Yangi tahrirdagi Konstitutsiya – mustaqil sud tizimi va odil sudlov kafolati

Yangi O‘zbekiston hayotining turli sohalarida izchil davom etayotgan keng ko‘lamli, qamrovdor va shiddatli islohotlar natijalarini mustahkamlashda xalqimiz 2023-yilda tariximizda birinchi marta referendum asosida qabul qilgan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.

Agar dunyo mamlakatlari konstitutsiyalarida insonning 110 dan ortiq huquqi qayd etilgan bo‘lsa, bu huquqlarning 90 tasi endilikda mamlakatimizning Asosiy qonunida mavjud va shu huquqlardan 40 tasi yangi konstitutsiyaviy huquqlardir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bizga inson huquqlari, demokratiya, erkinlik, barqarorlik, tenglik va taraqqiyot tamoyillariga asoslangan huquqiy va adolatli davlat qurish yo‘llarini keng ochib berdi”[1], deb ta’kidlagani zamirida g‘oyat ulug‘vor haqiqatlar mujassam. Chunki Konstitutsiyamizda davlat va jamiyat taraqqiyotining huquqiy mafkurasi, xalqimiz Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida tayanadigan konstitutsiyaviy qadriyatlar va tamoyillar qat’iy belgilab berilgani bu fikrning yaqqol isbotidir.

  

Konstitutsiyaviy islohotning huquqiy asoslari

 

Prezident Sh.M.Mirziyoyevning sud hokimiyatining konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlari haqida fikr yuritganda, avvalo, “Harakatlar strategiyasi” doirasida 2017-yil 6-aprelda Konstitutsiyaning muayyan moddalariga kiritilgan tuzatishlar haqida to‘xtalish o‘rinlidir.

Mazkur konstitutsiyaviy o‘zgartirishlar sud tizimini boshqarishdagi bir-birini takrorlovchi funksiyalarni bartaraf etishga hamda yagona sud amaliyotini shakllantirishga xizmat qilishi bilan katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Shuningdek, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarining ishonchli sud himoyasini ta’minlash, sudlar faoliyati samaradorligi va nufuzini oshirish, sudlar tuzilmasini hamda sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va tayinlash tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qildi.

Shu maqsadda Konstitutsiyaning quyidagi 7 ta moddasiga tegishli o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritildi. Bu o‘rinda 80, 81, 83, 93, 107, 110, 111-moddalar haqida so‘z bormoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etilishi va uning faoliyati alohida qonun bilan tartibga solinishi ko‘zda tutildi. Shu munosabat bilan Konstitutsiyaning 81, 111-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari raislari va rais o‘rinbosarlari Sudyalar oliy kengashining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, harbiy sudlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, tuman (shahar), tumanlaro sudlari esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Kengash tomonidan lavozimga tayinlanishi va lavozimdan ozod etilishi tartibi joriy etildi.

Shuningdek, ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ma’muriy nizolarni va ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, tuman (shahar) ma’muriy sudlari bilan sud tizimini kengaytirish taklif etildi. Shu munosabat bilan Konstitutsiyaning 80, 93, 107 va 110-moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Bundan tashqari, Konstitutsiyaning 83, 93, 107 va 111-moddalariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq, Oliy xo‘jalik sudi va Oliy sud fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy sud ishi yurituvi sohasidagi sud hokimiyatining yagona oliy organiga – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirildi[2].

Konstitutsiyaga sud hokimiyatining faoliyatini tubdan yaxshilashga, nufuzini oshirishga, sudlar tuzilishini takomillashtirishga hamda sudyalarni tanlash va lavozimlarga tayinlash tizimini demokratlashtirishga qaratilgan o‘zgartish hamda qo‘shimchalarning kiritilishi fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari sudda ishonchli himoya qilinishini ta’minlash, mamlakatda qonun ustuvorligini, qonuniylikni mustahkamlashning muhim omiliga aylandi.

