Hindiston shimolidagi Jammu va Kashmir mintaqasida sodir etilgan terakt oqibatida kamida 27 kishi halok bo‘ldi, 12 kishi yaralandi, deb xabar bermoqda “News18” telekanali.
“Lashkar-e-Tayba” bilan aloqador bir guruh terrorchilar Kashmirdagi Baysaran vodiysida sayyohlarga hujum qilib, 27 kishini o‘ldirdi, ko‘plab odamlarni yaraladi, deyiladi telekanal хабарида.

Qayd etilishicha, hujum uchun javobgarlikni “Qarshilik ko‘rsatish fronti” deb nomlangan guruh o‘z zimmasiga olgan. Harbiycha kiyingan ikki-uch qurolli kishi ot minib ketayotgan sayyohlarga qarata o‘q uzgan. Pahalgam shahridagi kasalxona shifokorlarining ma’lum qilishicha, terakt oqibatida 12 kishi jabrlangan, ularning ahvoli barqaror.

Taqdim etilgan qurbonlar ro‘yxatiga ko‘ra, ularning barchasi Jammu va Kashmirga Odisha, Tamilnadu, Gujarat, Karnataka va Maxarashtra shtatlaridan kelgan Hindiston fuqarolari bo‘lgan.

Ma’lumot o‘rnida, bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kashmir hududida sodir bo‘lgan terrorchilik harakati oqibatida ko‘plab insonlar nobud bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan Hindiston Respublikasi Prezidenti Draupadi Murmu va Bosh vaziri Narendra Modiga ta’ziya yo‘lladi.
S.Rahimov, O‘zA
- Qo'shildi: 23.04.2025
- Ko'rishlar: 383
- Chop etish