"Jinoyat kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonun loyihasi e’lon qilindi.
Qonun qabul qilinishi kelgusida ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan ijtimoiy ahamiyati kam bo‘lgan jinoyatga jazoni liberallashtirish orqali xato qilgan shaxsga imkoniyat berish orqali, ularga qo‘shimcha qulaylik yaratishga xizmat qiladi.
Jinoyat kodeksi 266-moddasining birinchi va ikkinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etiladi:
“Transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish badanga og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa – uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
O‘sha qilmish:
a) mastlik holatida yoki giyohvand vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoki shaxsning aql-irodasiga ta’sir etuvchi boshqa moddalar ta’siri ostidagi shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa;
b) odam o‘limiga sabab bo‘lsa – muayyan huquqdan mahrum qilib, yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 138-moddasi quyidagi mazmundagi yettinchi qism bilan to‘ldiriladi:
“Velosipedni, individual harakatlanish vositasini, ulovli aravani boshqarib borayotgan shaxs yoki yo‘l harakatining boshqa qatnashchilari tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzish badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa – bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi”.
Kun.uz
- Qo'shildi: 28.07.2025
- Ko'rishlar: 197
- Chop etish