Qashqadaryo Yangi O‘zbekistonning taraqqiyoti yaqqol namoyon bo‘layotgan hudud

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji, islohotlar natijadorligi bilan yaqindan tanishish maqsadida 19 iyun kuni Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

Mamlakatimizdagi iqtisodiy islohotlar soha va tarmoqlarda o‘z natijalarini bermoqda. Butun respublikada texnologik “sakrash” kuzatilmoqda. Xususan, joriy yilning besh oyida sanoat 6,4 foiz o‘sgan, bu sohada eksport 6 milliard dollardan oshgan.

Bunda Qashqadaryo sanoatining hissasi katta. Qarshi shahridagi “Alp texno servis” shunday eksportchi korxonalardan biri.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifining dastlabki manzili “Alp texno servis” korxonasi bo‘ldi.

Qiymati 10 million dollar bo‘lgan mazkur loyiha elektr texnikasi yo‘nalishida global yetkazib berish zanjirida o‘rin topgan. Korxona xorijiy “TSL”, “HOFMANN” brendlari uchun buyurtmalar tayyorlab bermoqda. Shuningdek, mahalliy SMART brendiga asos solingan. Shu nomlar ostida yiliga 500 ming donagacha televizor va elektron platalar ishlab chiqarilmoqda.

Mahsulotlar yuqori texnologik, sifati va dizayni bozor talabiga mos. Shu bois 70 foiz tovarlar eksportga yo‘naltirilmoqda. O‘tgan yili 2 million dollardan ziyod eksport qilingan. Bu yilgi reja 10 million dollar.  

Davlatimiz rahbari bu tarmoqni yanada rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

– Bu sohada tajriba orttirdik, tashqi bozorga yo‘l topdik. Endi bu korxonani kengaytirish kerak. Odamzot bor ekan, bunday mahsulotlarga talab bo‘ladi. Faqat sifat va nomenklatura bo‘yicha o‘sish, raqobatbardosh bo‘lish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yana bir muhim vazifa – mahalliylashtirish. Hozir korxonada bu ko‘rsatkich 50 foizdan oshgan. Kelgusida 20 million dollarlik yana 4 ta loyihani amalga oshirib, changyutgich, elektr choynak, havo sovutgich, ventilyator ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Bularning natijasida yiliga 30 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi.

Korxonada 200 kishi ish bilan ta’minlangan. Qarshi davlat texnika universiteti bilan dual ta’lim yo‘lga qo‘yilgan.

Davlatimiz rahbari Qarshi shahridan Shahrisabzga ketayotib, poyezdda qashqadaryolik faollar bilan samimiy muloqotda bo‘ldi.

Suhbatda shaharu qishloqlardagi o‘zgarishlar, aholi hayoti, bugungi tinchlik qadri haqida so‘z bordi.

“Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya davlatimizning faoliyat dasturiga aylangan. Shu asosida aholining turmush sharoitlarini yaxshilash, daromadi va farovonligini oshirish, mahallalarni obod qilish ijtimoiy hayotimizda yetakchi o‘ringa chiqmoqda.

Hududlar imkoniyatini to‘liq ishga solish, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan dasturlar natijasida yurtimizning o‘zida munosib mehnat sharoitlari yaratilmoqda. Yoshlar va xotin-qizlar daromadli kasblarga o‘qitilyapti.

Iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar samarasida sanoat jadal rivojlanmoqda, ilg‘or texnologiyali korxonalarda qo‘shilgan qiymat yaratilmoqda. Qishloq xo‘jaligi, turizm, transport, energetika sohalarida ulkan loyihalar ishga tushirilmoqda.

Prezidentimiz iqtisodiyot rivoji, aholi kayfiyatida yo‘llarning ahamiyati yuqori ekanini ta’kidlab, bu borada mutasaddilarga topshiriqlar berdi. Oxirgi 2 yilda yurtimizda 40 ming kilometr yo‘l va 540 ta ko‘prik ta’mirlangan. Bu yil Qashqadaryoda jami 100 kilometr magistral yo‘llar ta’mirlanishi rejalashtirilgan. Bu loyihalarni tezlashtirish, yo‘l bo‘ylarini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Nuroniylar bu o‘zgarishlarni xalqimiz o‘z hayotida sezayotgani,  islohotlarga yuqori baho berayotganini aytishdi. Xotin-qizlar vakili barcha sohalarda ayollarga keng imkoniyatlar berilgani, natijada ular o‘z oilasi va mehnat jamoalarida qadr topib, hayotidan rozi bo‘lib yashayotganini so‘zlab berdi.

Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Shahrisabz shahridagi ko‘p tarmoqli kardiologiya markazi faoliyati bilan tanishdi. 

Ijtimoiy davlat sanalmish O‘zbekistonda aholi salomatligini mustahkamlash eng dolzarb yo‘nalishlardan biri. Shu maqsadda davlat shifoxonalari isloh qilinyapti, sohaga investitsiyalar jalb etilib, xususiy sektor ham rivojlantirilmoqda. Jumladan, bugungi kunda Qashqadaryoda 700 dan ziyod xususiy klinika ochilgan, ularda 72 ta xizmat turi yo‘lga qo‘yilgan.

Rossiyalik tadbirkor bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Oq saroy” klinikasi yaqinda ishga tushdi. Bu yerda 4 ta jarrohlik va 6 ta reanimatsiya xonalari, 100 dan ortiq shifo o‘rinlari mavjud. Bir vaqtning o‘zida 4 ta va kuniga 25 tagacha yuqori texnologiyali kardiojarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish imkoniyati yaratilgan. Buning uchun Rossiya, Turkiya va Kuvaytdan malakali shifokorlar ishga jalb etilgan. Stentlash, aorta koronar shuntlash, tug‘ma nuqsonlarni bartaraf etish, endoprotezlash kabi davolar samarasi yuqori.

Markaz yuqori aniqlikda tashxis xizmati ham ko‘rsatadi. Masalan, zamonaviy exokardiografiya uskunasi sun’iy intellekt yordamida ishlaydi. Bunaqasi hozircha O‘zbekistonda yagona.

Davlatimiz rahbari bunday innovatsion klinikalar tibbiyotda sifat va dunyoqarashni o‘zgartirishi, boshqalarni ham transformatsiyaga undashini ta’kidladi.

– Bu yerdagi tizimni andoza qilib olib, 14 ta hududimizda shunday klinikalar tashkil etish zarur. Bunga qancha mablag‘ kerak bo‘lsa, topamiz. Faqat zamirida xalqimiz uchun kafolatlangan sifatli davo bo‘lishi lozim. Muqobillik, raqobat bo‘lmasa, sifatga intilish bo‘lmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga bu borada taklif tayyorlash, klinikalarni birlamchi bo‘g‘in va tibbiy sug‘urta tizimi bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shifoxonada 130 ta ish o‘rni yaratilgan. Malakali mutaxassislar tayyorlash uchun shu yerning o‘zida klinik ordinatura yo‘lga qo‘yilgan.

Prezidentimiz bunga alohida ahamiyat qaratib, talaba va shifokorlarning malakasini oshirish, xorijlik mutaxassislar bilan telemeditsinani kengaytirish muhimligini qayd etdi.

Aytish joizki, noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida qashqadaryoliklar orasida yurak qon-tomir xastaliklari ko‘p uchraydi. Yangi klinika va uning qoshidagi markaz ushbu kasalliklarni erta aniqlab tashxis qo‘yish va davolashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur markaz tomonidan mobil diagnostika mashinalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, chekka hududlardagi aholiga UTT, MSKT, EKG kabi tibbiy xizmatlarni ko‘rsatadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yakkabog‘ tumanida barpo etilgan “Yangi O‘zbekiston” massivini borib ko‘rdi.

Aholi farovonligi va turmush madaniyatini oshirishga qaratilgan mazkur massiv ilg‘or shaharsozlik yechimlari asosida qurilgan. Ko‘p qavatli uy-joylar ko‘rkamligi, tartibliligi va obodligi bilan tuman qiyofasini o‘zgartirib yubordi. 18 gektar maydonni egallagan massivda 54 ta besh qavatli uylar qurilib, 1 ming 400 ta xonadon aholiga taqdim etiladi.

Inshootlar nafaqat zamonaviy arxitekturasi, balki aholi uchun yaratilgan infratuzilmaning qulayligi bilan ham ajralib turadi. Har bir uy zamonaviy kommunikatsiya tarmoqlari, atrofi esa bolalar maydonchalari va avtoturargohlar bilan ta’minlangan.

Shu bilan birga, hududda uch qavatli “Eko bozor” barpo etilgan. U orqali mahalliy dehqonlar o‘z mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri iste’molchilarga yetkazish imkoniga ega. Bu esa ham sifat, ham narx jihatidan odamlarga ma’qul bo‘lmoqda. Bozorda 640 ta ish o‘rni yaratilgan.

Davlatimiz rahbari ushbu ekobozorda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, sotuvchi va xaridorlar bilan muloqot qildi.

– Bozorlar to‘kinlik, farovonlik va xalqning madaniyatini ko‘rsatadi. Yakkabog‘da shunday obod maskan bunyod etilgani quvonarli. Xalqimizning xarid qobiliyati, bozor madaniyati oshyapti. Shunga munosib bunday qulay savdo markazlarini ko‘paytirish kerak, – dedi Prezident. 

