Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, agar maktabda 15 nafardan kam o‘quvchi qolsa, maktab faoliyati to‘xtatiladi - boshlang‘ich ta’limda bir nafar o‘qituvchi aynan shu miqdorga mo‘ljallangan.
Gretsiyada o‘quvchilar sonining keskin kamayishi sababli 13478 ta ta’lim muassasasidan 721 ta maktab yopiladi, deb xabar berdi Ekathimertini mamlakat ta’lim vazirligi ma’lumotlariga tayanib.
Maktablarning ommaviy yopilishiga demografik inqiroz sabab bo‘lgan. 2025-2026 o‘quv yilida boshlang‘ich va o‘rta maktablar hamda professional ta’lim muassasalaridagi o‘quvchilar soni qariyb 1,21 million kishini tashkil etdi. Bu yetti yil oldingiga nisbatan 150 mingga kam - 2018-2019 yillarda 1,363 mln o‘quvchi ro‘yxatga olingan.
Ta’lim vazirligi rasmiylari vaziyatni «Qiyomat» deb atamoqda. Idora vakili Xristos Siamalos tushuntirganidek, demografik muammo dahshatli, u yildan yilga yomonlashib bormoqda.
Eng ko‘p boshlang‘ich ta’lim muassasalari yopiladi. 2018-2019 o‘quv yilida 247 ta boshlang‘ich maktab va 312 ta bog‘cha ishlamagan bo‘lsa, 2025-2026 yillarda bu raqamlar mos ravishda 324 va 358 taga yetadi. Faoliyati to‘xtatilgan qolgan maktablar o‘rta ta’lim muassasalari, asosan, yuqori sinf maktablaridir.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, agar maktabda 15 nafardan kam o‘quvchi qolsa, maktab faoliyati to‘xtatiladi - boshlang‘ich ta’limda bir nafar o‘qituvchi aynan shu miqdorga mo‘ljallangan. Maktab uch yil davomida faoliyat ko‘rsatmasligi mumkin, shundan so‘ng kerakli miqdordagi o‘quvchilar bo‘lmasa, u ta’lim xaritasidan butunlay chiqarib tashlanadi.
Yopilish nafaqat qishloqlar va orollarga, balki yirik shaharlarga ham ta’sir ko‘rsatdi. Birgina Afina joylashgan Attikaning o‘zida 77 ta maktab faoliyati to‘xtatiladi. Maktablarning yopilishi o‘quvchilarni yangi ta’lim muassasalariga uzoq masofalarni bosib borishga majbur qilmoqda. Qayd etilishicha, ayrim chekka hududlarda bolalar kuniga 80 km masofani bosib o‘tishiga to‘g‘ri kelmoqda.
Kun.uz
- Qo'shildi: 03.09.2025
- Ko'rishlar: 195
- Chop etish