Joriy yilda xotin-qizlar huquqlariga oid ikkita xalqaro hujjat bilan bog‘liq muhim sanalar nishonlanadi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2024-yil 9-sentyabr – 11-oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan 57-sessiyasida “Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi qabul qilinganining o‘ttiz yilligini nishonlash tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.

Hujjatda Inson huquqlari bo‘yicha kengash ushbu qarorni qabul qilishda BMT Ustavining maqsadlari va tamoyillariga amal qilganiga e’tibor qaratilgan. Bu, o‘z navbatida, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro paktlar, Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya va inson huquqlari bo‘yicha boshqa tegishli xalqaro shartnomalar ijrosining yana bir amaliy tasdig‘i ekanligi ta’kidlangan.

Ma’lumki, 1995-yil 15-sentyabrda bo‘lib o‘tgan Xotin-qizlar ahvoli bo‘yicha to‘rtinchi Butunjahon konferensiyasida Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi, shuningdek, BMT Bosh Assambleyasining 2015-yil 25-sentyabrdagi 70/1-sonli rezolyutsiyasi bilan 2030-yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibi qabul qilingan. Bu xalqaro-huquqiy hujjatlarda barcha davlatlarning xotin-qizlarni inson huquqlaridan to‘liq va teng ravishda foydalanishini ta’minlash, rag‘batlantirish hamda himoya qilish borasidagi majburiyatlari mustahkamlangan.

Shu ma’noda, 2025-yilda  Xotin-qizlar ahvoli bo‘yicha to‘rtinchi Butunjahon konferensiyasi o‘tkazilganining hamda Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi qabul qilinganining o‘ttiz yilligi nishonlanishi bejiz emas. Chunki bu muhim xalqaro-huquqiy vositalar o‘tgan davrda butun dunyo miqyosida gender tenglikni ta’minlash va xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar rivojiga sezilarli hissa qo‘shdi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining “Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi qabul qilinganining o‘ttiz yilligini nishonlash tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida gender tenglikni ta’minlash hamda ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish borasida erishilgan yutuqlar alohida e’tirof etilgan. Shu bilan birga, Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasini amalga oshirishda muayyan muammo hamda to‘siqlar saqlanib qolayotganiga xolisona e’tibor qaratilgan.

Shu nuqtayi nazardan, qarorda qayd etilganidek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi:

birinchidan, o‘zining ellik sakkizinchi sessiyasida Xotin-qizlar ahvoli bo‘yicha to‘rtinchi Butunjahon konferensiyasi o‘tkazilishining o‘ttiz yilligini nishonlash maqsadida yuqori darajadagi munozaralar forumini chaqirishga qaror qiladi, bunda Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasini hamda ularning bajarilishini ko‘rib chiqish bo‘yicha konferensiyalarning yakuniy hujjatlarini amalga oshirishga, shuningdek, erishilgan yutuqlarga, ilg‘or amaliyotga va bu boradagi muammolarga alohida e’tibor qaratadi;

ikkinchidan, Inson huquqlari bo‘yicha kengash Raisiga Kengashning ellik sakkizinchi sessiyasida bo‘lib o‘tadigan inson huquqlarini har tomonlama hisobga olishni rag‘batlantirish bo‘yicha har yilgi yuqori darajadagi muhokama forumini o‘tkazish maqsadida "Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi qabul qilinganligining o‘ttiz yilligi" mavzusini ko‘rib chiqishni taklif qiladi;

uchinchidan, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissaridan davlatlar, BMTning tegishli organlari va muassasalari, shartnomaviy organlar, maxsus tartib-taomillar va inson huquqlarini himoya qilishning mintaqaviy mexanizmlari, shuningdek, fuqarolik jamiyati, jumladan nodavlat tashkilotlar va inson huquqlarini himoya qilish milliy institutlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar ular uchun to‘liq darajada qulaylashtirilgan sharoitda ushbu munozaralar forumida ishtirok etishlarini ta’minlash maqsadida aloqa o‘rnatishni so‘raydi;

to‘rtinchidan, Oliy komissardan ushbu munozaralar forumining ishi to‘g‘risida qisqacha ma’ruza tayyorlashni va uni Inson huquqlari bo‘yicha kengashga uning oltmishinchi sessiyasida va Bosh Assambleyaga uning saksoninchi sessiyasida taqdim etishni ham iltimos qiladi.

Shuni ham qayd etish joizki, 1975-yili Mexiko shahrida o‘tkazilgan BMTning Ayollar holati bo‘yicha Butunjahon konferensiyasida “Ayollar o‘n yilligi” (1975–1985) e’lon qilingan. Konferensiya qaroriga muvofiq, besh yil davomida Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya ishlab chiqilib, BMT Bosh Assambleyasining 1979-yil 18-dekabrdagi 34/180-sonli rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan.

Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya (yoki CEDAW Konvensiyasi) yigirmata davlat tomonidan ratifikatsiya qilinganidan so‘ng, 1981-yil 3-sentyabrda kuchga kirdi. CEDAW Konvensiyasi xotin-qizlarning fuqarolik, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy huquqlariga bag‘ishlangan xalqaro qonun sifatida e’tirof etilgan.

Bugungi kunga qadar Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyani 189 mamlakat ratifikatsiya qilgan. Konvensiya 1995-yil 18-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan ratifikatsiya qilingan. 

Shu nuqtayi nazardan, 2024-yilda BMTning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasi bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oltinchi davriy ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha 2022-2025-yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasining ijrosi monitoring qilinganini ta’kidlash o‘rinlidir.

Milliy harakatlar rejasi ijrosi doirasida, jumladan, amaldagi qonun hujjatlariga oilaviy zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishning maqsadga muvofiqligi o‘rganildi. Shu asosda Jinoyat kodeksining 1261-moddasiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 592-moddasiga “oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik” bilan bog‘liq yangi norma kiritildi.

Mamlakatimizda, shuningdek, 2024-yilda “Xalqaro mehnat tashkilotining Ishlayotgan erkaklar va ayollar uchun teng munosabatlar va teng imkoniyatlar: oilaviy majburiyatlarga ega xodimlar to‘g‘risidagi 156-sonli Konvensiyasi (Jeneva, 1981-yil 23-iyun)ni ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun qabul qilindi. Bundan tashqari, milliy qonunchiligimizda onalik muhofazasini ijtimoiy sug‘urta tizimi bilan qamrab olish belgilanib, ijrochi vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

O‘tgan yili dunyoning barcha taraqqiyparvar mamlakatlari qatori O‘zbekistonda ham Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya qabul qilinganining 45-yilligi keng nishonlandi. Shu maqsadda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi manfaatdor vazirlik, idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlab chiqqan alohida tadbirlar dasturini ishlab chiqdi.

Ayni hujjat Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya tomonidan muhokama qilindi va tasdiqlandi. Unda xalqaro, mintaqaviy va milliy tadbirlar o‘tkazish, inson huquqlari bo‘yicha axborot-ma’rifiy hamda ta’lim-tarbiyaviy ishlarni takomillashtirish, shuningdek aholi, yoshlar va bolalar uchun darslik, qo‘llanma va boshqa adabiyotlarni tayyorlash kabi chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutildi.

Dastur doirasida, jumladan, 2024-yil 26-noyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi hamda “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlashning dolzarb masalalari: bugungi holat va istiqboldagi vazifalar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Unda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Bundan tashqari, 2024-yilda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida konvensiya qoidalarining bajarilishi yuzasidan Xorazm, Andijon, Namangan viloyatlarida jamoatchilik monitoringi o‘tkazildi. Ushbu keng qamrovli monitoring tadbirlarida xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy hayotda to‘laqonli ishtirokini ta’minlash, oiladagi maishiy zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha mavjud real voqelik alohida tayyorlangan so‘rovnoma asosida o‘rganildi.

Joylarda xotin-qizlarga nisbatan diskriminatsiya holatlarini o‘rganish va ularni himoya qilishda mavjud tizimning samaradorligini oshirish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi. Monitoring natijalari bo‘yicha tahliliy ma’lumot tayyorlanib, ko‘rib chiqish uchun tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etildi.

Yana bir muhim fakt: mamlakatimizda 2030-yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi faol amalga oshirilmoqda. Gender tenglik va ayollar huquqlarini ta’minlash ishlari kuchaytirilib, O‘zbekistonda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga yetkazildi. Yangi saylangan Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizi, Senat a’zolarining 27 foizini ayollar tashkil etmoqda.

Tadbirkor ayollar safi 37 foizga ko‘paydi. Yuz minglab ayollar kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi. Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan qizlar soni 6 barobar ko‘payib, ta’lim olayotgan talabalarning yarmidan ortig‘ini xotin-qizlar tashkil etmoqda.

Yangi O‘zbekistoning gender tenglik sohasida erishgan yutuqlari xalqaro darajada munosib e’tirof etilmoqda. Mamlakatimiz 2024-yilda gender tenglik va boshqaruv indeksi bo‘yicha 72,8 ball to‘pladi. Natijada 2022-yil qayd etilgan 103-o‘rindan 51 pog‘onaga ko‘tarilib, 52-o‘rinni egalladi. Ushbu indeks 158 ta mamlakatni qamrab olgan bo‘lib, gender tenglikka erishish yo‘lida muvaffaqiyat va kamchiliklarni aniqlash imkonini beradi.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech