Ispaniyada farzandlarini to‘rt yil uydan chiqarmagan ota-ona hibsga olindi

Er-xotin koronavirusdan qo‘rqqani sabab farzandlarini uyda saqlab kelgan. Ular hech qayerga chiqmagan, maktabga ham bormagan, uy derazalari esa qattiq mahkamlab tashlangan.

Ispaniyaning Ovedo shahrida politsiya to‘rt yil davomida o‘z farzandlarini uydan chiqarmagan 53 yoshli germaniyalik faylasuf va uning rafiqasini hibsga oldi, deb xabar beradi La Nueva Espana nashri.

Qayd etilishicha, ota-ona buni o‘z oilasini turli kasalliklardan, birinchi navbatdan koronavirusdan himoya qilish maqsadida amalga oshirgan.

 

Er-xotinning uch nafar farzandi bor — 10 yoshli o‘g‘li va sakkiz yoshli egizaklari. Ular yashagan uyning derazalari mahkam yopilgan, tashqi dunyo bilan aloqa butunlay uzilgan. Oila hatto oziq-ovqat mahsulotlarini ham kurerlar orqali qabul qilib olgan.

Bolalar ovozini eshitib turadigan, ammo ularni hech qachon ko‘chada yurganini ko‘rmagan qo‘shni ayol politsiyaga murojaat qilgan. Huquq-tartibot organlari kuzatuv o‘rnatib, oilaning ayrim a’zolari umuman uyni tark etmasliklarini aniqlagan. 

Tekshiruv davomida bolalar qarovsiz holatda ekani ma’lum bo‘lgan. Uchalasi ham taglik va tibbiy niqoblarda bo‘lgan, tashqariga chiqqandagi xatti-harakatlari esa kuchli sezuvchanlikdan dalolat bergan — masalan, ular o‘t-o‘lanlarga hayrat bilan qarashgan. 

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ota-ona farzandlari uchun hatto hojatxonaga qachon chiqishni ham qat’iy belgilab beruvchi jadval tuzib chiqqan. Ular maktabga qatnamagan. Shuningdek, bolalarga tarkibida tibbiyot kannabisi bor dori vositalari berib kelingan.

Er-xotin koronavirus va boshqa viruslardan qattiq qo‘rqqani sabab shunday yo‘l tutganini ma’lum qilgan. Hozirda bolalar vasiylikka topshirilgan bo‘lib, shifokorlar va ijtimoiy xizmatlar ular bilan ishlamoqda. Ota-ona esa hibsga olingan.

Kun.uz

Powered by GSpeech