Alohida e’tiborga molik jihati, massivdagi infratuzilma inshootlariga quyosh panellari va geliokollektorlar o‘rnatilgan. Bu esa energiya tejamkorligi va uzluksizligi, ekologik xavfsizlikni  ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda.

Aholining dam olishi, bolalar va yoshlarning faol vaqt o‘tkazishi uchun ham qulayliklar yaratilgan. Xususan, sayilgohlar, bolalar bog‘chasi, sport maydonlari, sog‘lomlashtirish maskanlari hamda servis nuqtalari yagona konsepsiya asosida barpo qilingan.

Mutasaddilarga shu konsepsiya asosida boshqa tuman markazlari va massivlarni ham rivojlantirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari Shahrisabz tumani Hisor tog‘i yon bag‘ridagi sayyohlik salohiyati bilan tanishdi.

Turizm kam mablag‘ bilan ko‘p ish o‘rni yaratadigan, aholi daromadi va hududlar qiyofasini yaxshilaydigan soha. Qashqadaryoda ham bu borada imkoniyatlar ko‘p.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 28 noyabrdagi qarori asosida Qashqadaryo viloyatining tog‘li-rekreatsion hududlarida zamonaviy xizmat ko‘rsatish va turizm majmualari barpo etilmoqda. Jumladan, xorijiy davlatlarning malakali ekspertlari va yetakchi kompaniyalari ishtirokida Miraki, Amir Temur, Uloch va Polmon mahallalarida sayyohlar uchun qulayliklar yaratilmoqda. Umumiy 240 gektar maydonda 400 million dollarlik 117 ta loyiha amalga oshirilayotir. Buning natijasida esa 1 ming 700 ta doimiy ish o‘rni ochiladi.

Bugun Mirakidagi o‘zgarishlar mazkur qaror va turizm bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishlar natijasi.

Ilgari bu so‘lim joylardan har kim o‘z bilganicha foydalanar edi. Soy bo‘ylari betartib, oromgohlarda infratuzilma yetishmasdi. Bugun bu manzil yaxlit turizm klasteriga – “Miraki” xalqaro turizm markaziga aylandi. 

Davlatimiz rahbari bu yerdagi obodlik va qulayliklarni ko‘zdan kechirdi. Oqsuv daryosining ikki qirg‘og‘i bo‘ylab piyoda va velosipedda yurish uchun o‘n kilometrlik “eko yo‘lak” tashkil etilgan. Bolalar maydonchasi, ko‘ngilochar bog‘, nuroniylar maskani, oilaviy mehmon uylari hamda ko‘chma savdo shoxobchalari mahalla ko‘rkini oshirgan.

“Miraki and spa resort” dam olish hududi turizm markazining zamonaviy qismi. Bu yerda ikkita mehmonxona, savdo va ko‘ngilochar majmua barpo qilingan. Shuningdek, bir vaqtning o‘zida 600 nafar sayyohni qabul qiluvchi mehmonxonalar, 300 o‘rinli oilaviy xostel ochilgan. Bu yiliga 300 mingdan ortiq mehmonga xizmat ko‘rsatilishini anglatadi.

Davlatimiz rahbari yangi mehmonxona va savdo majmuasi faoliyati bilan tanishdi. Sayyohlik bo‘yicha istiqboldagi muhim loyihalar haqida ma’lumot berildi.

– Shahrisabzning ustun tarafi – yil davomida sayohatga kelish mumkin. Buning uchun yo‘l, kommunikatsiya, mehmonxonalar qurayapmiz. Endi xizmat turlarini ko‘paytirishni o‘ylash kerak. Masalan, Mirakiga kelgan mehmon vaqtini qanday o‘tkazadi, nimalar xarid qiladi? Shu talablardan kelib chiqib, xizmatlar taklif qilish, bu yerning tabiati va sharoitini chet ellarda keng targ‘ib etish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Yangi sayyohlik markaziga investorlarni jalb etish uchun muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari tortilgan. Mirakiga eltuvchi va mahalla ichidagi yo‘llar mukammal ta’mirlangan. Elektr ta’minoti yaxshilangan. Sayyohlarni qiziqtirish uchun Hisorak suv omboriga tutash hududda ikki kilometrdan ortiq dor yo‘li va dengiz sathidan 2 ming 700 metr balandlikda restoran ham barpo etilgan.

Bunday keng qulayliklar Qashqadaryoga keluvchi sayyohlar sonini oshirmoqda. O‘tgan yili viloyatga ikki yarim million nafardan ortiq sayyoh tashrif buyurgan. Shundan besh yuz ming nafarga yaqini aynan Shahrisabz tumaniga kelgan. Hududdagi bu o‘zgarishlardan keyin keltirilgan raqam bir necha barobar o‘sishi tabiiy.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Shahrisabz tumanidagi Hisorak suv ombori yaqinida barpo etilgan Hisorak kichik gidroelektrstansiyasini ko‘zdan kechirdi.

Hisorak suv ombori 1987 yilda qurilgan bo‘lib, 2004 yilda kapital rekonstruksiya qilingan. Hududda 2011 yilda ishga tushirilgan quvvati 45 MVt bo‘lgan asosiy Hisorak GES ham mavjud bo‘lib, yiliga 80 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu esa o‘rtacha hisobda 33 ming xonadonning yillik elektr energiyasi ehtiyojini qoplaydi.

Mamlakatimizda ekologik toza, arzon va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish hamda mavjud quvvatlarni oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan kichik va mikro GESlar barpo etilib, foydalanishga topshirilmoqda.

Shahrisabz tumanida energetik quvvati 3,5 MVtga teng, yiliga o‘rtacha 17,5 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi Hisorak kichik GESi shular jumlasidan. Uning qurilishi to‘liq mahalliylashtirish doirasida amalga oshirildi. Loyihaning qiymati 1,5 million dollarni tashkil etadi. GES faoliyati natijasida yiliga o‘rtacha 5 million metr kub tabiiy gaz tejaladi. Bu yerda ishlab chiqariladigan elektr energiya 7 ming 300 ta xonadonga yetadi.

Davlatimiz rahbariga daryo suvidan energiya olish bo‘yicha kelgusi rejalar haqida axborot berildi.

Eng muhim loyihalardan biri – kelgusi ikki yil ichida umumiy quvvati 12 MVt bo‘lgan 416 ta kinetik turbinali mikro GES qurish rejasidir. Bu mikro GESlar ariq va kanallardagi suv oqimidan samarali energiya ishlab chiqarish imkonini beradi.

Hozirda viloyatda umumiy quvvati 49 MVt bo‘lgan 3 ta GES faoliyat yuritmoqda. Istiqboldagi loyihalar tufayli bu ko‘rsatkich sezilarli darajada oshishi kutilmoqda.  Gidroenergetika orqali viloyatda aholi elektr energiyasi iste’molining 15 foizini qoplash maqsad qilingan.

Mamlakatimizda so‘nggi sakkiz yil ichida elektr energiyasi ishlab chiqarish 38 foizga oshib, 81,5 milliard kVt/soatga yetdi. Joriy yilda respublika bo‘ylab umumiy quvvati 24,7 MVt bo‘lgan 5 ta yangi kichik GES foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Italiya, Fransiyaning landshaftli bog‘lari, qirdagi tokzorlari dunyoga mashhur. Ularni borib ko‘rishga ishtiyoqmandlar ko‘p. Endi shunday ko‘rkam maskan Shahrisabzda ham bor.

Davlatimiz rahbari Qashqadaryoga tashrifi chog‘ida ushbu agroturizm majmuasini borib ko‘rdi.

Ilgari bu joylar quruq qir-adir bo‘lgan. Tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yilgani natijasida hudud yashillikka burkandi. Majmua 520 gektardan iborat bo‘lib, adirlik qismida “terrasa” usulida uzum, gilos va olma ekilgan hamda o‘rmon barpo etilgan. Fransiyadan eng sara navlar olib kelingan.

– Cho‘l-adirlarni o‘zlashtirishimizga shubha qilganlar shu bog‘ni kelib ko‘rsin, – dedi Prezident.

7,5 ming tonna mahsulot yetishtirish imkoniyatiga ega majmuaning eksport quvvati 5 million dollarga teng. 100 ta doimiy va mingdan ortiq mavsumiy ish o‘rni yaratilgan. Ko‘chatlar rivojini fransiyalik mutaxassis kuzatib boradi, yoshlarga dehqonchilik sirlari va bozor talablarini o‘rgatadi.

Hududda, shuningdek, 120 o‘rinli restoran va 100 o‘rinli mehmonxona qurilgan. Agrologistika va o‘quv markazi, qayta ishlash, saqlash quvvatlari qurilmoqda. 

Mutasaddilar bunday bog‘larni kengaytirish, boshqa tog‘li tumanlarda ham tashkil etish rejalari haqida aytdi. Davlatimiz rahbari sug‘orishni tashkil etib, bog‘larni aholiga bo‘lib berish, odamlarga daromad manbai yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davom etmoqda. 

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

Abdulaziz RUSTAMOV,

O‘lmas BAROTOV, O‘zA muxbirlari

Powered by GSpeech