Parlament quyi palatasining majlisida deputatlar sport vaziri A.Ikromovga “Aholining keng qatlamlari, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar orasida jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha ommaviy tadbirlarni tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi parlament so‘rovini yuborish haqidagi masalani ko‘rib chiqdilar.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan ularning sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, xalqaro sport musobaqalarida munosib ishtirok etishlarini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, sohada o‘z yechimini kutayotgan ayrim muammolar saqlanib qolmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2024 yil 8 noyabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga jalb etish orqali jismoniy reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan ayrim masalalar ijrosi to‘liq ta’minlanmagan. Xususan, respublikamizdagi sport maktablarining salmoqli qismi, ayniqsa, muayyan sport turiga ixtisoslashgan sport maktablari moslashtiruvchi sport turlari bo‘yicha sport jihozlari bilan to‘liq jihozlanmagan.

Shuningdek, moslashtiruvchi jismoniy tarbiya va sport sohasida mutaxassislarni tayyorlash institutida karlar va ko‘zi ojizlar sporti, maxsus olimpiya sport turlari hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar shug‘ullanadigan boshqa sport turlari yo‘nalishlarida malaka oshirish kurslari yetarli darajada tashkil etilmagan.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning funksionalligini baholash natijalariga muvofiq, jismoniy reabilitatsiya xizmatlarini ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi lozim. Mazkur toifadagi shaxslarga sport bilan shug‘ullanishlari uchun qulay sharoitlar yaratish va mavjud infratuzilmani moslashtirish masalalari ham bugungi kun tartibidagi dolzarb masala hisoblanadi.
Majlisda yuqoridagilardan kelib chiqib, aholining keng qatlamlari, shu jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar orasida jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha ommaviy tadbirlarni tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirishlar berish haqida sport vaziriga parlament so‘rovi yuborildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA
- Qo'shildi: 19.08.2025
- Ko'rishlar: 165
- Chop etish