Bularning barchasi shundan dalolat beradiki, Yangi O‘zbekiston konstitutsiyaviy islohotni amalga oshirishda katta tajribaga ega. “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”da ko‘zda tutilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida 9 marotaba Konstitutsiyaning 21 moddasiga 32 ta o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritildi[3]. Xususan, ular parlament, Prezident va Hukumat faoliyatiga, sud hokimiyatining mustaqilligi va rivojlanishiga, davlat hokimiyati tarmoqlari o‘rtasida o‘zaro nazorat va muvozanatni saqlash tizimiga, saylov tizimini demokratlashtirish va mahalla institutiga tegishlidir.

2021-yil 8-fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun asosida Asosiy qonunning 107-moddasiga sud tizimi islohotlari bilan bog‘liq o‘zgartirish kiritildi[4]. Ya’ni, 107-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi:

«O‘zbekiston Respublikasida sud tizimi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, harbiy sudlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo, tuman, shahar sudlari, jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlari, tumanlararo, tuman, shahar iqtisodiy sudlari va tumanlararo ma’muriy sudlardan iboratdir»[5].

Bunday konstitutsiyaviy o‘zgarish zamirida davlatimiz rahbari 2017-yil 13-iyunda sudyalar bilan bo‘lib o‘tgan birinchi tarixiy uchrashuvdagi nutqida kun tartibiga qo‘ygan sud tizimini fuqarolarimizning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qiladigan adolat qo‘rg‘oniga aylantirishdek ustuvor maqsad mujassamdir[6].

Yurtboshimiz 2017-yil 22-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, “Sudlarning asosiy vazifasi adolatni qaror toptirishdan iborat. Buning uchun sud har bir ish yuzasidan qonuniy, asosli va adolatli qaror chiqarishi lozim”[7].

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev mamlakat sud tizimi vakillari, o‘zbek sudyalari oldiga: “Cudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik hukmron bo‘lishi kerak”[8], degan haqqoniy talabni qo‘ydi. Shu ma’noda, Konstitutsiyaning sud tizimiga taalluqli normalariga kiritilgan tuzatishlar negizida quyidagi 3 ta ustuvor vazifa:

birinchi vazifa: fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish huquqiy kafolatlarini kengaytirish;

ikkinchi vazifa: odil sudlovga erishish darajasini, sud ish yurituvining sifatini oshirish;

uchinchi vazifa: sudyalikka nomzodlarni tanlash va sudyalar lavozimlariga tayinlash tizimini yanada takomillashtirish – sud-huquq islohotlarining muhim yo‘nalishlari sifatida mustahkamlab qo‘yildi.

O‘z navbatida, Yangi O‘zbekiston sharoitida amalga oshirilgan ikki yillik (2021-2023-yillar) konstitutsiyaviy islohotning eng muhim hayotiy mezonlari haqida fikr yuritganda, Prezidentimiz tashabbusi bilan so‘nggi yillarda qabul qilingan uchta kompleks taraqqiyot strategiyasini alohida ta’kidlash lozim. Chunki:

birinchisi, “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining normalari yanada takomillashtirildi;

ikkinchisi,  “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” asosida izchil konstitutsiyaviy islohot amalga oshirildi;

uchinchisi, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini hayotga tatbiq etishda yangilangan Asosiy qonunimizning to‘g‘ridan to‘g‘ri ijrosini ta’minlashga qaratilgan ta’sirchan choralar ko‘rilmoqda.

Konstitutsiyamiz mustaqillik yillarida ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va ma’naviy-madaniy hayotning barcha sohalarida izchil va bosqichma-bosqich, uzviy va tizimli ravishda amalga oshirilayotgan keng qamrovli demokratik islohotlarning mustahkam yuridik manbai hamda asosiy huquqiy kafolatidir. Huquqiy davlatchilik sari intilgan har qanday demokratik jamiyatda Konstitutsiya ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Shu ma’noda, 2023-yil 30-aprelda bo‘lib o‘tgan referendumda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingani asl tarixiy voqeadir. Prezident Sh.M.Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Tom ma’noda xalqchil mazmun va ahamiyat kasb etgan Asosiy qonunimiz Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarimizning mustahkam huquqiy kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda”[9].

