IJTIMOIY DAVLATNING ASL MOHIYATI – IJTIMOIY  ADOLAT

20-fevral – Butunjahon ijtimoiy adolat kuni

 

Dunyo miqyosida, jumladan, O‘zbekistonda ham 2009-yildan buyon 20-fevral – Butunjahon ijtimoiy adolat kuni (World Day of Social Justice) sifatida nishonlab kelinadi. Ushbu xalqaro sana BMT Bosh Assambleyasining 2007-yil 26-noyabrdagi rezolyutsiyasi bilan ta’sis etilgan.

Butunjahon ijtimoiy adolat kunining bosh maqsadi jahon hamjamiyati e’tiborini ijtimoiy adolatni rivojlantirish zarurligiga qaratishdir. Bu bayram, shuningdek, qashshoqlik, gender tengsizlik, ishsizlik, inson huquqlariga hurmatsizlik va ijtimoiy befarqlik kabi dolzarb muammolarni hal etish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishga chorlaydi.

Ijtimoiy adolat – shunchaki axloqiy talab emas, balki milliy barqarorlik va global farovonlik asosi ham. Zero, teng imkoniyatlar, hamjihatlik va inson huquqlarini hurmat qilish mezonlari davlatlar va xalqlarning ishlab chiqarish salohiyatini har tomonlama rivojlantirish uchun juda muhim.

Shuning uchun Butunjahon ijtimoiy adolat kuni bilan bog‘liq bayram tadbirlari asosan ijtimoiy adolat yo‘lidagi g‘ovlarni olib tashlash va maqbul imkoniyatlarga keng yo‘l ochish istiqbollariga bag‘ishlanadi. Bu, o‘z navbatida, BMTga a’zo davlatlar, yoshlar, ijtimoiy sheriklar, fuqarolik jamiyati, BMTning ixtisoslashgan tashkilotlari va boshqa manfaatdor tomonlar bilan o‘zaro muloqotni qaytadan yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Bunday muloqot orqali jahonning turli hududlarida tobora kuchayib borayotgan tengsizlik va nafrat, nizolar va mehnatkashlar huquqlarini  himoya qiladigan institutlar faoliyatining susayishi oqibatida buzilgan ijtimoiy shartnomani mustahkamlash uchun amalga oshiriladigan sa’y-harakatlar haqida hamjihatlik bilan kelishib olish mumkin bo‘ladi. Binobarin, yangi va murakkab zamon dunyo ahlini “bir yoqadan bosh chiqarib”, ya’ni ahil hamda birdam bo‘lib yashashga undamoqda.

  Sayyoramizda nizo va mojarolarning ko‘pligiga qaramay, ijtimoiy adolatni ta’minlash hamda “yashil” va raqamli iqtisodiyot, yoshlar huquqlari kabi dolzarb masalalarga alohida e’tibor bergan holda, munosib ish o‘rinlari yaratish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Insoniyat duch kelib turgan ijtimoiy adolat bilan bog‘liq qaltis ahvol esa bu borada beg‘am va befarq bo‘lmaslikni taqozo etadi.

Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori Jilber Xungboning Butunjahon ijtimoiy adolat kuni munosabati bilan taqdim etgan ma’lumotlariga qaraganda, 2023-yil holatiga dunyo aholisining yarmi hech qanday ijtimoiy himoyaga ega emas. Lekin sayyoramiz aholisining 5-10 foizini tashkil etuvchi boylar daromadi muttasil o‘sishda davom etmoqda.

Yer yuzida 200 million nafardan ziyod mehnatkash insonlar qashshoqlikda kun kechirmoqda. Ular haftasiga 40 soatlab ishlasalar-da, kunlik daromadlari 1, 90 AQSH dollaridan kamligicha qolmoqda.

Daromadlar taqsimotidagi bunday katta tengsizlik, bandlik bilan bog‘liq muammolar inson huquqlariga rioya etilishini yanada murakkablashtirmoqda. Xotin-qizlar, migrantlar va qochqinlarga nisbatan kamsituvchi muomalada bo‘lish holatlari ortib bormoqda.

  Hozirgi vaqtda ish o‘rinlarining faqat 35 foizini ayollar band qilgan bo‘lib, bu 1990-yildagi ko‘rsatkichdan atigi 5 foizgina ko‘pdir. Shuningdek, 290 million nafar yoshlar hech qayerda ishlamaydi va o‘qimaydi, 2 milliard nafar insonlar esa norasmiy sektorda, ya’ni mehnat shartnomasini tuzmasdan mehnat qilmoqda.

Daromadning beqarorligi va ish joyining doimiy emasligi, ish sharoitlarining og‘irligi, ijtimoiy himoyaning yo‘qligi vaziyatni yanada qaltislashtirayapti. Bunday muammolar, bir tomondan, mehnat kishilarini pandemiya oqibatlariga chidamsiz qilib qo‘ysa, ikkinchi tomondan, ularning daromadi keskin kamayib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

Afsuski, kambag‘allik va tengsizlik ofati dunyoning turli hududlaridagi ko‘plab mamlakatlarda vaqt o‘tgan sari kuchayib bormoqda. Keyingi yillarda yuz bergan COVID-19 pandemiyasi, tabiiy ofatlar va shu balolar tufayli qaytadan qaltis tus olgan iqlim o‘zgarishlari, geosiyosiy taranglik va qurolli mojarolar esa iqtisodiy va ijtimoiy bo‘hronlar bilan bog‘liq tanglikni yanada oshirmoqda.

Ijtimoiy adolat amalda bo‘lsa, jamiyat hayoti yengillashadi va iqtisodiyot samarali avjlanadi. Yanada muhimi, qashshoqlik, tengsizlik va ijtimoiy tanglik kamayadi. Shu munosabat bilan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 2023-yildagi ma’ruzasida bu borada inklyuziv va ko‘ptomonlama yondashuvni kuchaytirish, qaytadan global birdamlikka erishish, mamlakatlar hukumatlari va xalqlari o‘rtasidagi ijtimoiy shartnomani, shuningdek, har bir jamiyat shartnomasini – inson huquqlarini ta’minlashga qamrovdor yondashgan holda, tubdan yangilashga chaqirgani bejiz emas.

Mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda allaqachon izchil ish olib borilmoqda. Negaki, biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekiston – har bir fuqarosi uchun g‘amxo‘rlik qiladigan ijtimoiy davlat va adolatli jamiyat bo‘ladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 20-iyunda Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Konstitutsiyamizda “O‘zbekiston — ijtimoiy davlat” degan tamoyilni mustahkamlash g‘oyasini ilgari surdi. O‘z navbatida, davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida bu g‘oya yanada mustahkamlanib, ijtimoiy davlatni barpo etishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi.

Ijtimoiy davlat – har bir fuqaroning munosib turmush sifati va darajasiga erishish, ijtimoiy tafovutlarni yumshatish va muhtojlarga yordam berish uchun ijtimoiy adolat tamoyillariga muvofiq moddiy boyliklarni adolatli taqsimlashga qaratilgan davlat modeli. Ayni model hozirgi vaqtda Buyuk Britaniya, Fransiya, Shvetsiya, Italiya, Belgiya, Daniya, Finlandiya, Germaniya, Portugaliya, Ispaniya, Avstriya, Gretsiya, Yaponiya, Niderlandiya, Shveysariya, AQSH kabi davlatlarda qo‘llanilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti ta’biri bilan aytganda, “Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, demakdir”. Ya’ni:

· ijtimoiy davlat muhtojlarga uy-joy, yashash uchun zarur bo‘lgan iste’mol tovarlarining eng kam miqdori belgilab qo‘yilishini nazarda tutadi;

·  shuningdek, ijtimoiy davlat shaxs va uning oilasi munosib hayot kechirishi uchun yetadigan ish haqi, bandlikni ta’minlash, xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, kambag‘allikni qisqartirishni talab qiladi;

