(Milliy markazga 2023-yilda kelib tushgan murojaatlarning tahlili)
Fuqarolarning murojaat qilish huquqi inson huquqlari ta’minlanishining muhim omillaridan biri bo‘lib, ushbu masala milliy qonunchiligimizda alohida mustahkamlangan. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 40-moddasida shunday deb belgilangan:
“Har kim bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda davlat organlariga hamda tashkilotlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, mansabdor shaxslarga yoki xalq vakillariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega.
Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shart”.
Fuqarolarning murojaat qilishga oid ushbu konstitutsiyaviy huquqi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun orqali amalga oshiriladi. Mazkur qonun davlat organlari va davlat muassasalariga, shuningdek, ularning mansabdor shaxslariga jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy normativ-huquqiy hujjat hisoblanib, unda ko‘zda tutilgan normalar barcha davlat organlari, davlat ishtirokidagi tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari uchun birdek amal qiladi.
O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 10-dekabrdagi qarori bilan berilgan vakolatlar doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida ham davlat organi sifatida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, 2023-yilda Milliy markazga jami 1430 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2022-yildagidan 9,9% ko‘pdir.
Milliy markazga kelib tushgan murojaatlarning 1398 tasi taalluqliligi bo‘yicha tegishli idoralarga ko‘rib chiqish uchun yuborilgan. Shundan 129 ta murojaatlar bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan. Murojaatlarning 32 tasi anonim murojaat hisoblanganligi sababli “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun 3,6 va 29-moddalariga binoan ular ko‘rmasdan qoldirildi.
Murojaatlarning 393 tasi (28,1%) fuqarolardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul jarayonida, 1005 tasi (71,9%) aloqa vositalari (asosan pochta aloqa tarmog‘i orqali) olingan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi orqali – 39 ta murojaat, Milliy markazning Virtual qabulxonasi orqali 133 ta murojaat kelib tushgan.
Murojaat mualliflari jinsi bo‘yicha tahlil qilinganda, 679 nafar (48,5%) erkak va 646 nafar (46,2%) ayol tomonidan yuborilgan hamda 73 tasi (5,2%) jamoaviy kelib tushgan murojaatlar tashkil qiladi. Murojaatlarning 1064 tasi (76,1%) ariza, 330 tasi (23,6%) shikoyat va 4 tasi (0,4%) takliflardir.
Bundan tashqari, 2023-yil davomida Milliy markaz qabulxonasida jami 500 nafardan ortiq fuqaro qabul qilingan bo‘lib, shundan 393 nafar fuqaroning yozma murojaatlari bilan ish yuritilgan. Shuningdek, 100 nafardan ortiq fuqaroga huquqiy tushuntirish va maslahatlar berilgan.
Hududlar kesimida taqqoslanganda, 2023-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahridan murojaatlar soni ortgani kuzatildi. Aksincha, Buxoro, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlari aholisidan kelib tushgan murojaatlar soni kamaygan.
Eng ko‘p murojaatlar o‘tgan yillardagidek Toshkent shahri – 407 (28,4%); Qashqadaryo – 230 (16%); Toshkent viloyati – 170 (11,9%); Surxondaryo – 91 (6,3%) va Samarqand – 85 (6%) viloyatlaridan kelib tushgan.
Murojaatlarning 678 tasi (48,5%) shaxsiy, 594 tasi (42,5%) ijtimoiy-iqtisodiy, 87 tasi (6,2%) siyosiy huquqlarga va 39 tasi (2,8%) madaniy huquqlarga oid murojaatlarni tashkil qiladi.
Milliy markaz tomonidan ko‘rib chiqilgan murojaatlarning:
-
294 tasi – fuqarolarning odil sudlovga oid huquqlariga taalluqli;
-
156 tasi – surishtiruv va dastlabki tergov organlarining mansabdor shaxslari xatti-harakatlaridan, shuningdek, qarorlaridan norozilik;
-
194 tasi – mahalliy davlat hokimiyati idoralari qarorlaridan bilan bog‘liq;
-
251 tasi – boshqa davlat idoralari, muassasalari va tashkilotlarining qarorlari hamda mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari bilan bog‘liq;
-
164 tasi – munosib turmush kechirishga doir;
-
70 tasi – davlat organlariga murojaat qilish bilan bog‘liq;
-
165 tasi – shaxsiy mulk huquqlariga doir;
-
82 tasi – sud qarorlari ijrosi bilan bog‘liq murojaatlardir.
