Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirishning huquqiy asoslari: O‘zbekiston tajribasi

26-mart kuni Toshkentda ayni mavzuda davra suhbati o‘tkazildi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston nogironlar uyushmasi va Qirg‘izistonning “Birdamlik” markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Davra suhbatini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ochib berdi. Dolzarb va barchaning e’tiboridagi mavzu muhokamasiga to‘plangan xorijiy ekspertlar va tadbir ishtirokchilariga minnatdorchilik bildirildi.

Nogironligi bo‘lgan insonlar – jamiyatning teng huquqli a’zolaridir, dedi A.Saidov. Mamlakatimizda ushbu prinsipga qat’iy amal qilish borasida izchil va tizimli ishlar olib borilmoqda. Bunda  Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri va sha’ni uchun” prinsipi asosida inklyuziv taraqqiyotni, ya’ni aholining barcha qatlamlari uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega.

Keyingi yillarda yurtimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash yo‘lida bir qator huquqiy va tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada birinchi marta nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlariga oid normalar alohida moddada belgilandi.

Shuningdek, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. O‘zbekiston BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga qo‘shildi. Shu tariqa ayni yo‘nalishda mustahkam huquqiy baza yaratildi.

Yanada muhimi, bugungi kunda izchillik bilan bajarilayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning mutlaqo yangi tizimini yaratish istiqbollari ochib berilgan. Strategiya nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va ularning mamlakatimiz ijtimoiy hayotida faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan ko‘plab tadbirlar va tashabbuslarni o‘zida qamraydi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlashga oid tashkiliy chora-tadbirlar haqida fikr yuritganda, bu sohadagi milliy institutsional tuzilma tubdan isloh etilganini ta’kidlash lozim. Xususan, Vazirlar Mahkamasi huzurida Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi, Nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlari bo‘yicha idoralararo kengash tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya bo‘yicha milliy agentlik tuzilgani ushbu yo‘nalishdagi yana bir salmoqli yutuq bo‘ldi.

Davra suhbatida milliy va xorijiy ekspertlarning ma’ruzalari tinglandi. Muloqotlar davomida muhim baholar va amaliy takliflar bildirildi.

Tadbir yakunida nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish muammosining turli qirralari ochib berilgan bir nechta yangi nashr taqdimoti o‘tkazildi.

 

Ma’lumot uchun: O‘zbekistonda 790 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxs rasman ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning salkam 62 foizi qishloq joylarda yashaydi va taxminan 45 fozini xotin-qizlar tashkil etadi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning qariyb 123,9 ming nafari – 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar, 666,3 ming nafardan ortig‘i – 16 yoshdan oshgan yoshlar, 201,7 ming nafardan ziyodi – pensiya yoshidagi keksalardan iborat.

Hozirgi kunda mamlakatimizda 300 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan inson mehnatga layoqatlidir. Ularning 100 mingdan ko‘proq qismi doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlangan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

O‘zA

UzDaily.uz

 

Powered by GSpeech