20-noyabr – Butunjahon bolalar kuni
Ona zaminimizning suv zaxiralarini o‘ylovsizlik va isrofgarchilik bilan sarflash, tabiat va bioxilma-xillikka muntazam ziyon-zahmat yetkazish, Yer va koinotni chiqindixonaga aylantirish, ana shu salbiy jarayonlar asnosida kutilajak turli ofatlarga qarshi kurash imkoniyatlarining cheklanishiga bevosita sababchi bo‘lish – bularning barchasi, bir tomondan, insoniyatning boshiga yangidan yangi balolar yog‘ishiga olib kelayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, mavjud tahdidu xatarlarning yanada kuchayishiga turtki bo‘lmoqda.
BMT Universiteti hamda Atrof-muhit va inson xavfsizligi institutining “2023-yildagi tabiiy ofatlarning o‘zaro bog‘liqlikdagi xatarlari” nomli ma’ruzasida shu haqda so‘z boradi. Hisobotda sayyoramizda istiqomat qilayotgan jami insonlarning hayotiga halokatli ta’sir ko‘rsatadigan global xatarlarning o‘zaro uyg‘un oltita nuqtasi sanab o‘tilgan. Bular:
- bioxilma-xillik barham topishining tezlashishi;
- shu bilan bog‘liq holda ekotizimning izdan chiqishi;
- yer osti suvlarining keskin pasayishi oqibatida suv zaxiralarining kamayib ketishi;
- tog‘ muzliklarining erishi;
- koinotda chiqindilarning ko‘payishi;
- ob-havoning haddan ortiq isib ketishi.
Ushbu salbiy omillarning o‘zaro omuxtaligida yuzaga kelayotgan iqlim inqirozi uchun eng kam javobgar insonlar – bolalardir. Ammo, afsuski, aynan jajji farzandlarimiz iqlim o‘zgarishi va turli ekologik ofatlarning oqibatlaridan eng ko‘p jabr ko‘rmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, dunyoda har yili besh yoshgacha bo‘lgan 1,7 million nafar bola atrof-muhitning oldini olish mumkin bo‘lgan zararlaridan vafot etadi. Shunga qaramay, ekologiya siyosati masalalari bo‘yicha deyarli barcha qarorlar bolalar va yoshlar ishtirokisiz qabul qilinmoqda. Yaqinda bunday adolatsizlikka barham berish yo‘lida dastlabki muhim qadam qo‘yildi. Bu o‘rinda BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi birinchi marta Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga binoan a’zo davlatlarning majburiyatlarini har tomonlama ifoda etish orqali bolalarning toza, sog‘lom va barqaror muhitga bo‘lgan huquqini bevosita tasdiqlagani bilan bog‘liq yangi hujjat haqida so‘z bormoqda. Gap shundaki, BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan 2023-yil 28-avgustda «Iqlim o‘zgarishi masalalariga alohida e’tibor qaratgan holda bolalar huquqlari va atrof-muhit to‘g‘risidagi 26-sonli umumiy tartib sharhi» e’lon qilindi. Ushbu hujjat BMT darajasida va bolalarning bevosita ishtirokida, jahonning 121 mamlakatidagi ko‘plab bolajonlardan kelib tushgan 16 mingtadan ortiq ariza asosida, inklyuziv tarzda ishlab chiqildi. Bolalar huquqlari va atrof-muhit to‘g‘risidagi mazkur sharhda favqulodda iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi va atrof muhit ifloslanishi sharoitida bolalar hayoti va istiqbollarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangani nihoyatda e’tiborlidir. Yanada sodda qilib aytganda, Umumiy tartib bo‘yicha sharhda 1989 yilgi Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning muayyan sohalarida bolalarning yashash, rivojlanish, sog‘liq bo‘yicha huquqi kabi universal huquqlari nimani nazarda tutishi haqida ekologiya nuqtayi nazaridan huquqiy yo‘l-yo‘riqlar berilgan.
Jumladan, Umumiy tartibning 26-sonli sharhida qayd etilishicha, davlatlar nafaqat bolalarning huquqlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri zararlardan himoya qilish uchun, balki bugungi kunda davlatlar tomonidan amalga oshirilayotgan harakatlar yoki ularning harakatsizligi oqibatida kelajakda ularning huquqlari buzilishiga ham javobgar hisoblanadi.