Monitoring natijasida, o‘tgan yillardagi kabi, 2023-yilda kelib tushgan murojaatlarning aksariyati odil sudlovni amalga oshirish, sud qarorlaridan, dastlabki tergov harakatlari hamda ularni olib borgan mas’ul shaxslarning, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati idoralarining qarorlaridan norozilik, yer ajratish, shaxsiy mulkka va uy-joyga bo‘lgan huquqlarga doir murojaatlar ko‘p kelib tushganligi ma’lum bo‘ldi.
Mamlakatimizda odil sudlovni O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Fuqarolik-protsessual, Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy-protsessual, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslar va “Sudlar to‘g‘risida”gi qonun talablariga binoan faqat sudlar tomonidan amalga oshiriladi, ularning faoliyatiga aralashish taqiqlanadi. Shuningdek, davlat tergov va surishtiruv organlarining faoliyati yuqori turuvchi organ hamda prokurorlar tomonidan nazorat qilinishi Jinoyat-protsessual kodeks va “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunda mustahkamlab qo‘yilgan.
Milliy markaz tomonidan turli davlat idoralari va huquqni muhofaza qilish organlariga 2023-yil davomida yuborilgan 400 dan ortiq tavsiyaning ko‘rib chiqilishi natijasida:
-
25 ta murojaat yuzasidan fuqarolarning huquqlari tiklandi;
-
62 ta holatda fuqarolarga huquqlari tiklanishida va qonuniy manfaatlarining amalga oshishida amaliy ko‘maklashildi;
-
129 ta holatda fuqarolarga qonunchilik hujjatlari talablari bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi.
Bundan tashqari, 2023-yil davomida telefon qo‘ng‘iroqlari orqali murojaat qilgan 2800 nafardan ortiq fuqarolarga huquqiy maslahatlar berildi. Milliy markazga og‘zaki huquqiy maslahat so‘rab murojaat qiluvchilar soni yildan-yilga ortib bormoqda.
Fuqarolarga “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyatini tushuntirish borasida Namangan viloyati Uychi, Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanlari, Qashqadaryo viloyati Muborak va Qarshi tumanlarida uchrashuv va ochiq muloqotlar o‘tkazildi.
Milliy markaz tomonidan turli davlat idoralari hamda huquqni muhofaza qilish organlariga 2023-yil davomida kiritilgan 350 dan ortiq tavsiyaning ko‘rib chiqilishi natijasi bo‘yicha 29 ta murojaat yuzasidan fuqarolarning huquqlari tiklandi, 69 ta holatda fuqarolarga huquqlari ro‘yobga chiqarilishida va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishda amaliy ko‘mak berildi.
E’tiborli tomoni shundaki, bir insonning buzilgan huquqini tiklash uchun bir necha yillar talab etilmoqda. Ya’ni, Milliy markaz tomonidan ko‘rib chiqilgan ayrim murojaatlar bo‘yicha unda ko‘tarilgan masalani qonuniy hal qilish vakolatiga ega bo‘lgan davlat organiga kiritilgan tavsiya va xulosalar yuzasidan bir necha yillardan so‘ng ijobiy qarorlar qabul qilinmoqda.
Milliy markaz tomonidan ko‘rib chiqilgan va kiritilgan takliflar asosida qanoatlantirilgan murojaatlar quyidagilarda o‘z ifodasini topdi:
Toshkent shahrida yashovchi M.A.ning o‘g‘li M.A.ga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi bo‘yicha og‘ir jazo qo‘llanilganidan noroziligi haqida Milliy markazga kelib tushgan murojaati bo‘yicha Sirdaryo viloyat sudiga tavsiya kiritilgan. Ushbu sudlanuvchi himoyachisining bergan apellyatsiya shikoyatiga ko‘ra o‘ziga nisbatan ortiqcha qo‘yilgan ayblov bo‘yicha oqlanib, Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga asosan jarima jazosi tayinlangan holda, sud zalidan qamoqdan ozod etilgan.
Navoiy viloyatida yashovchi fuqaro M.T. Uchquduq tumani IIB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi turmush o‘rtog‘i A.T.ga nisbatan asossiz ravishda qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilganligi hamda u bilan uchrashishga ruxsat berilmayotganligi to‘g‘risida Milliy markazga murojaat yo‘llagan. Bu holat bo‘yicha Navoiy viloyati prokurori nomiga kiritilgan tavsiyaga binoan, tergov harakatlari yakuniga ko‘ra A.T.ga nisbatan qo‘llanilgan ehtiyot chorasi uy qamog‘iga o‘zgartirilgan.
Andijon viloyatida yashovchi fuqaro G.A.ning ham xuddi shu mazmundagi murojaati bo‘yicha Toshkent shahar prokuroriga Milliy markazning tavsiya xati kiritilgan. Natijada murojaat egasining turmush o‘rtog‘i bo‘lmish E.A.ga nisbatan qo‘llanilgan ehtiyot chorasi o‘zgartirilgan.
Jizzax viloyatida yashovchi fuqaro F.B.ning Milliy markaz Virtual qabulxonasiga onasi G.T.ga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan zarar qoplangan bo‘lishiga qaramasdan ehtiyot chorasi o‘zgartirilmayotganidan norozi bo‘lib yo‘llagan murojaati ko‘rib chiqildi. Pirovardida Jinoyat-protsessual kodeks talablari asosida Jizzax viloyat sudiga kiritilgan tavsiya xati qanoatlantirilgan: G.T.ga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi sud ajrimi asosida “munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat” ehtiyot chorasiga o‘zgartirilib, sudlanuvchi tergov hibsxonasidan ozod qilingan.
Qashqadaryo viloyatida yashovchi fuqaro D.T. o‘z farzandi – ichki ishlar idorasi xodimi O.T.ga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari bekor qilinib, uning oqlanishida amaliy yordam so‘ragan.
Fuqaro D.T.ning yozma murojaati yuzasidan Milliy markaz O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga kiritgan tavsiya xati qanoatlantirilgan. Mahkum O.T.ga nisbatan Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi talablariga binoan oqlov hukmi chiqarilgan.
Toshkent shahrida yashovchi fuqaro X.X. ham o‘z farzandi I.O.ga oid jinoyat ishi birinchi bosqich sudida har tomonlama ko‘rilib, qonuniy qaror qabul qilinishida amaliy yordam so‘ragan. Uning yozma murojaatiga binoan Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tumani sudiga tavsiya xati kiritildi va sudda Milliy markaz vakili ishtirok etdi.
Sud I.O.ga nisbatan Jinoyat kodeksining ayblangan moddasida ko‘rsatilgan eng kam jazodan ham yengilroq jazo tayinladi. Boshqacha aytganda, murojaat muallifining talablari qanoatlantirilib, sudlanuvchi I.O. sud zalidan ozod etildi.
Fuqaro M.Q.ning o‘ziga nisbatan bezorilik xatti-harakatlarini sodir etgan 2 nafar shaxslarga nisbatan chora ko‘rilmayotganidan norozi bo‘lib yozgan shikoyatiga asosan Toshkent shahar prokuraturasiga tavsiya xati kiritilgan edi. Shahar prokuraturasi tomonidan berilgan javob xatida ko‘rsatilishicha, fuqaro D.N.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqidagi qaror Yunusobod tuman prokuraturasi tomonidan bekor qilinib, Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Samarqand viloyatida yashovchi fuqaro Sh.V.ning murojaati asosida Sog‘liqni saqlash vazirligiga kiritilgan tavsiyaga binoan murojaat muallifining turmush o‘rtog‘i O.V.ga 2-guruh nogironligi tayinlanib, huquqlari ro‘yobga chiqarilgan.
Farg‘ona viloyatida yashovchi fuqaro A.M.ning murojaati asosida Farg‘ona viloyat prokuraturasiga kiritilgan taklif asosida foydalanilgan gaz ta’minoti uchun hisoblangan noreal qarzdorlik bartaraf etilishi ta’minlangan va yangi zamonaviy gaz hisoblagich uskunasi o‘rnatib berilgan.
Sirdaryo viloyatida yashovchi fuqaro S.A.ning ijtimoiy masalada yozgan murojaati asosida viloyat hokimligiga tavsiya xati kiritilgan edi. Murojaat Xalq deputatlari Sirdaryo tuman kengashi tomonidan ko‘rib chiqilib, fuqaro S.A.ga 1 mln so‘m miqdorida moddiy yordam ajratilgan.
Farg‘ona viloyatida yashovchi 1-guruh nogironligi bo‘lgan fuqaro F.I.ning xorijiy davlat tibbiy muassasasida davolanish uchun mablag‘ ajratilishida amaliy yordam so‘rab yozgan murojaati asosida Farg‘ona viloyat hokimligiga tavsiya xati kiritilgan edi. Viloyat hokimligi tomonidan 5700 AQSh dollari ajratilishi ta’minlangan.
Shu bilan birga, Milliy markaz kiritgan tavsiyalarga binoan fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari ham tiklanmoqda. Bu jarayonda murojaat egalariga moddiy zarar undirib berilishi ta’minlangan holatlar anchagina. Xususan:
-
fuqaro X.A.ga – qarzdor U.E.dan 9,8 mln so‘m miqdoridagi aliment qarzdorligi aliment to‘lovlari jamg‘armasidan;
-
fuqaro G.E.ga – qarzdor U.J.dan 1,4 mln. so‘m aliment puli;
-
fuqaro J.Sh.ga – qarzdor D.B.dan 21,9 mln. so‘m moddiy zarar miqdori;
-
fuqaro M.S.ga – qarzdor I.X. hisobidan 22,5 mln so‘m moddiy zarar miqdori;
-
fuqaro R.X.ga – ishlagan tashkilot hisobidan 3 oylik ish haqi;
-
fuqaro B.X.ga – ishlagan tashkiloti hisobidan to‘lanmasdan kelgan 8 mln. so‘mga yaqin ish haqi;
-
fuqaro R.X.ga – ishlagan tashkilot hisobidan 3 oylik ish haqi;
-
fuqaro M.S.ning foydasiga qarzdor I.X.dan 22,5 mln. so‘m undirib berilgan.
Yana bir misol: Buxoro viloyatida yashovchi bolalikdan 2-guruh nogironligi bo‘lgan fuqaro N.S.ning murojaati asosida Milliy markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligiga tavsiya kiritgan. Shunga ko‘ra, fuqaro N.S. ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz keksalar, pensionerlar va nogironlar ro‘yxatiga kiritilib, unga “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan yakka tartibdagi dastur asosida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladigan bo‘ldi.
Milliy markazga murojaat qilgan fuqaro F.P. ham Buxoro viloyatida yashaydi. U sudning tegishli qarori bilan oqlangan bo‘lib, jinoiy javobgarlikka tortilguniga qadar ishlab kelgan lavozimiga ishga tiklanishi to‘g‘risidagi sud qarori ijrosi ta’minlanmayotganidan norozi bo‘lib shikoyat yozgan. Bu borada Bosh prokurori nomiga prokuror nazorati o‘rnatish uchun tavsiya xati kiritildi. Natijada nazorat-tekshiruv harakatlari davomida fuqaro F.P.ning huquqlari tiklandi va u oldingi ishlagan lavozimiga teng ish bilan ta’minlandi.
Xulosa qilib aytganda, Milliy markaz jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillari murojaatlarini ko‘rib chiqishda o‘z vakolati doirasida manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar bilan hamkorlikda izchil va samarali ish olib bormoqda. Binobarin, O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, “Davlat organlarining kundalik faoliyatida inson huquq va erkinliklari ustuvorligiga oid konstitutsiyaviy tamoyil so‘zsiz ta’minlanishi kerak”.
Otabek NORBOEV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i.
- Qo'shildi: 20.02.2024
- Ko'rishlar: 3139
- Chop etish