O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning taklifiga binoan 24 iyun kuni rafiqasi bilan birga davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatga keldi.
Davlatimiz rahbarini Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri Batmunx Batsetseg va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.
Ikki mamlakat bayroqlari bilan bezatilgan "Buyant-Uxaa" aeroportida oliy martabali mehmonlar sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.
Bu tashrif mazmun-mohiyatiga ko‘ra tarixiy voqea, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Nega deganda, ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida birinchi marta O‘zbekiston rahbari Ulan-Batorga davlat tashrifi bilan bormoqda.
Shu ma’noda aytish mumkinki, ushbu tashrif o‘tgan yilning iyun oyida Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxniнг O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida boshlangan faol siyosiy muloqotning mantiqiy davomidir.
O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston geografik jihatdan uzoq joylashgan va umumiy chegaralarga ega bo‘lmasada o‘zaro aloqalar diplomatiya, iqtisodiyot, transport, madaniyat va gumanitar sohalarda jadal rivojlanmoqda. Xususan, Toshkentda Mo‘g‘uliston elchixonasining ochilishi, hukumatlararo va parlamentlararo muloqotning faollashgani, 14 ta ikki tomonlama bitimning imzolanishi o‘zaro ishonch va sheriklikni chuqurlashtirish istagi kuchayganidan dalolat beradi.
Shavkat Mirziyoyevning Ulan-Batorga davlat tashrifi O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston munosabatlarida yangi bosqichni boshlab beradi. Bunda pragmatizm, o‘zaro manfaatdorlik, barqaror rivojlanish va zamonaviy muammolarga hamjihatlik bilan yondashish asosiy yo‘naltiruvchi tamoyillar hisoblanadi.
Davlat tashrifi bilan Mo‘g‘ulistonda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari va rafiqasini Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux rafiqasi bilan kutib oldi.
Suxe-Botir maydonida oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.
Harbiy orkestr ijrosida ikki davlat madhiyalari yangradi.
Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.
Marosimdan so‘ng O‘zbekiston Prezidenti Mo‘g‘uliston Davlat saroyidagi Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirdi.
Mo‘g‘uliston Davlat saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsuxning tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Mo‘g‘uliston yetakchisiga samimiy qabul hamda ushbu mamlakatga javob davlat tashrifi bilan kelish taklifi uchun minnatdorlik bildirdi.
Ikki tomonlama munosabatlar tarixida birinchisi bo‘lgan ushbu tashrif ko‘p qirrali O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston aloqalarini rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berishi alohida ta’kidlandi. O‘zbekiston Prezidenti Mo‘g‘uliston tomonini yaqinlashib kelayotgan Xalq inqilobi kuni bilan ham tabrikladi.
O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Barcha darajadagi aloqalar va almashinuvlar faollashdi. Tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari jadal o‘sib bormoqda. Qo‘shma korxonalar soni ko‘paymoqda, sog‘liqni saqlash, ta’lim, elektron savdo, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida ilk kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish boshlandi.
Kuni kecha ikki mamlakat ishbilarmon doiralari va idoralari vakillari ishtirokida qo‘shma biznes forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi, Ulan-Bator shahrida O‘zbekiston mahsulotlarining shourumiga ega savdo uyi ochildi.
Muzokaralarda iqtisodiy kooperatsiyani chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Yaqin yillarda o‘zaro savdoni, eng avvalo, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini oshirish hisobiga karrasiga ko‘paytirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etildi.
Shu maqsadda imtiyozli savdo va investitsiyalarni himoya qilish to‘g‘risidagi bitimlarni qabul qilishni tezlashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari iqtisodiyotning muayyan tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish muhimligini ta’kidladi. Hamkorlikning qator istiqbolli yo‘nalishlari ustuvor etib belgilab olindi.
Bu, avvalo, tog‘-kon sohasidagi sheriklik, jumladan, geologiya-qidiruv dasturini ishlab chiqish, xomashyo resurslari konlarini o‘zlashtirish, texnologiyalar transferi, tajriba almashish va kadrlar tayyorlash sohalari.
Shu ma’noda, sohadagi loyihalarni ilgari surish maqsadida Ulan-Bator shahrida O‘zbekiston geologiya vazirligining vakolatxonasi ochilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Qo‘shma klasterlar tashkil etish, go‘sht-sut, jun va charm mahsulotlarini qayta ishlash hamda ishlab chiqarish bo‘yicha kooperatsiya loyihalarini ilgari surish asosida qishloq xo‘jaligida kompleks hamkorlikni chuqurlashtirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va yangi logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Yil yakuniga qadar poytaxtlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlar uchun xalqaro tahlil instituti bilan birgalikda eng qisqa va samarali transport yo‘laklarini aniqlash bo‘yicha amaliy tadqiqotlar o‘tkazish taklifi bildirildi.
Faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi. Shu kunlarda Ulan-Bator shahrida O‘zbekiston madaniyati kunlari, san’at va turizm tadbirlari o‘tayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni faol rivojlantirish, ajratilayotgan kvotalar doirasida mo‘g‘ul yoshlarining O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olishini qayta tiklashga kelishib olindi.
Erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni qabul qilish yuzasidan ahdlashildi.
Ulan-Bator shahrida o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux Keng qamrovli sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.
Shuningdek, Prezidentlar huzurida quyidagi hujjatlar imzolandi:
– o‘simliklar karantini va himoyasi, oliy ta’lim, tog‘-kon sanoati, atrof-muhitni muhofaza qilish, jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish, sog‘liqni saqlash va tibbiyot fani, jismoniy tarbiya va sport sohalarida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar;
– ikki mamlakat arxiv idoralari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
– O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan Mo‘g‘uliston Iqtisodiyot va taraqqiyot vazirligi o‘rtasida, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan Mo‘g‘uliston Madaniyat, sport, turizm va yoshlar vazirligi o‘rtasida 2025-2028 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturlari;
– O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Mo‘g‘uliston Oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat vazirligi o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha hamkorlik rejasi;
– O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan Mo‘g‘uliston Madaniyat, sport, turizm va yoshlar vazirligi o‘rtasida ekoturizm sohasidagi harakatlar rejasi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux o‘tkazilgan muzokaralar natijalariga doir fikrlarini bayon qildilar.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqining boshida do‘st Mo‘g‘uliston xalqini yaqinlashib kelayotgan milliy bayram – Xalq inqilobi kuni bilan samimiy muborakbod etdi.
– Mo‘g‘ulistonlik do‘stlarimizning ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishdagi e’tiborga loyiq muvaffaqiyatlari va yutuqlaridan chin dildan xursandmiz, sizning tinchliksevar tashqi siyosatingizni to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Bugungi kunda Mo‘g‘uliston iqtisodiyoti barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini ko‘rsatayotgani ta’kidlandi. Mamlakatda sanoat tarmoqlari, qishloq xo‘jaligi, infratuzilma modernizatsiya qilinmoqda. Qoraqurum shahrini keng ko‘lamli rekonstruksiya qilish ishlari boshlangan. Izchil, pragmatik va faol siyosat tufayli mamlakatning xalqaro nufuzi oshmoqda.
O‘zbekiston Prezidentining Mo‘g‘ulistonga ilk tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari rivojida tarixiy voqea bo‘lgani alohida qayd etildi.
Davlatimiz rahbari tashrifning asosiy natijalaridan biri sifatida O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston hamkorligida yangi bosqichni boshlab beradigan muhim hujjat – Keng qamrovli sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya imzolanganini ta’kidladi.
Muzokaralar davomida amaliy hamkorlikning barcha asosiy masalalari va istiqbolli yo‘nalishlari atroflicha ko‘rib chiqilgani, kelajakka mo‘ljallangan aniq vazifa va rejalar belgilab olingani aytildi.
2024 yilda Toshkentda bo‘lib o‘tgan sammitdan so‘ng barcha yo‘nalishlarda aloqalar faollashgani qayd etildi. Joriy yil fevral oyida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi samarali o‘tkazildi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida yaqin hamkorlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga kelishib olindi.
O‘zbekiston Prezidentining so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda asosiy e’tibor iqtisodiy hamkorlikka qaratildi. Yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini, eng avvalo, xaridorgir mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish orqali bir necha barobar oshirish vazifalari belgilandi. Ulan-Batorda ko‘rgazma zaliga ega bo‘lgan O‘zbekiston savdo uyi ochilishi bu ishlar uchun amaliy asos bo‘lishi ta’kidlandi.
Tashrif arafasida O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston tadbirkorlarining biznes forumi va uchrashuvlari muvaffaqiyatli o‘tkazilgani, yangi shartnoma va bitimlar imzolangani mamnuniyat bilan qayd etildi. Davlat rahbarlari bundan buyon ham tadbirkorlik uchun barcha sharoitlarni yaratish va ularning ishbilarmonlik tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldilar.
Shu munosabat bilan imtiyozli savdo va investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish to‘g‘risidagi bitimlarni eng qisqa muddatlarda qabul qilishga kelishildi.
Bundan tashqari, muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini samarali to‘ldirishi mumkin bo‘lgan tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasining aniq yo‘nalishlari belgilab olindi.
Tomonlar muntazam ravishda o‘zaro konsertlar, ko‘rgazmalar, kino namoyishlari uyushtirish, festivallarda ishtirok etishga kelishib oldilar.
Erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun ikki mamlakat hukumatlari tomonidan keng qamrovli "yo‘l xaritasi" qabul qilinishi ta’kidlandi.
So‘zining yakunida davlatimiz rahbari Mo‘g‘uliston Prezidentini rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif etganini ma’lum qildi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux rafiqalari bilan birgalikda ikki mamlakat san’at ustalarining konsertida ishtirok etdilar.
Bugun davlat rahbarlarining irodasi va sa’y-harakatlari tufayli xalqlarimiz yanada yaqinlashdi, davlatlararo munosabatlar keng qamrovli sheriklik darajasiga ko‘tarildi.
Qo‘shma konsert O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston do‘stligi hamda ikki tomonlama ko‘p qirrali munosabatlarda yangi bosqich boshlanganining navbatdagi ifodasi bo‘ldi.
Iste’dodli san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlarda madaniyatlarimizning boyligi, rang-barangligi va o‘ziga xosligi mujassam bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Mo‘g‘ulistonga davlat tashrifi davom etmoqda.
O‘zA
- Qo'shildi: 25.06.2025
- Ko'rishlar: 187
- Chop etish