Kazushi Yamamoto: Tokiodagi sammit poyoniga yetayotgan yilning eng muhim voqealaridan biri bo‘ldi
Yakunlanayotgan 2025 yil mamlakatimizichki va tashqi siyosati uchun anchayin samarali yil bo‘ldi, deyish mumkin. Prezidentimizning turli mamlakatlarga amalga oshirgan davlat va rasmiy tashriflari, ko‘plab yirik sammit va forumlardagi ishtiroki butun dunyo e’tibor markazida bo‘ldi.
Ayniqsa, davlatimiz rahbarining Yaponiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi va “Markaziy Osiyo + Yaponiya” birinchi muloqotidagi ishtiroki xalqaro jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Aytish mumkinki, global tahlil markazlari mazkur tashrif voqealarini diqqat bilan kuzatdi. Quyida ayrim xorijlik ekspertlarning fikr-mulohazalarini keltiramiz.
Kamakshi Vason, xalqaro “Tillotoma” jamg‘armasi bosh direktori:

– So‘ngi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari ayniqsa, O‘zbekistonda iqtisodiy-siyosiy sohalarda, xalqaro hamjamiyat bilan munosabatlarda tub o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Ayniqsa, o‘lkadagi yaqin qo‘shnichilik, xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan islohotlar tahsinga loyiq. Masalan, yaqinda Tokioda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo-Yaponiya” sammiti shunchaki ramziy yig‘ilish emas edi. Bu Yaponiyaning strategik ahamiyat kasb etayotgan mintaqaga nisbatan tashqi va iqtisodiy siyosatidagi e’tiborini aks ettirdi.
Birinchi marta Markaziy Osiyoning barcha davlati rahbarlari Yaponiya bosh vaziri bilan birgalikda uchrashishdi, bu Tokioning mintaqaga ikki tomonlama munosabatlar emas, balki izchil va uzoq muddatli sherik sifatida qarash niyatini bildiradi.
Aytish joizki, kunchiqar yurtda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, yashil energiya va mudofaa sanoati uchun zarur bo‘lgan noyob yer elementlari va boshqa muhim minerallar uchun talab yuqoriligicha qolmoqda. Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston va Qozog‘iston bunga muqobil manbani taklif eta oladi. Ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish Tokio uchun ustuvor vazifaga aylandi va Markaziy Osiyo bilan hamkorlik bu kengroq maqsadga to‘liq mos keladi.
E’tirof etish kerak, sammitda O‘zbekiston yetakchisining ishtiroki muhim ahamiyat kasb etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan muhim tashabbuslar nafaqat O‘zbekiston, balki mintaqa davlatlari uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport, atrof-muhit loyihalari va raqamlli texnologiyalar rivojlanishini qamrab oluvchi 12 milliard dollardan ortiq qiymatdagi kelishuvlar e’lon qilindi. Bu Yangi O‘zbekistonning modernizatsiya sa’y-harakatlarini Yaponiya kabi texnologik jihatdan rivojlangan hamkorlar bilan sheriklikda amalga oshirishga intilishini aks ettiradi.
Ma’lumki, joriy yilda AQSH prezidenti Donald Tramp Markaziy Osiyo liderlarini Vashingtonga taklif qildi va mintaqaga qiziqish Qo‘shma Shtatlar ittifoqchilari orasida ham mavjudligini ta’kidladi. Yaponiya nuqtai nazaridan, bu AQSH bilan raqobat emas, balki muvofiqlikni va Vashington va Tokio o‘rtasida Markaziy Osiyo bo‘yicha strategik fikrlashda tafovut yo‘qligini anglatadi.
Umuman olganda, Tokiodagi sammit mintaqa davlatlari bilan barcha sohalarda hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga zamin yaratdi.
Kazushi Yamamoto,AQSH Jojrtaun universiteti tadqiqotchisi:

– “Markaziy Osiyo+Yaponiya” yig‘ini poyoniga yetayotgan yilning eng muhim voqealaridan biri bo‘ldi, deyish mumkin. Tokio deklaratsiyasi “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotini “Central Asia plus Japan Dialogue” – (CA+JAD) yanada yuqori darajaga ko‘tarish va hamkorlikni yashil barqarorlik bosqichiga olib chiqish to‘g‘risidagi kelishuvdir.
Bilamizki, Markaziy Osiyo geosiyosiy, iqtisodiy xavfsizlik va o‘zaro manfaatli biznes imkoniyatlari nuqtai nazaridan ulkan salohiyatga ega mintaqa. Xalqaro vaziyat keskin o‘zgarayotgan bir vaqtda mintaqaning Osiyo hamda Yevropani bog‘lovchi savdo yo‘li sifatidagi ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Qayd etish kerak, Yaponiya besh yil ichida Markaziy Osiyoda umumiy qiymati 3 trillion yen (taxminan 19 milliard AQSH dollari) bo‘lgan yangi biznes-loyihalarni ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, tomonlar sun’iy intellekt sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldilar, bu esa texnologik sheriklik uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский