shaxsiy tanlovi. Jonli mavjudodlarning inson ehtiyoji uchun qurbon bo‘lishi, avvalo ozuqa zanjiriga bog‘liq va bu tabiiy jarayon. Qolaversa, bu savollarga shaxsiy qadriyatlar, madaniyat, diniy e’tiqod va sog‘liq holatiga ko‘ra javob berish mumkin.
Zamonaviy jamiyatda vegetarianlik ba’zilar uchun moda, boshqalar uchun esa axloqiy qarash, sog‘liqni saqlash yoki ekologik mas’uliyat bilan bog‘liq tanlovdir. Ammo bu tanlov hech kimga majburlab singdirilmasligi kerak. Ayniqsa, AI yaratayotgan kontentlar orqali ongga kuchli bosim qilish xavfi bor.
Shuning uchun har bir inson o‘z tanasini, sog‘lig‘ini va ichki e’tiqodini inobatga olgan holda, ongli tanlov qilishi lozim. Go‘sht yeysizmi yoki yo‘q – bu insonning shaxsiy tanlovi. Eng muhimi, u tanlov bilimga asoslangan va ongli bo‘lishi kerak.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA
- Qo'shildi: 06.08.2025
- Ko'rishlar: 141
- Chop etish