«Konstitutsiya – xalqchil davlat,
barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!»
Mamlakatimizda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohot va yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi yangi taraqqiyot bosqichining siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, axloqiy va tashkiliy asoslarini oliy darajada mustahkamladi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston huquqiy tizimining asosi bo‘lib, u mamlakatda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar uchun poydevor vazifasini bajarmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyani ishlab chiqish va qabul qilish masalasida umumxalq muhokamasi va referendumning o‘tkazilishi har bir fuqaroga mamlakat siyosiy tuzilmasini yanada rivojlantirishga shaxsiy hissasini, inson, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarning mutlaqo yangi tizimiga ovoz berishini ta’minlagan demokratiya namunasi bo‘ldi.
Konstitutsiyaviy islohotlar siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy o‘sishni nazarda tutadi, lekin bu o‘sishning adolatli, oshkora, hisobdor va shaffof bo‘lishi inson huquqlarining ta’minlanish darajasiga bog‘liq. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, Yangi O‘zbekistonda davlat siyosatining markazida inson qadri va uning manfaatlarini ta’minlash ustuvorligi turadi.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi bilan inson huquqlarini himoya qilishning kafolatlari va mexanizmlari eng yuqori darajada – Asosiy qonun darajasida kuchaytirildi. Zero, Yangi O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini faqat tan olishnigina emas, balki ularga rioya qilish va ularni himoya qilish asoslarini ham kuchaytirish maqsad qilib qo‘yilgan.
Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning 40 foizidan ortig‘i, yangi kiritilgan 27 ta normaning 11 tasi bevosita inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga taalluqli ekanligi, normalarining inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga to‘la muvofiqlashtirilganligi yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning inson huquqlari va erkinliklari ustuvorligini to‘laqonli ta’minlashdan iborat mohiyatini belgilaydi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning Muqaddimasi “Biz, O‘zbekistonning yagona xalqi – inson huquq va erkinliklariga sodiqligimizni tantanali ravishda e’lon qilib”, deb boshlanishi ham O‘zbekistonda bundan buyon jamiyat va davlatning asosiy maqsadi inson huquq va erkinliklari ustuvorligini ta’minlashdan iborat bo‘lishini ramziy jihatdan ifodalaydi.
Konstitutsiyaning 1-moddasida “O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat”, deb mustahkamlanishi va 154-modda bilan bu normani qayta ko‘rib chiqish mumkin emas degan qoidaning o‘rnatilishi inson huquq va erkinliklarini ta’minlash kafolatlari qat’iy belgilanganidan dalolat beradi.
Konstitutsiya bilan inson huquq va erkinliklarini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ma’naviy-axloqiy, huquqiy va tashkiliy kafolatlarning keng qamrovli majmui mustahkamlangan.
Birinchidan, Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarini ta’minlashning moddiy-iqtisodiy asoslarini yaratish bilan bog‘liq iqtisodiy kafolatlar mustahkamlangan. Bozor iqtisodiyoti asoslari, mulk shakllarining turli-tumanligi, iqtisodiy faoliyat erkinligi, mulk daxlsizligi va boshqa iqtisodiy kafolatlar kuchaytirilgan.
Jumladan, Konstitutsiyaning 65-moddasiga muvofiq, davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratadi, iste’molchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlaydi. Bosh qomusimizning 67-moddasiga binoan, davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlaydi. O‘zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanadi.
Ikkinchidan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarini ta’minlashning siyosiy kafolatlari kuchaytirilgan. Asosiy qonun normalarida mamlakatda siyosiy barqarorlik, osoyishtalik, fuqarolik jamiyati va demokratiya rivojlanishi, davlatni boshqarishda turli qatlam vakillariga teng imkoniyatlar yaratilishi, davlat va jamiyat boshqaruvida aholining turli qatlamlari manfaatlari hisobga olinishi, shaxs va jamiyat manfaatlari uyg‘unligi va mutanosibligi ta’minlanishi kafolatlangan.
