Xalqaro Mehnat Tashkiloti faxriysi, xalqaro ekspert Kari Tapiola bilan suhbatimiz XMTning 2000 yillar boshida O‘zbekistonga bo‘lgan munosabati, o‘zbek paxtasiga boykot sabablari, mamlakatimizda majburiy va bolalar mehnatiga barham berilishi mavzularida bo‘ldi.
– Suhbatimiz avvalida Xalqaro mehnat tashkiloti, uning maqsad va vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari haqida ma’lumot berib o‘tsangiz.
– Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT) Birinchi jahon urushi tugaganidan so‘ng, ya’ni 1919 yilda tashkil etilgan, ta’bir joiz bo‘lsa, eng keksa xalqaro tuzilmalardan biri sanaladi. Uning o‘ziga xos jihati shundaki, XMT faqat davlatlararo organ emas. Eng avvalo, unda uch tomon ishtirok etadi: hukumatlar, ish beruvchilar va kasaba uyushmalari. Aynan mana shunday shaklda xalqaro mehnat standartlari – konvensiyalar va kelishuvlar ishlab chiqiladi. Ular xalqaro ijtimoiy-mehnat munosabatlarining asosini tashkil etadi.
Xalqaro Mehnat Tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan me’yorlar dunyoning aksariyat mamlakatlari mehnat qonunchiligi poydevoriga aylangan. Yuz yildan ortiq vaqt mobaynida tashkilotning yillik konferensiyalarida davlatlar, tadbirkorlar va kasaba uyushmalari vakillari yagona maqsad yo‘lida – ijtimoiy adolat uchun birlashib, hamkorlikda harakat qilib kelmoqda. Bugungi kunda ushbu oliy maqsad insonga xavfsiz ish sharoitlari, munosib maosh va insonlarning mehnat huquqlariga hurmatini kafolatlaydigan mehnat konsepsiyasida o‘z ifodasini topgan.
Agar 1919 yildagi birinchi konferensiya kun tartibiga e’tibor qilsak, ish kunini cheklash, bandlik va ishsizlik, bolalar mehnatini taqiqlash kabi hamon o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan mavzular muhokama qilinganini ko‘ramiz.
– 2000 yillar boshlarida O‘zbekiston bilan Xalqaro Mehnat Tashkiloti o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelgan va bu hol O‘zbekistonga qarshi bir qancha sanksiyalar qo‘llanilishiga ham sabab bo‘lgandi. Ana shu ziddiyatning mohiyati, XMTning O‘zbekistonga qanday talablar qo‘ygani haqida to‘xtalsangiz...
– 2000 yillar boshida Xalqaro mehnat tashkilotida O‘zbekistonning majburiy va bolalar mehnatiga qarshi xalqaro konvensiyalarga qay darajada amal qilayotgani juda jiddiy muammo sifatida kun tartibiga qo‘yildi. Konferensiyalarda mamlakatingiz nomiga qattiq tanqidlar yangradi, xalqaro tashkilotlar o‘zbek paxtasiga boykot e’lon qildi.
Natijada XMTning konferensiyasida O‘zbekistonda мuстақил monitoring o‘tkazish haqida qaror qabul qilindi. Biz hukumat, ish beruvchilar va kasaba uyushmalari bilan muzokaralarni boshlab, mehnat sharoitlarini tekshirishning shaffof tizimini yo‘lga qo‘yishga harakat qildik. Biz O‘zbekistonda, haqiqatan ham, majburiy va bolalar mehnati holatlari mavjud yoki mavjud emasligi haqida yakuniy xulosaga kelishimiz kerak edi.
– Xalqaro Mehnat Tashkiloti nega aynan Ўзбекистонга bunday e’tibor qaratdi? Bu maxsus ravishda mamlakatimizga qarshi qilingan ishmidi yoki bu talablar barcha davlatlarga ham qo‘yiladimi?
