Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning
konstitutsiyaviy maqomi
Mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarimiz bajarilishini ta’minlash, milliy qonunchilikni jahon standartlariga moslashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Hozirga qadar O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjat, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan inson huquqlari bo‘yicha qabul qilingan 10 ta majburiy xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilib, ular bo‘yicha belgilangan majburiyatlarini bajarib kelmoqda.
Bu borada 2024-yilgi yana bir muhim yangilik: O‘zbekiston o‘z tarixida ilk bor inson huquqlarini himoya qilish, inson huquqlarining buzilishi bilan bog‘liq holatlarni ko‘rib chiqish va tavsiyalar berish uchun mas’ul organ hisoblangan BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zoligiga yurtimiz vakili saylandi.
Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar muhim hissa qo‘shmoqda. Ular faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, qonunchilik asoslarini takomillashtirish bo‘yicha qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Ma’lumki, inson huquqlari ustuvor hisoblangan va qadrlangan davlatlarda ularni himoya qilish mexanizmlari doimo takomillashtirib boriladi. Bu borada jamiyatimizda mavjud milliy institutlarning o‘rni beqiyosdir.
Shu ma’noda, 2023-yil 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan referendumda umumxalq ovoz berish yo‘li bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ahamiyatini alohida ta’kidlash lozim. Asosiy qonunimizning 56-moddasiga ko‘ra, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning mavjud shakllari hamda vositalarini to‘ldiradi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga va inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga ko‘maklashadi. Davlat inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Gap shundaki, ushbu normalar misolida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarga konstitutsiyaviy maqom berildi va bu bejiz emas. Chunki fuqaroning buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash faqat huquqni muhofaza qilish organlari yoki tegishli sudlar orqali emas, balki inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar ko‘magida ham amalga oshiriladi.
O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar tizimi tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani), Prezident huzuridagi tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (Biznes-ombudsman), Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi kiradi. Ularning faoliyati inson huquqlari bo‘yicha xalqaro andozalar va ilg‘or xorijiy tajriba asosida tashkil etilgan hamda doimiy ravishda takomillashtirib borilmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 40-moddasi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun talablari va O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 10-dekabrdagi qarori bilan berilgan vakolatlar doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida, jumladan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash yo‘lga qo‘yilgan.
Tahlillarga ko‘ra, 2024-yilning 10 oyida Milliy markazga jami 1 ming 256 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlarning 1 ming 222 tasi taalluqliligi bo‘yicha tegishli idoralarga ko‘rib chiqish uchun yuborilgan.
Murojaatlarning 455 tasi, ya’ni 37,2 foizi fuqarolardan to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul jarayonida, 767 tasi – 62,7 foizi aloqa vositalari, asosan pochta aloqa tarmog‘i orqali olingan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi orqali – 16 ta, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi orqali – 2 ta va Milliy markazning Virtual qabulxonasiga 152 ta murojaat kelib tushgan.
Hududlar kesimida taqqoslaganda, eng ko‘p murojaatlar – Toshkent shahri (29,4%); Qashqadaryo viloyati (16,6%); Toshkent viloyati (16,4%) – shu hududlarda yashovchi fuqarolardan kelib tushganligini ko‘rish mumkin. Aksincha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Navoiy, Xorazm, Sirdaryo, Jizzax va Andijon viloyatlari aholisidan murojaatlar soni kamaygan.
Monitoring natijalari, o‘tgan yillardagi kabi, tahlil davri doirasida kelib tushgan murojaatlarning aksariyati odil sudlovni amalga oshirish, sud qarorlaridan, dastlabki tergov harakatlari hamda ularni olib borgan mas’ul shaxslarning, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati idoralarining qarorlaridan norozilik, yer ajratish, shaxsiy mulkka va uy-joyga bo‘lgan huquqlarga doir ekanligini ko‘rsatdi.
Milliy markaz tomonidan turli davlat idoralari va huquqni muhofaza qilish organlariga joriy yil 10 oyi davomida yuborilgan 380 dan ortiq tavsiyaning ko‘rib chiqilishi natijasida:
- 26 ta murojaat yuzasidan fuqarolarning huquqlari tiklandi;
- 46 ta holatda fuqarolarga huquqlari tiklanishida va qonuniy manfaatlarining amalga oshishida ko‘maklashildi;
- 188 ta holatda fuqarolarga qonunchilik hujjatlari talablari bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi.
Natijada 1 nafar fuqaro oqlandi, 1 nafari qamoqdan ozod etildi va jazosi yengillashtirildi.
Shuningdek:
• Noqonuniy ishdan bo‘shatilgan 4 nafar shaxs o‘z ishiga tiklandi;
• 2 nafar shaxsning 12 mln so‘mdan ortiq ish haqi undirilishi ta’minlandi;
• 2 nafar shaxsning 15 mln so‘mga yaqin aliment qarzdorligi;
• 1 nafar pensionerning 1 mln 200 ming so‘m pensiyasi;
• 1 nafar shaxsga 744 mln 500 ming so‘m kompensatsiya pullari undirib berildi.
• 1 nafar mansabdor shaxs intizomiy;
• 2 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi.
Sudlarda inson huquq va erkinliklari ta’minlanishini kuzatish maqsadida jami 12 ta sud jarayonida Milliy markaz vakili ishtirok etdi.
Bundan tashqari, telefon qo‘ng‘iroqlari orqali murojaat qilgan 2 ming 800 nafardan ortiq fuqaroga huquqiy maslahatlar berildi.
E’tiborli tomoni shundaki, bir insonning buzilgan huquqini tiklash uchun bir necha yillar talab etilmoqda.
Ya’ni, Milliy markaz tomonidan ko‘rib chiqilgan ayrim murojaatlar bo‘yicha unda ko‘tarilgan masalani qonuniy hal qilish vakolatiga ega bo‘lgan davlat organiga kiritilgan tavsiya va xulosalar yuzasidan bir necha yillardan so‘ng ijobiy qarorlar qabul qilinmoqda.
Shu bilan birga, Milliy markaz kiritgan tavsiyalarga binoan fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari ham tiklanmoqda. Bu jarayonda bir qancha holatlarda murojaat egalariga 800 mln so‘mga yaqin moddiy zarar undirib berildi.
Fuqarolarga “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyatini tushuntirish borasida joylarda ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda. Xususan, Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida va Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida shunday huquqiy-ma’rifiy uchrashuvlar tashkil etildi.
Xulosa qilib aytganda, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi fuqarolarning buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Ya’ni, inson huquqlari bo‘yicha milliy institut sifatidagi konstitutsiyaviy maqomiga qat’iy amal qilmoqda.
Zero, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Har kuni, har soatda vijdonimiz oldida hisobot berib, halol-pok bo‘lib, el-yurt manfaatini o‘ylab ishlasak, men aminman, xalqimiz ham, Yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi”.
Otabek Norboyev,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i
«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2024-yil 24-noyabr kungi 239 (1300)-soni
- Qo'shildi: 25.11.2024
- Ko'rishlar: 740
- Chop etish