Jumladan, Konstitutsiyaning 72-moddaga muvofiq, davlat nodavlat notijorat tashkilotlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlaydi, ularga jamiyat hayotida ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratadi. Asosiy qonunning 81-moddasiga binoan, davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi.
Uchinchidan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya inson huquq va erkinliklarini ta’minlashning ijtimoiy kafolatlarini kengaytirdi. Konstitutsiyada insonning munosib hayot kechirishi uchun shart-sharoit yaratish, jumladan moddiy, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, sifatli ta’lim va tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini, bolalar, yoshlar, ayollar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksa yoshdagi shaxslar va boshqalarga munosib sharoitlarni ta’minlashga xizmat qiladigan ijtimoiy davlat asoslari mustahkamlangan.
Jumladan, Konstitutsiyaning 57-moddasiga muvofiq, mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari davlat himoyasidadir. Davlat aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalari turmush sifatini oshirishga, jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun ularga shart-sharoitlar yaratishga hamda ularning asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan choralarni ko‘radi. Konstitutsiyamizning 78-moddasiga ko‘ra, bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir.
To‘rtinchidan, Konstitutsiyada inson qadri hamda huquq va erkinliklarini ta’minlashning ma’naviy-axloqiy kafolatlari belgilandi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mamlakatimiz inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida umuminsoniy qadriyatlar bilan birga yurtimizda ming yillar davomida shakllangan milliy-axloqiy qadriyatlarga ham tayanilishi mustahkamlangan.
Jumladan, Konstitutsiyaning 21-moddasiga muvofiq, inson o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, jamiyat hamda davlatning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasligi shart. Insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligi hamda jamoat tartibini ta’minlash maqsadida zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkin.
Beshinchidan, Konstitutsiyada mamlakatda inson huquq va erkinliklarini ta’minlashning huquqiy muhitini yaratishni nazarda tutadigan huquqiy kafolatlar mustahkamlangan. Bu huquqiy davlat asoslarining mustahkamlanishini anglatadi.
Konstitutsiyaning 15-moddaga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi so‘zsiz tan olinadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismidir. Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining qonunida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qo‘llaniladi.
Asosiy qonunimizning 19-moddasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq e’tirof etiladi va kafolatlanadi. Inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.
20-moddaga muvofiq, insonning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas. Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi. Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.
54-moddaga ko‘ra, insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadidir. Davlat inson hamda fuqaroning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi.
Oltinchidan, Konstitutsiyada inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan tashkiliy kafolatlar mustahkamlanib, unda inson huquqlari himoya qilishda davlat organlari, jumladan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda inson huquqlari milliy institutlari faoliyatini kuchaytirish nazarda tutilgan. Konstitutsiyada ilk bor inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning milliy mexanizmlari bilan bir qatorda xalqaro mexanizmlaridan foydalanish kafolatlari belgilangan.
Jumladan, Konstitutsiyaning 55-moddasiga muvofiq, har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli. Har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
Har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqi kafolatlanadi.
Har kim O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli.
Har kim davlat organlarining yoxud ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga ega.
56-moddaga muvofiq, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, jumladan Ombudsman, Bolalar ombudsmani, Biznes- ombudsman, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllari hamda vositalarini to‘ldiradi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga va inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga ko‘maklashadi. Davlat inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Shunday qilib, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – oliy yuridik kuchga ega bo‘lgan asosiy qonun bo‘lib, inson qadri hamda huquq va erkinlarini ta’minlashning eng muhim, ustuvor kafolatlarini belgiladi. Shuningdek, Konstitutsiya jahonning ko‘plab tillariga tarjima qilinadigan hujjat sifatida Yangi O‘zbekistonni jahon xalqlariga inson qadri va manfaatlarini himoya qiladigan, adolatli, ilg‘or davlat sifatida tanitadi.
Albatta, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning normalari mamlakatimizda islohotlarni yanada jadal sur’atlar bilan davom ettirishni, bu yo‘lda jamiyatning barcha ilg‘or kuchlarini safarbar etishning asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘tkirbek Ochilov,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i
- Qo'shildi: 06.12.2023
- Ko'rishlar: 5016
- Chop etish