  

Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi – oliy yuridik hujjat

 

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 1-moddasida davlat qurilishining yangi strategik maqsadi — suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurish ekanligi qat’iy belgilandi, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi. Ayniqsa, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlangani e’tiborga sazovor.

Eng asosiysi, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning:

birinchidan, mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga egaligi;

ikkinchidan, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishi;

uchinchidan, yagona huquqiy makonning asosini tashkili etishiga taalluqli konstitutsiyaviy normalar mustahkamlab qo‘yildi. Eski tahrirdagi matnda Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llashga doir ushbu mexanizmlar mavjud emasdi.

Asosiy qonunimizning “Konstitutsiya va qonunning ustunligi” bobidagi 15-16-moddalar yangi va eski matnidagi normalarni o‘zaro qiyoslansa, bu fikrlarimiz qanchalik haqqoniy ekanligi o‘z tasdig‘ini topadi. Yangilangan Konstitutsiyaning 15-moddasiga muvofiq:

“O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi”[10].

Konstitutsiyamizning 20-moddasiga binoan: “Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat  organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi”[11].

O‘zbekistonda 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha qamrovdor sa’y-harakatlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Bu yo‘ldagi barcha intilishlarimiz BMTning har bir inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan “Hech kimni unutmaslik va ortda qoldirmaslik” asosiy tamoyiliga muvofiqdir.

E’tiborli jihati shundaki, «O‘zbekistan – 2030» strategiyasida BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga mos ravishda, qonun ustuvorligini ta’minlash va inson huquqlari hamda erkinliklarini ishonchli himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh qilish, advokatura institutining mavqeini keskin oshirish, malakali huquqiy yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirish va adliya tizimini takomillashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan. Mazkur Strategiya doirasida inson huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar qabul qilindi.

Xususan, 2025-yil 1-yanvardan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi joriy etiladi. Ushbu sudyaga “Xabeas korpus” instituti bilan bog‘liq bir qator vakolatlar,  jumladan: qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash, ularning muddatini uzaytirish, murdani eksgumatsiya qilish, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash, tintuv o‘tkazish, telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish, mol-mulkni xatlash vakolatlari berilmoqda.

Shuningdek, sudya ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish, tibbiy muassasaga joylashtirish, qamoqda saqlash muddatini qirq sakkiz soatgacha uzaytirish kabi majburlov choralarini ham amalga oshirishi mumkin.

Bu kabi islohotlar mantiqan asosli,  shuningdek, inson va jamiyat hayoti va davlat faoliyati uchun dolzarbdir. Zero, Prezident Sh.M.Mirziyoyev 2024-yil 18-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisidagi nutqida e’tirof etganidek, “Yangi O‘zbekistonni barpo etishga kirishganimizga  sakkiz  yil  bo‘ldi.  Bu  davrda  xalqimizning siyosiy tafakkuri tubdan o‘zgardi, siyosiy madaniyati sezilarli darajada yuksaldi”[12].

  

Xalqaro institutlarga murojaat qilish huquqi

 

Yana bir muhim yangilik: yangi tahrirdagi Konstitutsiyada har bir insonning o‘z huquqlarini himoya qilish uchun milliy va xalqaro institutlarga murojaat qilish huquqi kafolatlandi. Konstitutsiyaviy shikoyat instituti konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanib, fuqarolar Konstitutsiyaviy sudga bevosita murojaat qilish huquqiga ega bo‘ldi. Jahon mamlakatlari orasida birinchilardan bo‘lib inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning maqomi konstitutsiyaviy darajada ta’minlandi.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasining 55-moddasiga ko‘ra,  “Har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi. Har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqi kafolatlanadi”[13].

