So‘z - “Inson huquqlari uyi” ochilishi ishtirokchilariga

Ibrohim G‘AFUROV – O‘zbekiston Qahramoni, davlat va jamoat arbobi, tarjimon, adabiyotshunos olim va adib:

 

– Poytaxtimizda “Inson huquqlari uyi”ning ochilishida ishtirok etganimdan mamnunman. Bunday bilim uylarining ochilishi, madaniyat va ma’rifat maskanlari-yu, gulshanlarining dunyoga kelishi xalqimizni yanada savodxon, yanada ma’rifatli qiladi. Shu bilan birga, yurtdoshlarimizning kitob dunyolariga qiziqishini oshiradi va bu qiziqishlar yanada ortishiga juda katta sharoitlar yaratadi.

Yaqinda Prezidentimiz tashabbusi bilan biz – bir guruh ijodkorlar mamlakatimizning viloyatlari, tumanlari, shaharlari, chekka qishloqlarida uchrashuvlar o‘tkazdik. Joylarda shunday o‘quv markazlari, ma’rifat maskanlari ochilayotganini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib keldik.

Toshkent viloyatining Xondayliq qishlog‘i – ulug‘ shoirimiz Sidqiy Xondayliqiy yashab o‘tgan tarixiy manzil bunga yaqqol misol. O‘sha qishloqda ajoyib bir kutubxona, qiroatxona ochilganiga guvoh bo‘ldik.

Butun qishloq ahlining bundan boshlari osmonga yetgani bejiz emas. Chunki juda ko‘rkam jihozlar, sara kitoblar va zamonaviy kompyuterlar bilan ta’minlangan xonalar endi ularning va farzandlarining xizmatida bo‘ladi. O‘zingiz bir tasavvur qiling: chekka tog‘ qishlog‘ida shunday ma’rifat maskani ish boshladi va undan nafaqat yoshlar, balki aholining barcha qatlamlari birdek bahramand bo‘lmoqda.

Shu ma’noda, Toshkentda ochilgan “Inson huquqlari uyi”ning mazmun-mohiyati va ahamiyati, ko‘lami va qamrovi beqiyosdir. Aslida, inson huquqlariga oid ko‘plab tillardagi kitoblar, jurnallar, turli bebaho manbalarni saqlash va emin-erkin mutolaa qilish uchun bunday noyob ma’rifat maskanining barpo etilishi ham dolzarb, ham muhim, ham qutlug‘ amaldir.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech