Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning ijrosi yuzasidan

MA’LUMOT

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi PF-6012-son Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining 5-bo‘limi 2-qismi 1-bandiga muvofiq, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi yuzasidan 2023 yil 7 aprel holatidagi monitoring natijalariga ko‘ra quyidagilar ma’lum qilinadi.

  1. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning jami 78 bandidan 67 bandi (85%) bo‘yicha ijro muddati yakunlangan, shundan 6 band bo‘yicha ijro muddati uzaytirilgan, 62 band (79%) bo‘yicha ishlar bajarilgan. 16 bandni (21%) amalga oshirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
  2. Milliy strategiyada jami 33 ta qonun hujjatlari loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgan, jumladan yangi qonun hujjatlari loyihalari – 20 ta, amaldagi qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun hujjatlari loyihalari – 4 ta, amaldagi qonunlarning yangi tahrirdagi loyihalari – 9 ta.
  3. O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasining 13 ta qonunlari qabul qilindi:

“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni (yangi tahriri);

“Favqulodda holat to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun;

“O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonuni;

Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni (yangi tahriri);

Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonuni (yangi tahriri);

“Aholi bandligi to‘g‘risida”gi;

“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi (yangi tahriri);

“Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi;

“O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi;

“O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi;

“Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi;

“Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi;

“O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlari qabul qilindi.

 Bundan tashqari, 11 ta yangi qonunlar (“Sudyalar hamjamiyati organlari to‘g‘risida”gi, “Xususiylashtirish to‘g‘risida”gi, “Bepul yuridik yordam to‘g‘risida”gi, “Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi, “Majburiy tibbiy sug‘urta to‘g‘risida”gi, “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi, “Advokatura va advokatlik faoliyati to‘g‘risida”gi, “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasida ommaviy tadbirlar to‘g‘risidagi, “Prokuratura organlarida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi) loyihasi ishlab chiqilgan, ularni qabul qilish jarayoni amalga oshmoqda.

Shuningdek, 3 ta yangi kodeks (Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi kodeks, Ekologiya kodeksi, Tadbirkorlik kodeksi) loyihasi, 7 ta amaldagi kodeksning yangi tahriri (Fuqarolik kodeksi, Mehnat kodeksi, Jinoyat kodeksi, Jinoyat-ijroiya kodeksi, Jinoyat protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, Uy-joy kodeksi) loyihasi tayyorlanib, ularni qabul qilish jarayoni amalga oshirilmoqda. 2 ta yangi kodeksni (Sog‘liqni saqlash kodeksi, Axborot kodeksi) ishlab chiqish davom etmoqda.

Bundan tashqari, inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga bevosita qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilinib amalga oshirilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 9 ta farmoni qabul qilindi:

“Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish hamda kambag‘allik bilan kurashish ko‘lamini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi;

“2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi;

“Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi;

“Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi;

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi;

“Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi;  

“Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari qabul qilindi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 17 fevraldagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta qarori qabul qilindi:

“Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi;

“Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi;

“Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi;

“O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi;

“Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 4 ta qarori qabul qilindi:

 “O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi;

“Odam savdosidan jabrlangan yoki odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni milliy darajadagi qayta yo‘naltirish tizimini tasdiqlash to‘g‘risida”gi;

 “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish tizimini takomillashtirish hamda mehnat organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi;

“Nogironligi bo‘lgan shaxslaring bandligiga ko‘maklashishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Milliy strategiya bilan belgilangan vazifalarni amalga oshirishdagi yutuqlar bilan birga ayrim kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilgan.

Xususan Milliy strategiya bilan belgilangan  “Ommaviy tadbirlar”, “Sudyalar hamjamiyati organlari”, “Xususiylashtirish”, “Ijtimoiy tadbirkorlik”, “Majburiy tibbiy sug‘urta”, “Advokatura va advokatlik faoliyati”, “Prokuratura organlarida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini ishlab chiqish ishlari yakunlangan bo‘lsa-da, ular hali hanuz qabul qilinmagan.

O‘zbekiston Resrublikasi Oliy Majlisi Senatining 2023 yil 3 martdagi SQ-698-IV-son qarori asosida yuqorida keltirilgan qonun loyihalarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kitirish belgilandi.