– Bu haqli savol. Xalqaro Mehnat Tashkiloti hech qachon muayyan bir davlatni «ajratib ko‘rsatish»ni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ymaydi. Tashkilot barcha konvensiyalarni ratifikatsiya qilgan davlatlarga teng ravishda tatbiq etiladigan universal me’yorlar asosida ishlaydi.
Biroq O‘zbekiston holatida e’tibor, ayniqsa, qattiq bo‘lganiga ikki sabab bor. Birinchisi, gap mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan va jahon bozorida ham ko‘zga ko‘rinadigan paxtachilik sohasi haqida ekani, ikkinchisi esa, muammo yuz minglab odamlarni qamrab olgani va tizimli xususiyat kasb etgani bilan bog‘liq edi.
Demak, bu yerda gap «tirnoq ostidan kir qidirish» emas, balki masalaning ko‘lami bilan bog‘liq. Majburiy va bolalar mehnati Xalqaro mehnat tashkiloti uchun mutlaq tabu masala hisoblanadi. Qaysi hududda bo‘lmasin – Osiyo, Amerika, Afrika yoki Yevropada bo‘ladimi, qonunbuzarlik aniqlansa, tashkilot unga chora ko‘rishi kerak.
O‘zbekistonga ham boshqa davlatlarga qo‘llaniladigan standartlar tatbiq etildi. Faqat farq shunda ediki, paxta sohasi hamisha jahon afkor ommasi diqqat markazida bo‘lib kelgan, shu bois munosabat keskin ko‘rinish oldi. Va aynan Shavkat Mirziyoyevning bosh vazirlik va keyinchalik prezidentlik davrida amalga oshirgan qat’iy qadamlari vaziyatni hamda xalqaro hamjamiyat munosabatini ijobiy tomonga o‘zgartirish imkonini berdi.
– O‘sha davrda O‘zbekistonda, ayniqsa, paxta terimi mavsumida, Xalqaro Mehnat Tashkilotining maxsus monitoring guruhlari ish olib borgan. Ana shu missiyaning Ўзбекистонda monitoringlar o‘tkazishida muammo va to‘siqlar bo‘lmaganmi? Bu o‘rganishlar natijalari qanday bo‘ldi?
– O‘sha kezlarda XMT hamda O‘zbekiston o‘rtasida bu masala yuzasidan kelishuv bor edi. Bu jarayonda Ўзбекистон kasaba uyushmalari Federatsiyasi ham muhim rol o‘ynadi. O‘zbekiston hukumati, ish beruvchilar hamda Xalqaro Mehnat Tashkiloti ishtirokida paxta mavsumida majburiy va bolalar mehnatidan foydalanish masalasi bir necha bor jiddiy muhokama qilindi. Dastlabki monitoring ayrim hollarda bolalar mehnatidan foydalanish faktlarini aniqladi. To‘g‘ri, ular ommaviy ravishda emas edi, biroq aynan shu holatlarning tan olinishi ham muhim burilish nuqtasiga aylandi. Chunki o‘sha vaqtga qadar jamiyatda mazkur muammoni yashirish odat tusiga kirgan edi. Xullas, muammoning ochiq tan olinishi keyinchalik mamlakatingizda bu masalada bosqichma-bosqich amalga oshirilgan jiddiy va samarali islohotlarga zamin yaratdi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, monitoring keng ko‘lamli ma’rifiy tadbirlar bilan hamohanglikda kechdi: seminarlar, joylarda uchrashuvlar, nima uchun bolalar mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi va uning oldini qanday olish mumkinligi haqida tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borildi. Dastlabki yillardagi monitoringларdaн so‘ng biz hukumatingiz bilan kelishgan holda mamlakatda munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish borasidagi chora-tadbirlar rejasini amalga oshirishga kirishdik.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelganidan keyin Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridan turib, Ўзбекистонda majburiy va bolalar mehnatiga barham berilishini e’lon qildi. Bu yo‘lda qator hujjatlar qabul qilindi. Mazkur yo‘nalishda katta tajribaga ega xalqaro ekspert sifatida Ўзбекистон Prezidentining bu boradagi siyosatini, amalga oshirgan, oshirayotgan ishlarini qanday baholaysiz?