Shuningdek, davlatlar nafaqat o‘z chegaralari doirasidagi atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun, balki o‘z chegaralaridan tashqarida atrof-muhitga yetkazilgan zarar va iqlim o‘zgarishining zararli oqibatlari uchun ham javobgar bo‘lishi mumkin. Shu munosabat bilan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilgan 196 ta davlat zudlik bilan zarur choralarni ko‘rishga, jumladan:
- ko‘mir, neft va tabiiy gazdan foydalanishdan bosqichma-bosqich voz kechishni tashkil etish va qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish;
- havo sifatini yaxshilash va toza suvdan foydalanish imkoniyatini ta’minlash;
- sanoat, qishloq xo‘jaligi va baliqchilikda sog‘lom va barqaror ishlab chiqarish uchun o‘zgarishlarni amalga oshirish;
- oziq-ovqat va biologik xilma-xillikni himoya qilishni ta’minlashga chaqirilmoqda.
Bundan tashqari, ushbu hujjatda atrof-muhitga oid qarorlar qabul qilishda bolalarning fikr-mulohazalarini inobatga olish zarurligi, bu borada ekologik ta’limning ahamiyati alohida ta’kidlangan. Shu ma’noda, Umumiy tartibning 26-sonli sharhini ishlab chiqishda 11 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 12 nafar bolalar maslahatchisidan iborat guruh BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasini qo‘llab-quvvatlagani tahsinga loyiq.
Bu jarayonda BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) ham o‘z tavsiya va maslahatlari bilan butun dunyo bo‘ylab bolalarning fikrlarini to‘plashga yordam berdi. YUNISEFning bolalar huquqlari va iqlim bo‘yicha maxsus maslahatchisi Paloma Eskuderoning fikricha, iqlim sohasiga taalluqli moliyaviy va siyosiy qarorlarda bolalarning ehtiyojlarini hisobga olmaslik holatlari haligacha davom etmoqda. Bunday nomaqbul vaziyatni o‘zgartirishda Bolalar huquqlari va atrof-muhit to‘g‘risidagi sharh dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Nega deganda, mazkur hujjat Parij bitimi bo‘yicha davlatlarning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda bolalar huquqlari yuzasidan majburiyatlarini hurmat qilish, ilgari surish va hisobga olish majburiyatini tushunishga yordam beradi. Qolaversa, unda bola huquqlariga ta’sirni hisobga olish atrof muhitga oid barcha qonun hujjatlari, strategiya va loyihalar, qoidalar, byudjet yoki boshqa qarorlarga nisbatan amalga oshirilishi kerakligi qat’iy ta’kidlangan.
Shu nuqtayi nazardan, davlatlar oldiga BMT Qo‘mitasiga bolalarning ekologik huquqlarini himoya qilish borasidagi yutuqlari haqida vaqti-vaqti bilan hisobot berish talabi qo‘yilgani bejiz emas. Zero, har bir hukumat sayyoramizning har qanday burchagidagi har qaysi bolaning huquqlarini, ayniqsa, bu muammo yechimiga eng kam hissa qo‘shayotgan, lekin eng xavfli suv toshqinlari, qurg‘oqchilik va bo‘ronlardan aziyat chekayotgan mamlakatlarda yashovchi o‘g‘il-qizlarning huquqlarini himoya qilishga mas’uldir.
Ma’lumki, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya 1989-yil 20-noyabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan. Konvensiya butun dunyoda bolalar sog‘lom va xavfsiz ulg‘ayishlarini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan. Mazkur xalqaro hujjat qabul qilingan kun, ya’ni 20-noyabr – Butunjahon bolalar kuni deb e’lon qilingan.
O‘zbekiston BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga 1992-yil 9-dekabrda a’zo bo‘lgan. Mazkur xalqaro-huquqiy hujjat mamlakatimizda 1994-yil 29-iyulda kuchga kirgan.
G‘ulom Mirzo
- Qo'shildi: 19.11.2024
- Ko'rishlar: 725
- Chop etish