Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida “Bozor islohotlari va O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligi yanada jadallashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni senatorlar tomonidan qizg‘in muhokama qilinib, bir ovozdan qabul qilindi. Keng jamoatchilik, mutaxassislar, ekspertlar buni ijobiy, JST sari tashlangan dadil qadam o‘laroq qabul qilmoqda.
Ma’lumki, O‘zbekiston o‘z mustaqilligining dastlabki yillarida, hali uzoq 1994 yildayoq JSTga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan edi. Ammo turli sabablarga ko‘ra bu masala ortga surildi. 2017 yilga kelib O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mazkur masalani yana kun tartibiga qo‘ydi va ishlar yangidan boshlanib ketdi. Ketma-ket qarorlar, farmonlar qabul qilindi. Mamlakatimizda “O‘zbekiston Respublikasining davlat boji to‘g‘risida”, “Elektr energetikasi to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risda”gi qonunlar qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yurtimizning JSTga a’zo bo‘lishini tezlashtirishga qaratilgan bir qator farmon va qarorlari boshlangan harakatlarni, ta’bir joiz bo‘lsa, yangi qon bilan ta’minladi.
Darhaqiqat, davlatimizni Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zoligi masalasi ko‘pchilikning diqqat markazida turibdi.
Savol tug‘iladi, mazkur tashkilotga a’zo bo‘lish O‘zbekistonga nima beradi?
Bu bozorga kirmoqchi bo‘lgan mamlakat qanday shartlarni bajarishi kerak?
Avvalo shuni ta’kidlash joizki, Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishning uchta muhim sharti bor. Birinchisi, xalqaro savdoni liberallashtirish, ikkinchisi – tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi savdo bitimlari oshkora bo‘lishini ta’minlash va uchinchisi – mamlakatlararo raqobat muhitini tashkil qilish.
Demak, Jahon savdo tashkiloti (JST)ning tub mohiyati turli mamlakatlar, mintaqalar aro halol savdoni yo‘lga qo‘yish va ayni paytda taraqqiyot yo‘liga g‘ov bo‘layotgan monopol kompaniyalarning ildiziga bolta urishdan iborat.
Bu – O‘zbekiston uchun koni foyda, deganidir.
JST kichkina, imkoniyatlari chegaralangan tuzilma emas. Bugungi kunda unga dunyoning 164 ta davlati a’zo. Global savdo va jahon yalpi ichki mahsulotining deyarli 98 foizi ushbu mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelishining o‘ziyoq ko‘p narsani anglatadi.
Yuqorida aytganimizdek, JSTga a’zo bo‘lish uchun birinchi galda, da’vogar davlatning iqtisodiyoti erkin bo‘lmog‘i va jahon bozori uchun eshiklari ochiq bo‘lishi lozim. Ayni chog‘da, davlatning iqtisodiyotga aralashuvi juda kam bo‘lishi, iste’molchilar huquqlarini cheklaydigan monopol kompaniyalarni keskin kamaytirish zarur bo‘ladi. Tashkilotning to‘laqonli a’zosi bo‘lish uchun ushbu talablarni bajarishdan tashqari, yana davlat o‘z qonunlarini Jahon savdo tashkilotining talablariga moslashtirish ham shart.
Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lishi yo‘lida jiddiy, puxta o‘ylangan maqsadlar bilan borayotir. Yodimizda, konstitutsiyaviy islohotlar vaqtida 67-moddaga aynan shu maqsadni ko‘zlab o‘zgartirish kiritilgan edi.
Oliy Majlis Senati tomonidan qabul qilingan “Bozor islohotlari va O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligi yanada jadallashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuniga binoan esa O‘zbekistondagi mavjud qonunchilik normalari Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirildi.
Qonunda metall parchalari va chiqindilarni qayta ishlash hamda tabiiy gaz savdosini litsenziyalash orqali raqobatni kuchaytirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va resurslardan samarali foydalanishni ta’minlash ko‘zda tutilgani.
JSTga a’zo bo‘lishning muhim shartlaridan yana biri imtiyozli - eksklyuziv huquqlarni bekor qilish hisoblanadi. Ma’lumki, JSTning Tariflar va savdo bo‘yicha bosh bitimida a’zo davlatlar savdodagi tariflar va cheklovlarni kamaytirish va xalqaro savdoda kamsituvchi munosabatni bartaraf etishi lozimligi belgilangan.
Mazkur talabga muvofiq 2024 yil 3 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bozor islohotlarini yanada jadallashtirish va navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan edi. Farmon bilan ayrim xo‘jalik sub’ektlariga berilgan maxsus imtiyoz (eksklyuziv) huquqlar bekor qilindi.
Xususan, 2025 yilning 1 yanvaridan “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyatining respublika hududida qora metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish) hamda “O‘zikkilamchiranglimetall” aksiyadorlik jamiyatining rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash, eksport qilish bo‘yicha imtiyozlari – eksklyuziv huquqlar o‘z kuchini yo‘qotdi.
2026 yilning 1 iyulidan “UzGasTrade” aksiyadorlik jamiyatining tabiiy gazni yagona eksport qiluvchi va import orqali xarid qiluvchi operator sifatidagi huquqi hamda “O‘zenergosotish” aksiyadorlik jamiyatining elektr energiyasini eksport va import qilishdagi markazlashgan huquqlari ham bekor qilinadi.
Qabul qilingan qonunning yana bir ahamiyatli jihati bor. Unga ko‘ra davlat tomonidan berilayotgan ayrim imtiyoz – eksklyuziv huquqlar bekor qilinadi. Ushbu faoliyat bo‘yicha litsenziyalash tartib-taomillari joriy qilinishidan kelib chiqib “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-tamoillari to‘g‘risida”gi hamda “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunlarga qora va rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish), qayta ishlash va realizatsiya qilish hamda tabiiy gazning ulgurji va chakana savdosi bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyalash tartibini joriy etish bilan bog‘liq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu esa o‘z-o‘zidan tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida sof, halol raqobat muhitini yaratishga keng yo‘l ochadi.
Bundan tashqari, Qonun bilan qora va rangli metall parchalari hamda chiqindilarini tayyorlash, qayta ishlash va realizatsiya qilish faoliyati endi litsenziya asosida amalga oshiriladi. Litsenziya olish uchun davlat boji miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari qilib belgilandi. Shu bilan birga litsenziyalash qoidalarini buzganlik uchun yuridik shaxslarga qo‘llanadigan jarimalarning eng yuqori miqdori ham qonunda belgilab qo‘yildi. Endi litsenziyalash sohasida huquqni buzganlar BHMning 300 baravari miqdorida jarima to‘laydi.
Eng muhimi, mazkur qonun iqtisodiyotimizning eng muhim bo‘g‘iniga, qora va rangli metall parchalari va chiqindilari, tabiiy gaz savdosi sohasiga xususiy sektorni va innovatsiyalarni jalb etishga, shuningdek raqobat va ochiq bozor muhitini yaratishga asosiy omil bo‘ladi.
Qonunda O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 6 yanvarda qabul qilingan “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonuni ilovasiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilgani esa, tabiiy gaz va elektr energiyasi bozorida yagona va adolatli shartlar yaratilishiga zamin yaratadi.
Mamnuniyat bilan aytish mumkinki, ushbu Qonun O‘zbekistonni JST sari yanada yaqinlashtiradi. Unda belgilangan o‘zgarishlar nafaqat O‘zbekistonning xalqaro maydondagi mavqeini, balki ichki bozorda sog‘lom raqobat muhitini ham mustahkamlaydi. Bularning barchasi erkin bozor uchun o‘ta muhim omildir.
Mutaxassislar har bir davlatning JSTga qo‘shilishini azim daryoning ummonga quyiliga qiyoslaydilar. Ummonning imkoniyatlari naqadar cheksizligi esa hammaga ayon. O‘zbekiston atalmish azim daryoning sharqirab ummonga qo‘shilish onlari kun sayin yaqinlashayotgani hammamizga muborak bo‘lgay.
Abdusaid Ko‘chimov,
Oliy Majlis Senati a’zosi
- Qo'shildi: 05.09.2025
- Ko'rishlar: 76
- Chop etish