– Yevropalik ekspert sifatida ayta olamanki, Ўзбекистонda so‘nggi 7-8 yildagi o‘zgarishlar, avvalo, Prezidentingizning siyosiy irodasi va shaxsiy qat’iyatiga bog‘liq bo‘ldi. Bunga ilgariroq poydevor qo‘ygan ham shaxsan Shavkat Mirziyoyevdir. O‘sha paytlarda Shavkat Mirziyoyevning Bosh vazir sifatida bolalar mehnatini qat’iy taqiqlovchi qaror qabul qilishi nafaqat ichki siyosatda, balki butun xalqaro maydonda Ўзбекистонniнг imijini tubdan o‘zgartirdi. Bu oddiy bir ma’muriy chora emas, balki siyosiy jasorat ramzi edi. Chunki o‘nlab yillar davomida yopiq tizim sifatida qabul qilingan amaliyotga aynan shu qaror nuqta qo‘ydi.
Janob Mirziyoyev prezidentlikka kelgach, bu tashabbus tizimli siyosatga aylandi. Xalqaro hamjamiyat shundan so‘ng O‘zbekistonni yangi nuqtai nazardan baholay boshladi. Chunki mamlakatingizda deklaratsiya bilan cheklanib qolmay, «Munosib mehnat dasturi» orqali amaliy strategiya ishlab chiqildi. Bu dastur mehnat bozorini erkinlashtirish, mehnat bilan bog‘liq xavfsizlik va huquqiy himoya mexanizmlarini kuchaytirish, ijtimoiy adolat va inson huquqlarini ta’minlash yo‘nalishlarini qamrab oldi. Shu o‘rinda yana bir gapni ta’kidlab o‘tishim kerak, agar Shavkat Mirziyoyevning qat’iyati bo‘lmasa, deklaratsiyalar haqiqiy islohotlarga aylanishi mumkin emas edi.
Aytish kerakki, «Yangi O‘zbekiston» g‘oyasi xalqaro ekspertlar uchun faqat shiorgina emas, balki ma’no-mazmuni boy ijtimoiy konsepsiya sifatida ko‘rila boshladi. U yerda inson qadr-qimmati, sha’ni davlat siyosatining markaziga qo‘yilmoqda. Bu nafaqat majburiy mehnatga barham berishda, balki mehnat bozorini modernizatsiya qilishda, norasmiy sektorni qisqartirishda, kasbiy ta’lim va yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashda ham namoyon bo‘lyapti.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda olib borilayotgan tub islohotlarga nazar tashlar ekanman, borgan sari bir muhim xulosaga kelyapman. Ya’ni, tizimli muammolarni hal qilish deklaratsiya va formal mexanizmlar bilangina emas, balki davlat yetakchisining o‘z xalqi manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘ygan shaxsiy irodasi bilan ham amalga oshar ekan. Prezident Mirziyoyev olib borayotgan siyosat shu jihatdan o‘ziga xos tajribaga aylandi va bugun jahon hamjamiyati uni ijobiy misol sifatida tilga olyapti.
– Shu o‘rinda «Paxta dalalarida ishonchning мuстаҳкамлаniши: Xalqaro Mehnat Tashkilotining O‘zbekistondagi faoliyati» nomli kitobingiz haqida ham so‘ramoqchi edim. Bu kitobning yozilishiga sabab bo‘lgan omillar, unda aks etgan mavzular haqida ham gapirib bersangiz.
– Siz tilga olgan kitobda men O‘zbekistonda majburiy mehnat muammosi qanday hal etilganini ko‘rsatishga harakat qilganman. Chunki uzoq vaqt davomida bu masala deyarli hal qilib bo‘lmaydigan, jamiyatda chuqur ildiz otgan bir muammo sifatida ko‘rilgan edi. Albatta, buni bir kunda yo‘q qilish mumkin emasdi. Lekin biz faktlarga tayanib, oqilona yondashuv topdik. Shu tarzda, har yilgi paxta hosili yig‘imi paytida majburiy mehnatga jalb qilinganlar ulushi sezilarli darajada kamayib bordi.
Biroq bu jarayon bizga yana bir muhim haqiqatni ochib berdi: paxta yig‘im-terimida ixtiyoriy ravishda qatnashgan, munosib haq olgan va samarali mehnat qilgan odamlarni ko‘rdik. Demak, aslida majburiy mehnatga zarurat yo‘q ekan. Ixtiyoriy ishlashga rozi odamlar bor va ular hosilni to‘liq yig‘ib olishga qodir ekanlar. Shuning uchun muammoni kuch bilan emas, balki ishonchga asoslangan hamkorlik, aql-idrok kuchiga tayangan holda hal qilish mumkin, degan xulosaga keldik.
Bu yerda ishonch tushunchasi alohida ahamiyat kasb etdi. G‘arbda ko‘pincha Leninning «Ishonch yaxshi, nazorat undan ham yaxshi», degan so‘zlari esga olinadi. Biz esa bu yondashuvni «to‘g‘ri emas», deb ko‘rsatishga va nima uchun to‘g‘ri emasligini isbotlashga harakat qildik. Chunki haqiqiy nazorat samarali bo‘lishi uchun u ishonchga tayanishi kerak. Ishonch esa «imkonsiz» nazariyalardan emas, balki amaliy va pragmatik qadamlardan boshlanadi. Ana shu yo‘l orqali haqiqiy vaziyatni tahlil qilish va tuzatish mumkin bo‘ldi.
Shuni ham ta’kidlash kerak: masalada muammolar bilan bir qatorda, ijobiy jihatlar ham yo‘q emasdi. Ayrim g‘arb nashrlari «O‘zbekistonda go‘yo 3,5 million «qul» bor», deb yozgan paytda, sizlar XMT bilan hamkorlikda butun jahon afkor ommasiga haqiqiy vaziyatni ko‘rsata oldingiz. U yerda turli toifalar bor edi: majburiy mehnatga duch kelganlar ham, munosib haq olib, samarali mehnat qilganlar ham. Shunday ekan, e’tiborni aynan shu ixtiyoriy va samarali mehnat qilayotganlar uchun sharoit yaratishga qaratish lozim edi. Eng katta yutuq esa ishonch muhitining shakllanishi bo‘ldi. Barcha taraflarda ishonch paydo bo‘ldi va hamkorlik davom etdi. O‘zbekiston tomoni aniqlangan muammolarni tan oldi va ularni yangi chora-tadbirlar hamda tartiblar orqali hal qilishga kirishdi. Shu tarzda, haqiqiy vaziyat shuni ko‘rsatdiki, og‘ir to‘siqlar hamkorlik va ishonch asosida yengib o‘tiladi va hatto xalqaro darajada ham barqaror ishonch muhitini yaratish mumkin.
Umumiy qilib aytganda, kitobimda mana shular haqida so‘z boradi.
– Siz ko‘p yillar Finlyandiya kasaba uyushmalari tizimida ham ishlagansiz. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining mamlakatimizda mehnatkashlar huquqlarini ta’minlash, majburiy mehnatning har qanday shakllariga barham berish, ijtimoiy himoya, munosib mehnat sharoitlari yaratish yo‘nalishlaridagi faoliyatiga ham baho berib o‘tsangiz?
– To‘g‘ri ta’kidlaganingizdek, men Finlyandiya kasaba uyushmalari tizimida ko‘p yillar ishlaganim uchun taqqoslash imkonim bor. Shundan kelib chiqib ayta olamanki, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi so‘nggi yillarda mehnatkashlar huquqlarini ta’minlash, majburiy mehnatning har qanday ko‘rinishlariga barham berish, ijtimoiy himoya va munosib mehnat sharoitlari yaratish yo‘nalishлариda katta ishlar qildi.
