Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumi doirasida ikkita ko‘rgazma tashkil etildi

28-sentyabr kuni poytaxtimizda «Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro paktlarning 60-yilligi va Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 40-yilligi: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror taraqqiyot yo‘lida global sheriklik» mavzusidagi Inson huquqlari bo‘yicha beshinchi Samarqand forumi o‘z ishini boshlagani munosabati bilan kitoblar va rasmlar ko‘rgazmalari tashkil etildi. Ushbu ko‘rgazmalar «Hyatt Regency» mehmonxonasining Forum majlislari o‘tadigan muhtasham zallarida ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.

Kitoblar ko‘rgazmasi Samarqand forumining asosiy tashkilotchisi – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan «Toshkent» zalida tashkil etildi. Ko‘rgazmadagi kitoblarning aksariyati Milliy markaz tomonidan huquqiy savodxonlikni oshirish, inson huquqlarini himoya qilish madaniyatini targ‘ib etish va jamiyatda inson huquqlarini hurmat qilish madaniyatini mustahkamlash maqsadida nashr etilgan yangi huquqiy to‘plamlar, monografiya va risolalar, xalqaro hujjatlar tarjimalarining nashrlari, ilmiy-amaliy konferensiyalar materiallari to‘plamlaridan iborat.

Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi — inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, xalqaro shartnomalar, milliy qonunchilik, ilmiy tadqiqotlar va amaliy materiallarni keng targ‘ib qilishdir. Bunda, shuningdek, Forum ishtirokchilarini O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirishga katta e’tibor qaratildi.

Ko‘rgazmada «Zamonaviy dunyoda inson huquqlarini himoya qilish: xalqaro tajriba, milliy amaliyot va rivojlanish istiqbollari», shuningdek, «O‘zbekistonda inson huquqlari: konstitutsiyaviy kafolatlardan amalga oshirish sari» nomli maqolalar to‘plamlari;

«Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hujjatlar to‘plami» (I, II va III jildlar); «Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishga oid xalqaro shartnomalar va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami»; «Bola huquqlari: xalqaro va milliy darajada himoya qilinishi» o‘quv qo‘llanmasi; «Birlashgan Millatlar Tashkilotining odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha global harakatlar rejasi» kabi yangi nashrlar namoyish etildi.

Ishtirokchilar e’tiboriga, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining 1996–2026-yillardagi faoliyatiga bag‘ishlangan bibliografik ko‘rsatkich taqdim etildi. Mazkur nashrda Milliy markazning 30-yillik faoliyati davomida inson huquqlari sohasida tayyorlangan va nashr etilgan ilmiy, o‘quv-uslubiy, axborot-tahliliy hamda bibliografik materiallar haqida ma’lumot jamlangan.

Forum ishtirokchilari, ayniqsa, Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro paktlar qabul qilinganining 60-yilligi munosabati bilan tayyorlangan nashrlarni alohida e’tibor bilan ko‘zdan kechirdilar. Bu nashrlar orasida turkum kitoblar bilan bir qatorda «Demokratlashtirish va inson huquqlari» ilmiy-ma’rifiy jurnalining maxsus soni ham bor.

 Mehmonxonaning «Farg‘ona» zalida ochilgan fotoko‘rgazma ham Beshinchi Samarqand forumi ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Mazkur ko‘rgazma Milliy markazning yaqin xalqaro hamkorlaridan biri – BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etildi.

Ushbu fotoko‘rgazma Markaziy Osiyo mamlakatlarining fuqarosizlikka barham berish borasida erishgan yutuqlariga bag‘ishlangan.  

Binobarin, an’anaviy Samarqand forumining aynan shu zalda bo‘lib o‘tgan yettinchi sho‘ba majlisida – «Fuqarolikka ega bo‘lmaganlik holatlarini qisqartirish to‘g‘risidagi konvensiyaning 65-yilligi: uning saqlanib qolayotgan ahamiyati, Markaziy Osiyo davlatlarining erishgan natijalari va kelgusi istiqbollari» mavzusi keng muhokama etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

 

Nashr sanasi 28.09.2026 Ko'rishlar 21
Ulashish