  1. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini e’lon qildi. Konstitutsiya loyihasidagi moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Ya’ni, Konstitutsiya matni qariyb 65 foizga ortdi va xalqimiz takliflari asosida yangilandi.

Konstitutsiya loyihasida O‘zbekiston – huquqiy davlat, deb belgilanmoqda. Jumladan, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi, deya e’lon qilinar ekan, unda inson huquqlariga oid normalar 3 baravardan ortiqqa oshmoqda.

Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklari sezilarli darajada kengaytirilmoqda. Xususan, konstitutsiyaviy huquqlar doirasi ekologik huquqlar, sog‘liqni saqlash, gender tenglik, erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash, mamlakatdan chiqish va moneliksiz qaytish, Internetdan foydalanish, shaxsiy ma’lumotlar himoyasi, oliy ta’lim, bepul yuridik yordam olish, davlat xizmatiga kirishda tenglik, uy-joyga ega bo‘lish, undan mahrum etilganda kompensatsiya olish, bank operatsiyalari va hisobvaraqlarining sir saqlanishi, qonunchilikka oid taklif kiritish kabi huquqlar bilan to‘ldirilmoqda.

Shuningdek “Inson qadri uchun” tamoyili asosida Konstitutsiya loyihasida insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir hamda hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi belgilanmoqda.

  1. “Yo‘l xaritasi”ning 4-bandi ijrosini ta’minlash doirasida 2022 yilda davlat organlari xodimlarining inson huquqlari, gender tenglik va qiynoqqa qarshi kurashish sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etildi.
    2022 yilda jami 200 dan ortiq huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining malakasi oshirildi. Jumladan, 26-27 may kunlari xalqaro ekspertlar ishtirokida Respublika barcha hududlarining huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari uchun “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kurslari o‘tkazildi. 1-3 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun “Ozodlikdan mahrum qilish joylarida gender zo‘ravonligining oldini olish” mavzusida trening o‘tkazilib, jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining ozodlikdan mahrum qilish joylarida gender zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro standartlardan xabardorligi oshirildi.

2022 yil 15 iyulda BMTning narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha Markaziy Osiyo hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda Nelson Mandela xalqaro kuniga bag‘ishlangan onlayn davra-suhbati tashkil kilindi. Davra suhbatida mamlakatning barcha hududlaridagi jazoni ijro etish muassasalari rahbarlari ishtirok etib, ularga xalqaro va milliy ekspertlar tomonidan “Nelson Mandela qoidalarining mazmun-mohiyati”, “Mahkumlar bilan muomala qilishning minimal standartlari”, “O‘zbekistondagi jazoni ijro etish muassasalarida BMTning Mahkumlar bilan muomala qilishning minimal standart qoidalarini qo‘llash” kabi mavzularda ma’ruzalar taqdim etildi.

Mamlakatimizda demokratlashtirish va inson huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar to‘g‘risida keng jamoatchilikni va xorijiy davlatlarning siyosatni shakllantiruvchi doiralarini xabardor qilish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. 2022 yil 19-20 may kunlari “Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosati va mazkur sohada xalqaro majburiyatlarning bajarilishi masalalari” mavzusida 35 ta vazirlik va idoralarning matbuot xizmati xodimlari uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etildi.

2023 yil 22-23 fevral kunlari Milliy markaz, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda Farg‘ona shahrida tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kurslari tashkil etildi. O‘quv kurslarida Milliy markaz, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti, Davlat va huquq instituti rahbariyati va professor-o‘qituvchilari, Farg‘ona viloyat ishki ishlar tizimining 50 nafar xodimlari ishtirok etdi.

2023 yil 29-30 mart kunlari Buxoro shahrida ham “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kursi tashkil etildi. Unda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti, Ichki ishlar vazirligining Akademiyasi hamda Malaka oshirish instituti rahbariyati va professor-o‘qituvchilari, Buxoro viloyati prokuraturasi 10 nafar va ichki ishlar tizimi 50 nafar xodimlari ishtirok etdi.

Ushbu o‘quv kursilari BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda ishtirokchilarning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi bilimlarini oshirish, qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmlarni takomillashtirish bo‘yicha xalqaro amaliyot va milliy tajriba asosidagi amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan edi.

Bugungi kunda Markazda inson huquqlari sohasida elektron kurslarini joriy qilish maqsadida elektron platformani ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Elektron platformada inson huquqlari sohasida ta’lim olish bo‘yicha materiallar joylashtiriladi.

  1. “Yo‘l xaritasi”ning 6-bandi ijrosini ta’minlash doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 martdagi “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatining moddiy-texnika ta’minotini yanada yaxshilash to‘g‘risida”gi PQ–180-son qarori qabul qilindi. Qaror bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi – “Inson huquqlari uyi” tashkil etildi. Shuningdek, Markazga inson huquqlari sohasida ilmiy-huquqiy bazani tizimlashtirish, o‘quv, ilmiy-uslubiy va ommabop nashrlar hamda xalqaro shartnomalarning davlat tilidagi to‘plamlari doimiy chop etilishini ta’minlash, inson huquqlarini ta’minlashga oid islohotlarning xronologiyasini yuritish, fuqarolar va ilmiy tadqiqotchilarga inson huquqlari bo‘yicha tizimlashgan ilmiy-huquqiy manbalardan foydalanish uchun keng imkoniyatlar yaratish vazifalari yuklatildi.

2021 yil davomida va 2022 yil 1-yarmi davomida Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya etish masalalariga bag‘ishlangan 40 dan yaqin amaliy qo‘llanma, sharh va uslubiy adabiyotlar nashr etildi va 80 dan ortiq davlat organlari, tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlariga tarqatildi.

2023 yil 1-choragida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Zangiota tumani, Sirdaryo viloyati axborot-kutubxona markazi, Buxoro, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatidagi axborot-kutubxonalari markazlari, maktab hamda qator oliy ta’lim muassasalari kutubxonalariga jami 1 ming 530 ta adabiyotlari taqdim etildi. Bundan tashqari, Buxoro va Farg‘ona viloyatida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida bo‘lib o‘tgan o‘quv mashg‘uloti tinglovchillariga 330 ta kitob taqdim etildi.

  1. “Yo‘l xaritasi”ning 20-bandi ijrosini ta’minlash doirasida 2022 yilda xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni ijtimoiy va huquqiy himoyalash choralari kengaytirildi. O‘zbekistonga qaytgan mehnat migrantlariga ko‘mak berish va ularning qayta integratsiyalashuvini ta’minlash tizimi shakllantirildi. Mehnat migrantlari oilalarining ijtimoiy-maishiy muammolarini hal qilish, uy-joy sharoitlarini yaxshilash oila a’zolarining bandligini ta’minlash orqali ularning daromadlari va turmush darajasini oshirishga yo‘naltirilgan kompleks chora-tadbirlar davom ettirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 1 martdagi “Xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquq va manfaatlari himoyasini yanada kuchaytirish hamda ularning oila a’zolarini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish choralari belgilandi. Unga ko‘ra, migrantlarning moddiy yordamga muhtoj oilalariga, nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga, bolalariga moddiy yordam ko‘rsatish, mehnat migrantlariga turli kompensatsiyalar to‘lash tartibi belgilandi.

Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasiga doir qonunchilik bazasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Xususan, 2022 yilda jami 11 ta normativ-huquqiy hujjat (shundan 3 ta qonun, 3 ta Prezident farmoni, 1 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 4 ta qarori) qabul qilingan va amaliyotga tatbiq etilgan.

  1. “Yo‘l xaritasi”ning 24-bandi ijrosini ta’minlash doirasida BMT qo‘mitalarining tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejalarini Oliy Majlis palatalari tomonidan tasdiqlanishi amaliyoti takomillashtirilmoqda.

2022 yil 15-16 fevral kunlari BMTning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qo‘mitasining 81-sessiyasida Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro Konvensiyaning bajarilishi yuzasidan O‘zbekistonning Oltinchi milliy ma’ruzasi ko‘rib chiqildi.

BMTning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qo‘mitasi yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Oliy Majlis Senati Kengashining 2022 yil 19 dekabrdagi Qo‘shma qarori bilan tasdiqlandi.

2022 yil 22-24 fevral kunlari BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar qo‘mitasi 71-sessiyasida O‘zbekistonning Uchinchi milliy ma’ruzasi ko‘rib chiqildi. Qo‘mita Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt normalarining bajarilishi to‘g‘risida yuzasidan o‘zining Yakuniy mulohazalarini taqdim etdi. Yakuniy mulohazalarda O‘zbekistonda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar ijobiy baholanib, Xalqaro pakt talablarini amalga oshirishni davom ettirish bo‘yicha tavsiyalar o‘z ifodasini topdi.

BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar qo‘mitasi yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Oliy Majlis Senati Kengashining 2022 yil 19 dekabrdagi Qo‘shma qarori bilan tasdiqlandi.

2022 yil 31 avgust – 1 sentyabr kunlari BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining 91-sessiyasida O‘zbekistonning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bajarilishi yuzasidan Beshinchi milliy ma’ruzasi ko‘rib chiqilib, Qo‘mitaning Yakuniy mulohazalari taqdim qilindi.  Hozirgi kunda Qo‘mita Yakuniy mulohazarida ko‘rsatib o‘tilgan tavsiyalarni amalga oshirish yuzasidan Milliy harakatlar rejasi loyihasini ishlab chiqish ishlari amalga oshirilmoqda.

  1. Milliy strategiya “Yo‘l xaritasi”ning 27-bandida Milliy strategiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida 2022 yil 24 avgust kuni Toshkent shahrida “Inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlashda davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarning hamkorligi” mavzusida Milliy forum tashkil etildi.

Milliy forumda inson huquqlarini himoya qilish sohasida davlat va nodavlat tashkilotlarining o‘zaro hamkorlik qilish mexanizmlarini takomillashtirish hamda ushbu yo‘nalishda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida maslahatlashuvlar o‘tkazish amaliyotini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Milliy forumda davlat organlari,nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari, xalqaro tashkilotlar ekspertlari, xorijiy davlatlarning vakillari ishtirok etdi.

Milliy forum muhokamalarida ishtirokchilar tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarning inson huquqlarini himoya qilish sohasida faolligini oshirish va bu borada davlat organlari bilan hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha asosli tavsiyalar ishlab chiqildi.

  1. “Yo‘l xaritasi”ning 45-bandi ijrosini ta’minlash doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Farmoni bilan aholini ijtimoiy himoya qilishning yo‘nalishlari ko‘rsatildi, jumladan:
  • ijtimoiy yordamga muhtoj va ijtimoiy nafaqa tayinlash mezonlariga javob beradigan oilalar va shaxslarni ijtimoiy yordam dasturlari bilan qamrab olish;
  • majburiy ijtimoiy kafolatlardan, shu jumladan ijtimoiy himoya turlaridan foydalanish imkoniyatini sohani raqamlashtirish hisobiga kengaytirish, ushbu jarayonga ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini joriy qilish;
  • nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich o‘tish hamda imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash;
  • ijtimoiy xizmatlarni aholiga bevosita mahalla darajasida ko‘rsatish amaliyotini joriy etish orqali aholini ijtimoiy himoya qilish.

Shuningdek, Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etilib, uning hisobidan vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik, baxtsiz hodisa, ish o‘rinlarining qisqarishi va boshqa holatlarda daromadsiz qolishdan himoya qilish, barcha yuridik shaxslarda ayollarga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘lanishi belgilandi.

Mazkur Strategiyaning qabul qilinishi mamlakatda aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchilligini ta’minlash va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish imkonini beradi.

  1. “Yo‘l xaritasi”ning 39-bandi ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida 2022 yil 10 mart kuni paxtadan tayyor mahsulotlar ishlab chiqaruvchi va ular bilan savdo qiluvchi jahondagi yetakchi kompaniyalarni birlashtiruvchi Cotton Campaign koalitsiyasi O‘zbekistonda majburiy va bolalar mehnati batamom bartaraf etilganligini tan olib, O‘zbekiston paxtasiga qo‘yilgan boykotni bekor qildi.

28 sentyabr kuni esa, AQSh Mehnat vazirligining «Bolalar mehnati va majburiy mehnat orqali ishlab chiqarilgan mahsulotlar ro‘yxati — 2022» yillik hisoboti e’lon qilindi. Unga ko‘ra, AQSh o‘zbek paxtasini bolalar va majburiy mehnat orqali ishlab chiqarilgan tovarlar ro‘yxatidan chiqardi.

Majburiy mehnatga jalb qilish holatlarining oldini olishni nazorat va monitoring qilish tadbirlari yanada kuchaytirildi. 2021 yilda Davlat mehnat inspeksiyasiga majburiy mehnatga oid 146 ta murojaat kelib tushib, barcha sohalarda majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan 75 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanilgan bo‘lsa, 2022 yilda 65 ta murojaat kelib tushib, 21 nafar aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan. Ushbu holatda 115 nafar majburiy mehnatdan jabrlangan fuqarolarning mehnat huquqlari tiklangan.

  1. “Yo‘l xaritasi”ning 40-bandini ijro etish doirasida 2022 yil 28 oktyabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonun imzolandi. Yangi Mehnat kodeksida mehnatga oid munosabatlarni huquqiy tartibga solish asoslari insonning mehnat huquqlariga oid xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirildi. Xususan, insonning mehnat qilishga bo‘lgan o‘z qobiliyatlarini tasarruf etish, ularni qonun bilan taqiqlanmagan har qanday shaklda amalga oshirish, mashg‘ulot turini, kasbni va mutaxassislikni, ish joyini hamda mehnat sharoitlarini erkin tanlash huquqi mustahkamlandi.

Mehnat kodeksida xodimning huquqlarini ta’minlash kafolatlari inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga muvofiq mustahkamlandi:

birinchidan, mehnatga oid munosabatlar sababli ish beruvchiga taqdim etilgan, xodimning, shuningdek, uning oila a’zolarining hayotidagi faktlar, voqealar va holatlar to‘g‘risidagi shaxsga doir ma’lumotlar himoyasi kafolatlandi;

ikkinchidan, xodimlarning yillik asosiy ta’tili muddatining davomiyligining eng kam muddati yigirma bir kalendar kun etib belgilanib, Xalqaro Mehnat Tashkilotining «Haq to‘lanadigan ta’til to‘g‘risida»gi 1970 yilgi konvensiyasi 3-moddasiga muvofiqlashtirildi;

uchinchidan, dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelib qolgan taqdirda, u bayramdan keyingi ish kuniga ko‘chirilishi tartibi kiritildi;

to‘rtinchidan, axborot-telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shu jumladan, internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish sharti bilan ish beruvchi va xodim o‘rtasida masofaviy mehnat munosabatlari joriy etilishi mumkinligi mustahkamlandi (COVID-2019 pandemiyasi masofaviy mehnatni qonuniy tartibga solish zaruratini ko‘rsatib berdi);

beshinchidan, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar belgilandi.

  1. “Yo‘l xaritasi”ning 44-bandi ijrosini ta’minlash doirasida Mamlakatda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlar tizimli davom ettirildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan 2022-2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish bo‘yicha Milliy dastur tasdiqlandi. Milliy dasturda xotin-qizlarning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy huquqlarini ta’minlashga qaratilgan qator chora-tadbirlar belgilandi. Jumladan:
  • xususiy korxonalar va tashkilotlarda ayollarga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi belgilandi;
  • oliy ta’lim muassasalari, texnikum va kollejlarda o‘qiyotgan xotin-qizlarning ta’lim kontraktlarini to‘lash uchun foizsiz ta’lim kreditlari joriy qilindi, magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning shartnoma to‘lovlarini davlat tomonidan qoplash tartibi belgilandi;
  • ijtimoiy ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talaba xotin-qizlarning ta’lim shartnomalarini mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan qaytarish shartisiz qoplash tartibi joriy qilindi.

Shu bilan birga, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan islohotlar davom ettirildi. Ijtimoiy faol ayollarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlab borish, ularni o‘qitish, malakasini oshirish bo‘yicha o‘ziga xos tizim yaratildi. 2016 yil yurtimizda rahbar ayollar soni 7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilga kelib bu ko‘rsatkich 12 foizga yetdi, 2022 yilga kelib esa rahbar ayollarning ulushi 27 foizga, tadbirkorlar orasida esa 25 foizga yetkazildi. Davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan istiqbolli xotin-qizlarning Yagona elektron bazasi yaratilib, unda 25 mingdan ortiq rahbarlikka nomzod xotin-qizlarning zaxira ro‘yxati shakllantirildi.

2022 yil 24 noyabr kuni Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasi tomonidan BMT Xavfsizlik Kengashining 1325-sonli “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” rezolyusiyasini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi va 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Mazkur hujjat bilan hokimiyat organlarida rahbarlik lavozimlarida xotin-qizlarning sonini oshirish bo‘yicha vaqtinchalik maxsus chora-tadbirlarni qabul kilish, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, ularning himoyasini kengaytirish, odam savdosiga, jumladan ayollar va bolalar savdosiga qarshi kurashishni kuchaytirish, vakolatli davlat organlarining xotin-kizlarga nisbatan zo‘ravonlik xavfining oldini olish bo‘yicha tayyorgarligi va mas’uliyatini oshirish kabi chora-tadbirlar belgilandi.

  1. “Yo‘l xaritasi”ning 58-bandini ijro etish doirasida qiynoqqa solishdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni davlat tomonidan kompensatsiya qilish tartibini huquqiy mustahkamlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun 2022 yil 29 mart kuni Prezident tomonidan imzolandi.

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz tomonidan “Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi qonunining dastlabki loyihasi tayyorlandi va 2022 yil 28 iyulda vazirlik va idoralarga ko‘rib chiqish uchun yuborildi. Kelib tushgan takliflarni inobatga olgan holda, Qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qonuni loyihasiga o‘zgartirildi. Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Jinoyat ijroiya kodekslari va boshqa qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi. Hozirda qonun loyihasi tayyorlanib idoraviy kelishuvga yuborishga tayyorlanmoqda.

Shuningdek, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi va Qiynoqqa qarshi qo‘mitalarining tavsiyalariga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmning qonuniy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi va jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazildi. Qonun loyihasi qiynoq holatlarini oldini olishning amaldagi mexanizmlarini takomillashtirish va yangi mexanizmlarni joriy etilishi qaratilgan bo‘lib, unga binoan, Jinoyat-ijroiya kodeksi “Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizmi” deb nomlangan yangi bob bilan to‘ldirilmoqda. Mazkur bobda, milliy preventiv mexanizm ishtirokchilari, ularning huquq va majburiyatlari, monitoring tashriflari yakunlari bo‘yicha tavsiyalar berish tartibi va boshqa masalalar o‘z aksini topgan.

  1. “Yo‘l xaritasi”ning 66-bandi ijrosini ta’minlash doirasida “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” mutaxassisliklari bo‘yicha magistr kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Ushbu yo‘nalishda Bosh prokuratura Akademiyasida 2021-2022 o‘quv yili uchun 10 ta qabul kvotasi tasdiqlanib, magistrantlar qabul qilingan. 2022/2023 o‘quv yilida mazkur mutaxassislik bo‘yicha qabul kvotasi oshirilib, 15 ta qilib tasdiqlangan.
  2. “Yo‘l xaritasi”ning 68-bandi ijrosini ta’minlash doirasida BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi Deklaratsiyasi qoidalari va mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada takomillashtirish, shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida 2023 yil 7 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston RespublikasidaInson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-46-son qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror “Yo‘l xaritasi”da quyidagilar nazarda tutildi:

  • 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab professional va oliy ta’lim tizimida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” bo‘yicha o‘quv va maxsus kurslar joriy etiladi;
  • tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, tergov organlari va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslar doimiy ravishda tashkil etiladi;
  • rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimida inson huquqlari va gender tengligi bo‘yicha o‘quv kurslari joriy qilinadi;
  • Inson huquqlari sohasida ta’lim olish bo‘yicha elektron platforma yaratiladi va ushbu platforma orqali o‘quv kurslar va seminar-treninglarni “onlayn” o‘tkazish mumkin bo‘ladi;
  • “Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalar” yillik Milliy tanlovi o‘tkazib boriladi;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayollar huquqlari, bola huquqlari va migrantlar huquqlari bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan tashkilotlarda o‘quv kurslari va seminar-treninglar tashkillashtiriladi;
  • “O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklari”, “Inson huquqlari”, “Bola huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari” turkum qo‘llanma va risolalar tayyorlanib, chop etiladi va shu asosda seminar-treninglar o‘tkazib boriladi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar axborot-kutubxona markazlarida “Inson huquqlari sohasidagi adabiyotlar burchagi” tashkil etiladi. Uning fondi doimiy ravishda xalqaro shartnomalarning davlat tilidagi to‘plamlari, soha bo‘yicha o‘quv, ilmiy-uslubiy va xalqaro nashrlar bilan ta’minlab boriladi.

Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi doirasida 2023 yil 20-28 fevral kunlari “Inson huquqlari” haftaligi o‘tkazildi. Haftalik davomida oliy va umumta’lim muassasalarida “Yangi O‘zbekiston va inson huquqlari”, “Inson huquqlari oliy- qadiryat” mavzularida 50 ga yaqin seminar, davra suhbati, mahorat darslari, videokonferensiya, uchrashuvlar o‘tkazildi. “Inson huquqlari” haftaligi ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Jumladan, Haftalik doirasida 39 ta videolavha tayyorlandi. Shundan, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi kanallarida haftalikka doir 31 ta chiqishlar qilindi, “O‘zbekiston-24” telekanalida: 13 ta intervyu va videolavhalar e’lon qilindi. O‘zA – O‘zbekiston Milliy axborot agentligi haftalikka doir 20 dan ortiq xabarni bir necha tilda keng tarqatdi.

  1. “Yo‘l xaritasi”ning 69-bandi ijrosini ta’minlash doirasida 2022 yilda jami 8 nafar mustaqil tadqiqotchilar rasmiylashtirildi. Mustaqil izlanuvchilarning ilmiy mavzulari OAK rasmiy saytida e’lon qilindi. Mustaqil izlanuvchilarning ilmiy tadqiqot rejalari tasdiqlandi. Hozirgi kunda ushbu rejalar doirasida tadqiqotlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Markaz huzurida 12.00.13 - “Inson huquqlari” (yuridik fanlar, sotsiologiya fanlari) ixtisosligi bo‘yicha tayanch doktoranturaga 3 nafar yosh tadqiqotchilar qabul qilindi. 2022 yil Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekistan Respublikasi Milliy markazi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi DSc.39/30.11.2020.Yu/S.128.01 raqamli ilmiy kengashda 12.00.13 – Inson huquqlari ixtisosligi bo‘yicha dissertatsiya himoyasi tashkiliy qilindi.
  2. “Yo‘l xaritasi”ning 72-bandi ijrosini ta’minlash doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 27  fevraldagi Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari belgilandi. Jumladan:
  • nogironligi bo‘lgan muhtoj shaxslarnizamonaviy protez-ortopediya moslamalari bilan ta’minlash I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalar hamda ularga g‘amxo‘rlik qiluvchi fuqarolarga davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish bo‘yicha imtiyozlar berish;
  • 2023 yil 1 sentyabrdan nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlashda tibbiy xulosa talab qilishni bekor qilish;
  • “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kiritilgan nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni protezlar va oyoq kamari ortoped apparatlari bilan bepul ta’minlash;
  • Adliya vazirligining “Yuridik yordam” axborot tizimida nogironligi bo‘lgan shaxslarga bepul huquqiy yordam berish uchun alohida murojaat bo‘limi yaratish;

Shuningdek, 2023/2024 o‘quv yiliga qabul jarayonidan boshlab qabul tartibi, test sinovlari to‘g‘risida abiturientlarga ma’lumot berish uchun tayyorlanadigan materiallar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay formatda bo‘lishi, jumladan, videoroliklar surdotarjima yoki subtitrlar  ilan namoyish etilishi, ta’lim olayotgan nogironligi bo‘lgan talabalarga ta’lim jarayonida ko‘maklashish uchun nogironligi bo‘lgan shaxsning oila a’zosi yoki boshqa shaxslarga oliy ta’lim muassasasida nogironligi bo‘lgan shaxsning yonida birga bo‘lishi uchun sharoit yaratish belgilandi.

  1. “Yo‘l xaritasi”ning 75-bandi ijrosini ta’minlash doirasida 2023 yil 13-15 mart kunlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi. Ushbu tashrifning bosh maqsadi O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish, bu boradagi islohotlarning qat’iyligiga bevosita ishonch hosil qilish va o‘zaro hamkorlikning hozirgi holati natijadorligini tahlil etgan holda, istiqboldagi ishlarning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olishdan iborat bo‘ldi.

BMT Oliy komissari O‘zbekistonning bolalar va majburiy mehnatga barham berish, gender tenglikni ilgari surish, sud idoralarining mustaqilligini va qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi muvaffaqiyatlari, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi qabul qilingani, mamlakatimiz BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilgani, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokidagi preventiv mexanizm yaratilgani, mojarolar hududlaridan xotin-qizlar va bolalar o‘z yurtiga qaytarilgani, ularning qayta ijtimoiy integratsiyalashuvi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilganini yuqori baholadi.

  1. “Yo‘l xaritasi”ning 73-bandi ijrosini ta’minlash doirasida 2022 yil 7 fevralda Xalqaro mehnat tashkilotining «Qurilishda mehnat xavfsizligi va gigienasi to‘g‘risida»gi 167-sonli Konvensiyasi ratifikatsiya qilindi. Mazkur konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi mehnat xavfsizligi va gigienasi bo‘yicha xalqaro standartlarni samarali joriy etishga xizmat qiladi.
  2. “Yo‘l xaritasi”ning 76-bandini amalga oshirish doirasida 2022 yil 5–6 dekabr kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasi va Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surgan tashabbuslarini amalga oshirish, inson huquqlari bo‘yicha ta’limni rivojlantirish masalalarini muhokama qilish maqsadida “Inson huquqlari sohasida ta’lim” Global forumi tashkil etildi.

Global forumda BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Jahon ta’lim dasturini amalga oshirishning oraliq natijalarini sarhisob qilindi, bu sohadagi ilg‘or tajriba, amaliyot va innovatsion yondashuvlarning taqdimoti tashkil etildi, inson huquqlari sohasidagi ta’lim va tarbiya tizimini xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada takomillashtirish bo‘yicha fikr almashildi va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Global forumda 120 dan ortiq xalqaro ekspertlar va 2000 dan ortiq milliy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha ta’lim bo‘yicha adabiyotlar ko‘rgazmasida inson huquqlari ta’limiga bag‘ishlangan 250 ga yaqin nomdagi mingdan ortiq kitob va ilmiy jurnallar namoyish etildi.

Jahonning turli universitetlarining yetakchi professor-o‘qituvchilari tomonidan mamlakatning barcha hududlaridagi oliy ta’lim muassasalari pedagoglari, talabalari, davlat organlari xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, jami 7000 dan ortiq tinglovchilar uchun “inson huquqlari bo‘yicha mahorat darslari” tashkil qilindi.

Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi Yangi O‘zbekiston siyosati to‘g‘risida aholini va xalqaro jamoatchilikni xabardor qilish bo‘yicha ishlar amalga oshirildi. Milliy va jahon axborot maydonlarida 300 dan ortiq axborot va axborot-tahliliy materiallar joylashtirildi. Internet va ijtimoiy tarmoqlarda Global forum materiallarini ko‘rishlar soni  250 mingdan oshdi.

Global forumda O‘zbekistonning inson qadr-qimmati, huquq, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi siyosati va tashabbuslari, Yangi O‘zbekistonda keyingi yillarda inson huquqlarini himoya qilish, inson huquqlari sohasida ta’limni rivojlantirish, jamiyatda inson huquqlari madaniyatini shakllantirish borasida amalga oshirilgan ishlar yuqori baholandi.

Global forumning Yakuniy hujjati – Markaziy Osiyoda Inson huquqlari sohasida ta’limni rivojlantirish bo‘yicha Samarqand harakatlar rejasi qabul qilindi.

Global forumining yakuniy hujjati Birlashgan Millatlar Tashkilotining olti rasmiy tiliga – arab, xitoy, ingliz, fransuz, rus va ispan tillariga tarjima qilingani holda BMTga a’zo barcha davlatlar, uning ixtisoslashgan muassasalari o‘rtasida tarqatildi, A/77/800 raqami ostida tashkilot jurnali hamda uning rasmiy hujjatlar tizimiga joylashtirildi.

Hujjatda Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim va tarbiya umuminsoniylik, bo‘linmaslik va o‘zaro bog‘liqlik tamoyillariga muvofiq barcha inson huquqlari va asosiy erkinliklariga umumbashariy hurmat va ularga rioya etilishini rag‘batlantirishning asosi ekanligini hamda odamlarning barcha ishlarda to‘liq ishtirokini ta’minlash uchun zarur ekanligini hisobga olib, ularning hayotiga ta’sir qiluvchi qarorlar qabul qilish jarayonlari - fuqarolik, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik, raqamli kamsitish va boshqa inson huquqlari buzilishi, shuningdek, zo‘ravonlik va mojarolarning oldini olishga tayanishiga e’tibor qaratilgan.

Powered by GSpeech