Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Ushbu qonun loyihasi bilan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonunga hokim lavozimiga nomzod tegishli xalq deputatlari Kengashida uning nomzodi ko‘rib chiqilayotganda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning istiqbolga mo‘ljallangan dasturi bilan bir qatorda, korrupsiyaga qarshi kurashish rejasini ham taqdim etishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi qonunlarga esa Vazirlar Mahkamasi a’zosining lavozimiga nomzod uning nomzodi Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilayotganda va ma’qullanayotganda Vazirlar Mahkamasining Harakatlar dasturi bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan, istiqbolga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar va vazifalarga erishish borasidagi huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy-texnik choralarni nazarda tutuvchi harakatlar rejasidan tashqari korrupsiyaga qarshi kurashish rejasini taqdim etishi nazarda tutilyapti.

Munozaralar davomida fraksiya a’zolari qonun loyihasining ahamiyati, ayni chog‘da zaruratiga e’tibor qaratib, unda nazarda tutilayotgan ayrim normalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari, takliflarini bildirishdi. Shu bilan birga, mazkur hujjat mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish tizimini yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidladilar.
Xususan, fraksiya a’zosi Zuhriddin Mavlonovning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi jamiyatda ochiqlik va shaffoflik darajasi ortishiga, rahbarlar jamoatchilik oldidagi mas’uliyatini yanada chuqur his etishiga xizmat qiladi.
Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Yig‘ilishda kun tartibidan o‘rin olgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
O‘zA
- Qo'shildi: 07.10.2025
- Ko'rishlar: 85
- Chop etish