Inson huquqlarini ta’minlashda ochiqlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarur

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan “Inson huquqlarini ta’minlashda davlat boshqaruvi organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan aloqalarini mustahkamlash” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda inson huquqlarini ta’minlash yo‘lida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘zaro muloqot va hamjihatlikni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

O‘zbekistonning inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilish sohasidagi izchil harakatlari alohida qayd etildi. Xususan, mamlakatimiz inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjat, jumladan, BMTning 6 ta asosiy shartnomasi va 4 ta fakultativ protokoliga qo‘shilgan. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi amalga oshirilmoqda. 

2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi inson qadrini yuksaltirish tamoyili asosida qabul qilingan va amaliyotga tatbiq etilmoqda. 2023 yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquqlariga oid normalar soni 3,5 barobarga oshirildi.

Inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlari joriy etildi. Xususan, qonunlardagi noaniqliklarning inson foydasiga hal qilinishi, “sukut saqlash huquqi”ning belgilanishi, advokatlar maqomi tergovchi va prokuror maqomiga tenglashtirilishi kabi muhim konstitutsiyaviy qoidalar joriy etildi. 

Davra suhbati yakunida inson huquqlarini har tomonlama himoya qilishda davlat boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

N.Abduraimova,

O‘zA

Powered by GSpeech