Yangi tahrirdagi Konstitutsiya va mahalla instituti rivoji

Dunyo mamlakatlarining birontasida mahalla institutiga o‘xshash institut yo‘q. Zero, mahalla – xalq va davlat o‘rtasidagi mustahkam ko‘prikdir.

Muhimi, mamlakatimizda mazkur tuzilma xalq bilan doimo birga bo‘ladigan, chinakam xalq manfaatini ko‘zlaydigan, aholi muammolarini mustaqil hal eta oladigan, davlat organlari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga qodir yetakchi fuqarolik jamiyati institutiga aylandi. Mahallaning joylarda xalqning maslakdoshi va ko‘makdoshiga, ta’bir joiz bo‘lsa, “adolat tarozisi”ga aylanishi, hech shubhasiz, odamlarning davlatga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaydi.

Oxirgi yetti yilda ushbu tizimni takomillashtirishga doir 100 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat tuzilma faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ijobiy samaralarini bermoqda. Buning tasdig‘ini sifatida mahallalarda tadbirkorlik rivojlanib, yangi ish o‘rinlari, doimiy daromad manbalari yaratilayotgani, barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhit mustahkamlanib, jinoyatchilik kamayib borayotgani misolida ko‘rish mumkin.

Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda mahalla institutining maqomi yanada mustahkamlandi.    Konstitutsiyaning 127-moddasida ko‘rsatilishicha, shaharchalar, qishloqlar va ovullarda, shuningdek shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullardagi mahallalarda fuqarolarning yig‘inlari o‘zini o‘zi boshqarish organlari bo‘lib, ular raisni saylaydi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi hamda mahalliy ahamiyatga molik masalalarni fuqarolarning manfaatlaridan, rivojlanishning tarixiy o‘ziga xos xususiyatlaridan, shuningdek milliy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va an’analardan kelib chiqqan holda, qonunga muvofiq mustaqil ravishda hal etishga haqli.

Davlat fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi, ularga qonunda belgilangan vakolatlarini amalga oshirishida ko‘maklashadi.

Mahalla shunchaki jamiyat boshqaruvining quyi tizimi bo‘libgina qolmay, asrlar osha milliy urf-odat va an’analarni bezavol saqlab kelayotgan ezgulik va tarbiya beshigi, yaxshi qo‘shnichilik va hamjihatlik maskani hamdir. Shu ma’noda, 2023-yil 21-dekabrda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mahalla tizimiga oid ikkita muhim hujjatni qabul qilgani bejiz emas.

Bu o‘rinda, xususan, “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida ishlashini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon hamda “O‘zbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror haqida so‘z bormoqda. Ushbu hujjatlarda mahallalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada takomillashtirish borasidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Shu asosda Respublika mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shahar mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlariO‘zbekiston mahallalari uyushmasi va uning hududiy tuzilmalari tashkil etildi. Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasida “Mahalla yettiligi” faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi joriy etildi.

Kezi kelganda, davlatimiz rahbarining “Kambag‘allikdan farovonlik sari” g‘oyasi asosida joriy yil 2-5-oktyabr kunlari Samarqandda “Aholining turmush darajasini oshirishda mahallaning o‘rni” mavzusida Birinchi xalqaro konferensiya o‘tkazilgani xususida muxtasar so‘z yuritish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Nega deganda, ushbu xalqaro anjumanda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, bandlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy yordam ko‘rsatish va boshqa masalalarda mahallaning ishtiroki, “mahalla yettiligi” faoliyati atroflicha tahlil qilindi. Yanada e’tiborlisi, Samarqand anjumani yakunlari bo‘yicha BMTning yurtimizdagi vakolatxonasi va boshqa hamkor xalqaro tashkilotlar tomonidan imzolangan yakuniy Deklaratsiya yaqinda  BMT Bosh qarorgohida 194 davlat vakillari tomonidan rasmiy hujjat sifatida qabul qilindi.

Binobarin, BMTning oltita rasmiy tilida e’lon qilingan mazkur hujjatda ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mahalla institutining jamiyatdagi mavqeini yuksaltirishga katta ahamiyat berilmoqda. Mahalla tizimining rolini kuchaytirish va vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Deklaratsiyada konferensiya xulosalari sifatida xalqaro tashviqotni kuchaytirish va jahon hamjamiyatini O‘zbekistonda mavjud o‘zini o‘zi boshqarishning o‘ziga xos “mahalla” tizimi bilan tanishtirish zarurligiga alohida e’tibor qaratilgani ham diqqatga loyiq.

Shunday qilib, bugun yurtimizda mahalla insonlarning dardi, quvonch va tashvishlari bilan hamohang yashayotgan aziz maskanga aylanib ulgurdi. Mahalla yettiligi esa o‘z navbatida aholi murojaatlarini hal etish, turmush darajasini yaxshilashda barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda.

Eng muhimi, ayni tizim bo‘yicha qabul qilinayotgan har bir farmon yoki qarorning tub mohiyati xalqimizning yaxshi sharoitlarda yashashi, har bir insonning rivojlanishi uchun foydali bo‘lishga qaratilgandir. O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, “Zamon shiddat bilan o‘zgaryapti. Mahallani joylarda muammolarni chinakam hal qiladigan institutga aylantirishimiz zarur. Yana tajriba orttiramiz, yana o‘zgartiramiz. Hayot bizni shunga majbur qilyapti. Hozirgi tahlikalarga yechim topamiz, desak, bizning yagona yo‘limiz — mahalla, mahalla, mahalla va yana bir marta mahalla. Mahalla tizimi obro‘yini qancha ko‘tarsak, odamlar ishonadi, odamlar bizdan rozi bo‘ladi”.

 

Otabek Norboyev,

Milliy markazning Jismoniy va yuridik shaxslarning

murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i

Powered by GSpeech