Birinchi navbatda, men uchun muhim ochilish shunda bo‘ldiki, O‘zbekiston kasaba uyushmalari rahbarlari xalqaro muloqotlarda o‘z pozitsiyalarini bevosita va aniq tarzda bayon qila oldi. Masalan, Xalqaro Mehnat Tashkiloti ishchi guruhlari bilan uchrashuvlarda ular vaziyatni ochiq aytib berdi, muammolardan qochmadi, balki ularni tan oldi. Bu ishonch muhitining shakllanishiga xizmat qildi va keyinchalik Federatsiyaning Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasiga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilinishiga zamin yaratdi. Bu, shubhasiz, O‘zbekiston uchun muhim tarixiy voqea bo‘ldi. Bu O‘zbekistonda bugun amalga oshirilayotgan ijtimoiy siyosatga nisbatan katta e’tirof, ishonch ramzi edi.
Ikkinchidan, kasaba uyushmalarining amaldagi faoliyatida – monitoringlar, ishchi-xodimlarning holatini o‘rganish, ayniqsa, ular huzurida tashkil etilgan yuridik klinikalar katta ahamiyat kasb etdi. Chunki bu orqali xodimlar muammolari ifoda etildi, ularning huquqlari himoya qilindi.
Mening kuzatishimcha, O‘zbekistonda davlat mehnat инспекцияси bilan kasaba uyushmalari inspeksiyasining vazifalari yanada aniq chegaralanishi va hamkorlikda to‘ldirilishi ko‘zga tashlanadi. Chunki Davlat inspeksiyasi huquqiy jarayonlarni boshlashda muhim o‘rin tutsa, kasaba uyushmalari инспекцияси ish joylaridagi muammolarni ko‘proq amaliy vositalar orqali hal qilish imkoniga ega. Bu ikki tizim bir-birini to‘ldirganda, mehnatkashlar manfaatlari yanada samarali himoya qilinadi.
Albatta, har bir mamlakatning o‘z milliy tizimi va xususiyatlari bor. Shuning uchun kasaba uyushmalari tajribasi eksport qilinadigan mahsulot emas. Bu – milliy kontekstga moslashtirilishi lozim bo‘lgan jarayon. Lekin O‘zbekiston тажрибаси shuni ko‘rsatmoqdaki, ochiq muloqot, ishonch va jamoaviy harakat orqali tizimli muammolar ham hal qilinishi mumkin ekan.
– Majburiy va bolalar mehnatiga barham berish borasidagi O‘zbekiston tajribasi bu yo‘nalishda amaliy ishlarga qadam qo‘ya boshlagan davlatlar uchun namuna bo‘la oladi, deb hisoblaysizmi?
– Albatta. Chunki O‘zbekistondagi jarayon shunchaki deklaratsiya yoki shiorlar bilan cheklanmadi. Bu islohotlar siyosiy iroda, ochiq muloqot va jamoaviy harakatga asoslangan holda amalga oshirildi.
Men uchun asosiy saboq shuki, hatto chuqur ildiz otgan muammo ham hal qilinishi mumkin ekan. Buni O‘zbekiston misolida ko‘rdik. Avvalo, davlat rahbarining qat’iy siyosati zarur, ikkinchidan esa, ishonch muhitini yaratish shart. Majburiy mehnatga qarshi kurashda davlat organlari va kasaba uyushmalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bir maydonda ishlay oldi. Hozir dunyoda bu muammoga duch kelayotgan mamlakatlar ko‘p. Ular O‘zbekiston tajribasidan ikki jihatni o‘rganishi mumkin. Birinchidan, rahbarning shaxsiy irodasi va mas’uliyati bu masalalarda hal qiluvchi o‘rin tutadi, ikkinchidan, barqaror hamkorlik orqali haqiqiy o‘zгарishларni amalga oshirish mumkin.
O‘zbekiston tajribasi shuni ko‘rsatdiki, majburiy mehnatdan voz kechish faqat inson huquqlari uchun emas, balki mamlakatning xalqaro imiji, iqtisodiy rivoji va investorlar ishonchi uchun ham muhim. Shu bois bu yo‘ldagi yutuqlar albatta boshqa davlatlarga ham ilhom berishi mumkin.