Mazkur konstitutsiyaviy normalar ijrosini ta’minlash, birinchi navbatda, sud tizimini hokimiyatning mustaqil va alohida tarmog‘i sifatida tashkil etish, uni o‘tmishdagi jazolash organidan inson huquq va erkinliklarini muhofaza etuvchi hamda ishonchli himoya qiluvchi davlatning chinakam mustaqil institutiga aylantirish, fuqarolarning mansabdor shaxslar tomonidan buzilgan huquq va erkinliklarini tiklashda qulaylik tug‘dirishni taqozo etadi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 55-moddasi 5 ta qismdan iborat. Bunda avvalgi Konstitutsiyaning 44-moddasidagi bitta qism yangilangan va to‘ldirilgan tahrirda ikkinchi qism sifatida kiritilgan bo‘lsa, birinchi, uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi qismlar butunlay yangi normalar hisoblanadi.  Mazkur modda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish maqsadida to‘ldirilgan.

Bunday normalar Italiya, Portugaliya, Rossiya kabi bir qator mamlakatlarning Konstitutsiyalarida mavjud. Endilikda bu normalarda aks etgan huquqlar, jumladan, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat qilish huquqi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasidan ham o‘rin oldi.

Bunga qadar xalqaro institutlarga murojaat qilish huquqi O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan BMT paktlari va konvensiyalarida mustahkamlanganligini ta’kidlash lozim. Ushbu xalqaro tashkilotlarning amaldagi qoidalariga ko‘ra, shaxslar o‘z huquq va erkinliklarini himoya qilish uchun barcha ichki, ya’ni milliy vositalarga murojaat etib bo‘lganidan keyingina ularga murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat qilish huquqidan foydalanish mexanizmi yaratilganmi, bu boradagi tartib-taomillar qanday, degan mazmundagi savollar tug‘ilishi tabiiy. Gap shundaki, BMTning Inson huquqlari qo‘mitasi 1966-yil 16-dekabrdagi Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktida mustahkamlangan huquqlarning buzilishi to‘g‘risida shaxslarning murojaatlarini – shaxsiy xabarlarni ko‘rib chiqadi. Ya’ni, mazkur xalqaro organ shaxsiy murojaatlar berish mexanizmini belgilovchi Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga Birinchi fakultativ protokol asosida ishlaydi.

BMTning Inson huquqlari qo‘mitasiga murojaat qilish imkoniyati Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktni ratifikatsiya qilgan har qanday davlatning fuqarosi uchun mavjud. O‘zbekiston Fakultativ protokolga qo‘shilgan davlat bo‘lib, Inson huquqlari qo‘mitasining vakolatlarini tan oladi. Shu sababli O‘zbekiston fuqarolari inson huquqlari buzilganligi to‘g‘risida BMTning Inson huquqlari qo‘mitasiga murojaat qilishlari mumkin.

Agar shaxsning yozma roziligi bo‘lsa, boshqa shaxs nomidan ham murojaat berilsa bo‘ladi. Murojaat erkin shaklda rasmiylashtiriladi, bunday murojaat matnini tuzish uchun qat’iy talablar yo‘q.

BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga yashash huquqi, erkinlik va shaxsiy daxlsizlik, adolatli sud jarayoni, shaxsiy hayot, vijdon erkinligi, saylov huquqi va boshqa huquqlar buzilganligi haqida murojaat qilish mumkin.

Bu o‘rinda Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda mustahkamlangan barcha huquq va erkinliklarning buzilishi bo‘yicha murojaat qilinishi haqida so‘z bormoqda. Agar murojaat boshqa xalqaro hujjatda belgilangan huquqlarga taalluqli bo‘lsa, BMT Qo‘mitasi tomonidan bunday murojaat rad etiladi.

Inson huquqlari qo‘mitasiga murojaat qilishning yana bir muhim sharti milliy himoya vositalarining barchasidan foydalanib bo‘linganligi hisoblanadi. Oddiy qilib aytganda, tegishli shaxs BMTga inson huquqlari buzilganligi to‘g‘risida shikoyat qilishdan oldin, milliy sud tizimidagi barcha mumkin bo‘lgan instansiyalardan o‘tishi hamda uning ishi Oliy sudda ham ko‘rilgan bo‘lishi kerak.

BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga murojaat qiluvchi shaxs ma’lum bir davlat tomonidan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt imzolanishidan oldin sodir bo‘lgan qonunbuzarliklar to‘g‘risida xabar bersa, bu holda ayni murojaat qabul qilinmaydi. Inson huquqlari qo‘mitasiga milliy himoya vositalari tugaganidan 5-yil o‘tgach yuborilgan murojaat ham qabul qilinmaydi. O‘tkazib yuborilgan muddat sabablarini asoslash orqaligina bunday imkoniyatni qayta tiklash mumkin bo‘ladi.

Shu bilan birga, murojaatlar anonim yoki himoya qilish huquqini suiiste’mol qilish belgilariga ega bo‘lishi mumkin emas. Shunga o‘xshash murojaat bir vaqtning o‘zida boshqa xalqaro instansiyalarda, masalan, BMTning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi yoki Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasida ko‘rib chiqilayotgan bo‘lmasligi kerak.

Har bir inson BMTning e’tiborini inson huquqlari masalasiga qaratishga haqlidir. Har yili dunyo bo‘ylab minglab odamlar bu huquqdan foydalanadi. Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro organlarga murojaat qilish inson huquq va erkinliklarining xalqaro himoyasini ta’minlaydigan murakkab, ammo muhim tizimdir. Ushbu mexanizmlar fuqarolarga milliy himoya vositalari tugaganda yoki yetarli bo‘lmaganda xalqaro maydonda adolatni tiklashlariga imkon beradi.

 

 Yangilangan Konstitutsiyani amalga oshirish – ustuvor vazifa

 

Prezident Sh.M. Mirziyoyev 2024-yil 20-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan majlisidagi nutqida barcha rahbar kadrlar faoliyatining asosiy mezoni bo‘lgan bosh talabni  yana  bir  bor  eslatdi. Ya’ni, davlat rahbari uqtirganidek, “xalq  davlat  idoralariga  emas, aksincha, davlat tashkilotlari xalqqa, uning  qonuniy  manfaatlarini  ta’minlashga xizmat qilishi zarur. Joriy yilda qonunlar ijrosini doimiy baholab borish bo‘yicha yangi tizimni yo‘lga  qo‘yganimizdan  ko‘zlangan  maqsad ham  shundan  iborat.  Qonun  qabul  qilindimi, u albatta ishlashi kerak va odamlar hayotida  sezilarli  o‘zgarish  bo‘lishi  lozim”[14].

Bu o‘rinda yangi tahrirdagi Konstitutsiyani amalda tatbiq etish yo‘lida avvalo 2023-yil 8-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni[15] qabul qilinganini ta’kidlash maqsadga muvofiq. Ushbu muhim hujjat talablari:

birinchidan, yangilangan Konstitutsiyamizni so‘zsiz va to‘liq amalga oshirish;

ikkinchidan, unda mustahkamlangan ustuvor prinsiplarni Yangi O‘zbekiston ulug‘vor g‘oyasiga hamohang tarzda ro‘yobga chiqarish;

uchinchidan, davlat organlarining faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yish;

to‘rtinchidan, fuqarolar o‘z hayotida xalq Konstitutsiyasi ruhini yaqqol his etib turishini ta’minlash maqsadlariga qaratilgan.

Farmon bilan “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan kelib chiqadigan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlandi. Farmonda belgilanganidek, “yangi tahrirdagi Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega ekanligidan kelib chiqib, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida to‘g‘ridan to‘g‘ri va so‘zsiz qo‘llaniladi”[16].

Haqiqatan ham, keyingi qisqa davrda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi doirasida mamlakatimizda Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligini ta’minlash, davlat organlari faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitga mos holda yo‘lga qo‘yish borasida izchil hamda tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Chunki Konstitutsiya va qonun ustunligi barqaror taraqqiyotning asosiy mezoni hisoblanadi. 

