Hamkorlik orqali barqarorlik, integratsiya orqali taraqqiyot – ekspert tahlili

Dushanbe shahrida MDH davlatlari rahbarlari sammiti, shuningdek, “Markaziy Osiyo – Rossiya” formatdagi ikkinchi uchrashuv tashkil etilishi mintaqa uchun yangi imkoniyatlar taqdim qiladi. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, uchrashuvning asosiy e’tibor markazida transport infratuzilmasini rivojlantirish, energetik hamkorlik, mehnat migratsiyasi siyosati va ta’lim sohasidagi o‘zaro hamkorlik masalalari bo‘ldi.

oshkent davlat Sharqshunoslik universiteti Tashqi siyosat va xalqaro iqtisodiy munosabatlar instituti Barqaror iqtisodiy rivojlanish markazi rahbari Sulxiya Gaziyeva bilan suhbatlashib, uchrashuv natijalari, sammit istiqboli va asosiy uch yo‘nalishdagi masalalar yuzasidan fikrlari bilan qiziqdik.

– Ushbu uch yo‘nalishning barchasi O‘zbekiston uchun uzluksiz mintaqaviy integratsiya, xavfsizlik va iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirish yo‘lida strategik ahamiyat kasb etadi, – dedi Sulxiya Gaziyeva.

– SHHTning 25-sammitida e’lon qilingan “MDH+” formati g‘oyasi, bu mavjud MDH tuzilmasini yanada kengaytirib, uchinchi davlatlarni ham faol jalb etish tashabbusidir. Mazkur yangi model orqali iqtisodiy integratsiya va sarmoya oqimlari kuchayishi, Markaziy Osiyo mamlakatlari Rossiya bilan bir qatorda ko‘p tomonlama iqtisodiy maydon yaratishi, mintaqaviy hamkorlik, SHHT, BRIKS+ formatlari bilan uyg‘unlashishi ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston uchun bu ko‘rinishdagi tashqi siyosatni davom ettirish – Sharq va G‘arb o‘rtasida ko‘prik bo‘lish imkonini kengaytiradi.

Dushanbe sammitida asosiy diqqat iqtisodiyotga qaratiladi. “Yevropa – Xitoy” o‘rtasidagi “O‘rta yo‘lak” loyihasi orqali O‘zbekiston tranzit markaz sifatidagi rolini mustahkamlashi mumkin.

Qayd etish kerak, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi gaz, elektr energiyasi va atom energetikasi sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Bu Rossiyadagi o‘zbekistonlik migrantlar uchun mehnat va ijtimoiy himoya sharoitlarini yaxshilash hamda Rossiya OTM filiallari orqali kadrlar tayyorlash tizimini kuchaytirish imkonini beradi. Natijada barchasi O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror, innovatsion va eksportga yo‘naltirilgan modelini shakllantirishga xizmat qiladi.

Tyanszindagi SHHT sammiti yakunida Dushanbeda SHHT Antinarkotik markazi tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolanishi rejalashtirilgani, bu mintaqaviy xavfsizlik tizimini mustahkamlash yo‘lida muhim qadamdir. Markaziy Osiyo hududi Afg‘oniston bilan chegaradosh bo‘lgani sababli, giyohvandlik oqimlari va noqonuniy savdo xavfi yuqori.

Shu jihatdan Dushanbeda joylashadigan bu markaz SHHT a’zolari o‘rtasida axborot almashinuvi va tezkor hamkorlikni ta’minlaydi. Transmilliy jinoyatchilik va narkotrafikka qarshi kurashda yagona mexanizmni yaratadi. O‘zbekiston uchun esa Toshkentdagi RATS (Antiterror markazi) bilan uzviy ishlovchi qo‘shni xavfsizlik markazi sifatida amaliy ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston hozirda mintaqada balansni saqlovchi, har tomonlama hamkorlikni rivojlantiruvchi davlat sifatida harakat qilmoqda. Sammitda ilgari suriladigan tashabbuslar – “MDH+”, “Markaziy Osiyo – Rossiya” va SHHTning yangi xavfsizlik markazi O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyiliga mos. Bu jarayonlarda O‘zbekiston yangi investitsion yo‘nalishlarni ochish, mintaqaviy xavfsizlikda ishonchli sherik sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlash hamda o‘zining “Markaziy Osiyo markazida joylashgan, lekin global siyosatda faol” modelini amalda isbotlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Umuman olganda, Dushanbe sammiti uchrashuvlari, bu oddiy diplomatik marosim emas, balki O‘zbekiston uchun yangi iqtisodiy tarmoqlarni ochish, xavfsizlik va barqarorlik hamda mintaqada yetakchilik rolini mustahkamlash imkonini beruvchi geosiyosiy burilish nuqtasidir.

Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi, O‘zA

Powered by GSpeech