– Bugun raqamlashtirish, sun’iy intellekt va yangi mehnat munosabatlari butun dunyoda ishchi-xodimlar hayotiga ta’sir ko‘rsatayotgan bir paytda kasaba uyushmalarining o‘rni va vazifalari ham keskin o‘zgarmoqda. Yaqinda Toshkentda o‘tgan «Xalqaro mehnat standartlarini ilgari surishda kasaba uyushmalarining roli: xalqaro amaliyot va O‘zbekiston tajribasi» mavzusidagi konferensiya kabi tadbirlar, sizningcha, kasaba uyushmalari uchun yangi yo‘nalish va strategiyalarni belgilashda qay darajada ahamiyatga ega?
– Bu kabi konferensiyalar va tadbirlar juda muhim. Chunki mehnat munosabatlari zamonaviy sharoitda jadal o‘zgarmoqda: raqamlashtirish, yangi texnologiyalar, gibrid ishlash usullari kasaba uyushmalari oldiga yangidan-yangi vazifalarni qo‘ymoqda. O‘zbekistonda o‘tkazilgan xalqaro forumning ahamiyati shundaki, u faqat milliy tajribani ko‘rsatibgina qolmay, balki xalqaro muloqot orqali yangi yo‘nalishlar uchun maydon yaratdi.
O‘zbekiston tajribasi ko‘p davlatlardan o‘rnak olgan bo‘lsa-da, hech bir mamlakatda majburiy mehnat muammosi bu qadar ko‘lamli va shunday shaklda hal qilinmagan. Shuning uchun uni konferensiyalarda takror va takror taqdim etish zarur. Bu tajribaning ahamiyatini yanada mustahkamlaydi.
Aslida, mehnat munosabatlarining asosiy masalasi bitta: xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi muvozanatni qanday yaratish mumkin? Agar kasaba uyushmalari mavjud bo‘lsa, ular doiraviy kelishuvlar tayyorlaydi, umumiy qoidalar belgilaydi. Keyin har bir mehnat jamoasi shu umumiy doirada o‘z sharoitidan kelib chiqib, harakat qiladi. Biroq eng muhim shart shuki, hech qachon umumiy minimal standartdan pastga tushish mumkin emas. Bu mehnatkashning asosiy huquqlariga hurmat ramzidir. Shu bilan birga, ish beruvchilarning ham asosiy huquqlarini tan olish zarur.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda kasaba uyushmalari ish beruvchilar bilan hamkorlik madaniyatini shakllantira oldi. Bu esa katta yutuqdir.
Yangi davrda kasaba uyushmalari o‘z vazifasini uddalay oladimi? Dunyo tajribasi shundan dalolat bermoqdaki, uyushganlik darajasi kamayib bormoqda. Masalan, Skandinaviya davlatlarida bir vaqtlar 80 foiz bo‘lgan qamrov ko‘rsatkichi hozir 50 foizdan ham past. Ammo shunga qaramay, kasaba uyushmalariga muqobil kuch hali paydo bo‘lmadi. Hatto ishchilarning faqat 20 foizi uyushma a’zosi bo‘lgan mamlakatlarda ham jamoaviy muzokaralar va huquqiy himoyani amalga oshirayotgan tizim aynan kasaba uyushmalari bo‘lib qolmoqda.
Shuning uchun mening xulosam oddiy: kasaba uyushmalarining hozircha muqobili yo‘q. Ular yangi sharoitda o‘z imkoniyatlari va mavqeini qay darajada samarali ishlata oladi – masala shunda! Agar ular raqamlashtirish, yangi mehnat munosabatlari va global iqtisodiy o‘zgarishlarga moslasha olsa, demak, ularning kelajagi ham mustahkam bo‘ladi.
– Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!
Husan ERMATOV
suhbatlashdi
- Qo'shildi: 10.10.2025
- Ko'rishlar: 85
- Chop etish