Bu haqda so‘z borganda, birinchi navbatda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston”[1] nomli yangi kitobini alohida ta’kidlash lozim. Chunki davlatimiz rahbari ushbu salmoqli siyosiy asarida xalqimizning xohish-irodasiga binoan Asosiy qonunimizda o‘z aksini topgan tamoyillarni to‘liq ro‘yobga chiqarish va ularni hayotimizning ajralmas qismiga aylantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan bir qator asosiy chora-tadbirlar haqida batafsil to‘xtalgan.

Xalqimizning xohish-irodasiga binoan yangilangan Konstitutsiyamizda o‘z aksini topgan hayotiy tamoyillarni to‘liq ro‘yobga chiqarish va hayotimizning ajralmas qismiga aylantirish zarur. Binobarin, O‘zbekiston Prezidenti qayd etganidek, “Biz keyingi vaqtlarda “Qonun – muqaddas, har qanday holatda ham adolatni qaror toptirish shart!” degan ezgu tamoyilni jamiyatning har bir a’zosi, ayniqsa, mansabdorlar uchun hayotiy qoidaga aylantirish borasida tizimli ishlarni amalga oshirmoqdamiz”[2].

O‘zbekiston Prezidentining dasturiy ma’ruza va nutqlari hamda farmon va qarorlari, milliy taraqqiyot strategiyalari va davlat dasturlarida Yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini mamlakatimiz hayotining barcha sohalariga izchillik bilan joriy etishning tub siyosiy-nazariy mohiyati, tashkiliy-amaliy mexanizmlari chuqur ochib berilgan.

2023-yil 8-mayda qabul qilingan “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon asosida o‘nlab qonun va qonunosti hujjatlari yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyaga muvofiqlashtirildi.

O‘zbekiston Prezidenti 2024-yil 19-fevralda “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Shu asosda bir qator qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Shuningdek, 2024-yil 17-oktyabrda “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Ushbu qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga hokimlarning hamda xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlarini aniqlashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Bundan tashqari, 2023-yil 7-noyabrda Prezidentimizning “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmon bilan davlat rahbarining 10 ta farmoni va 4 ta qaroriga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

 

Yangilangan Konstitutsiya va odil sudlovni

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi 2023-yil 23-iyunda “Odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. Unda Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga egaligi haqidagi qoida uning normalari barcha qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlardan ustun turishini inobatga olib, sudlar ko‘rib chiqilayotgan huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonun va boshqa normativ hujjatning mazmunini baholashi va zarur hollarda Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiluvchi oliy yuridik kuchga ega normativ huquqiy asos sifatida qo‘llashi lozimligi yuzasidan muhim tushuntirishlar berildi.

Plenum qarorida sud hujjatlarida huquqiy asos sifatida birinchi navbatda, qoida tariqasida Konstitutsiyaning tegishli normalariga va undan keyin yuridik kuchiga qarab boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga, basharti sohaviy qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar Konstitutsiya normalariga zid bo‘lganligi aniqlansa, faqatgina Konstitutsiya normalariga asoslanilishi lozimligi qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi 2023-yil 5-dekabrda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risidagi axborotini tasdiqlash haqida”gi qarorini e’lon qildi. Axborotning dastlabki bandlarida ta’kidlanganidek, “2023-yil 30-aprel kuni umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (keyingi o‘rinlarda — Konstitutsiya) davlat va jamiyat hayotini modernizatsiya qilish va mamlakatda konstitutsiyaviy qonuniylik muhitini yanada mustahkamlash uchun huquqiy asos bo‘ldi.

Konstitutsiyaning referendum yo‘li bilan qabul qilinishi xalq hokimiyatchiligi prinsipining eng oliy ko‘rinishi sifatida unga yuqori legitimlik bag‘ishlaydi. Asosiy qonun davlat organlarining faoliyatini demokratlashtirishga, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarni yaratdi”.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2023-yil 16-noyabrda imzolagan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishda alohida ta’kidlanganidek, “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi”.

Konstitutsiya bayram dasturida sudlar tomonidan amalga oshirilishi belgilangan targ‘ibot tadbirlari ham o‘rin olgan. Shu asosda, xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyati va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishlari doirasida belgilangan tub islohotlar haqida mahallalar, ta’lim va mehnat jamoalarida ma’rifiy uchrashuv va suhbatlar o‘tkazilmoqda.

Bunda so‘nggi yillarda sud-huquq tizimida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar va bu borada erishilayotgan natijalarni mustahkamlashda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning o‘rni va roli hamyurtlarimizga xalqchil tilda tushuntirib berilmoqda.

Bayram munosabati bilan konstitutsiyaviy huquqlar bo‘yicha sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar burchaklari tashkil etilayotgani ham g‘oyat ahamiyatlidir. Shu orqali “Konstitutsiya — erkin va farovon hayot garovi!” shiorining mohiyati hamda ahamiyatini, yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida inson huquq va erkinliklari sohasida mutlaqo yangi bosqichga o‘tilganligining tub mohiyatini yurtdoshlarimiz uchun ochib berish imkoniyati yanada ortdi.

Sudlar zimmasidagi yana bir muhim mas’uliyat – fuqarolar kundalik hayotida ko‘p uchraydigan vaziyatlarda Konstitutsiya normalarining to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llanishini jamoatchilikka yetkazishdir. Daxldor tashkilot va muassasalar shahar, tuman markazlaridagi davlat organlari binolariga o‘quvchi va talabalarni sayohatga olib kelishni yo‘lga qo‘ygani, shubhasiz, sudlarning eshigi yoshlarimiz uchun ochiq ekanini amalda namoyon etishga xizmat qilmoqda.

Asosiysi, doirasida sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun Konstitutsiyaning qoida hamda normalarini chuqurlashtirib o‘rgatishga qaratilgan o‘quv-seminarlar o‘tkazilmoqda. Ushbu tadbirlar sudyalarning Asosiy qonunimizga oid bilimlarini yanada oshirishi va mustahkamlashi shubhasiz.

Bunda Prezident Sh.M.Mirziyoyev 2024-yil 19-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi yalpi majlisidagi nutqida ogohlantirganidek, davlat va xalq xizmatchisining mas’uliyatni o‘z zimmasiga olganidan so‘ng beg‘am­beparvo, loqayd  bo‘lib  yurishga,  huzur­halovatga  berilib  yashashga  ma’naviy haqqi yo‘q. Davlat rahbari ta’biri bilan aytganda, Sohibqiron  Amir  Temur  bobomizning “Saltanat to‘nini kiygach, tanimdan halovat ketdi”, degan ta’sirchan so‘zlarida davlatchilik ishiga, el­yurt xizmatiga bel bog‘lagan inson amal qilishi zarur bo‘lgan oliy mezon nazarda tutilgan[3].

Shunday qilib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan yangi, zamonaviy va juda muhim normalarning hayotga qat’iy hamda izchil tatbiq etilishi, xususan, sudlar tomonidan ana shu konstitutsiyaviy qoidalarning to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llanishi yurtimiz va xalqimiz tarixida inson huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari va qadr-qimmatini ulug‘lash borasida yangi davrni boshlab bermoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz”[4].

 

Akmal SAIDOV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik

 

[1] Mirziyoyev, Shavkat Miromonovich. Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston. – Toshkent: “O‘zbekiston” nashriyoti, 2024. – 560 b.

[2] O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. – Toshkent: “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi, 2023. – B. 73.

[3] Prezident Shavkat  Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi yalpi majlisidagi nutqi / “Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2024-yil 20-noyabr.

[4] "Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas" – Prezident/ 2022-yil 26-yanvar //https://yuz.uz

Powered by GSpeech