·  ishsizlikdan himoyalanish, kafolatlangan sifatli ta’lim, malakali tibbiy yordam, barcha uchun teng imkoniyatlar, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ham ijtimoiy davlatning asosiy vazifasidir;

· yashash uchun zarur resurslar – ichimlik suvi, tabiiy gaz, elektr energiyasi, transport va boshqa qulayliklar bilan ta’minlanish, majburiy mehnatga taqiq qo‘yish ham ijtimoiy davlatda muhim ahamiyat kasb etadi;

· eng muhimi, ijtimoiy davlatda hech kim e’tibordan chetda qolmaydi, o‘z muammolari bilan yolg‘iz tashlab qo‘yilmaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022-yilda nashr etilgan “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” nomli kitobida “O‘zbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyilining ayni ustuvor yo‘nalishlari batafsil ifoda etilgan. Xususan, mamlakatimiz aholisi uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma, malakali tibbiy xizmat, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya va sog‘lom ekologik muhit yaratish, iqtisodiyotni mustahkamlash, ijtimoiy, huquqiy, ekologik va boshqa sohalarni rivojlantirish istiqbollari ko‘rsatib berilgan.

O‘z navbatida, davlatimiz rahbarining 2024-yili chiqqan “Hozirgi zamon va Yangi O‘zbekiston” kitobidagi “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” sarlavhali alohida bob ayni mavzuga bag‘ishlangan. Ushbu kitobda keltirilgan ta’rifga ko‘ra, “Ijtimoiy davlat – eng avvalo, jamiyatda ijtimoiy adolat va hamjihatlik tamoyillari hukm suradigan, inson kapitalini rivojlantirish va uning imkoniyatlarini yuzaga chiqarish uchun zarur sharoitlar yaratilgan, fuqarolar uchun yuqori hayot va turmush darajasi ta’minlanadigan davlatdir”.

Shu ma’noda, mamlakatimizda 2023-yil 30-aprelda o‘tkazilgan referendumda ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi inson qadrini ulug‘lashga xizmat qiladigan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini yoqlab ovoz bergani tahsinga sazovor. Endilikda Asosiy qonunimizda davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlariga taalluqli normalar 3 barobar ko‘paydi.

Eng muhimi, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda birinchi marta “O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat” (1-modda), degan norma belgilandi. Shu asosda Yangi O‘zbekistonda davlat qurilishining yangicha strategik maqsadi – suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurish ekanligi qat’iy belgilandi, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi.

Bu muhim jarayonda, akademik Akmal Saidov ta’biri bilan aytganda, huquqiy, ijtimoiy davlat imperativini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Birdamlik, adolatli ijtimoiy siyosat, inson kapitalini rivojlantirish tamoyillari ustuvorligiga tayanildi. Zero, davlat o‘z fuqarolariga g‘amxo‘rlik qilishga majbur. Mazkur ustuvor prinsip ijtimoiy davlatning asl mohiyati hisoblanadi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, fuqarolarga davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar hajmi va turlarini kengaytirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish xarajatlari ikki baravar ko‘paydi, nogironligi bo‘lgan shaxslar va nogiron bolalarga g‘amxo‘rlik qilayotganlar uchun yangi turdagi imtiyozlar joriy etildi.

Yangi O‘zbekistonning asosiy maqsadi – har bir fuqaroga g‘amxo‘rlik qilish, inklyuziv rivojlanish, aholining barcha qatlamlari uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash ekanini ham ta’kidlash zarur. Binobarin, O‘zbekistonni o‘z Vatani, deb bilgan, uning ravnaqiga hissa qo‘shayotgan har bir inson millati, tili va dinidan qat’i nazar, hamisha davlat va jamiyatning e’tibori va g‘amxo‘rligidadir.

Shuni ham ta’kidlash joizki, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi yurtimizda izchil amalga oshirilayotgan shiddatli va qamrovdor islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Taraqqiyot strategiyasining “Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish” nomli to‘rtinchi ustuvor yo‘nalishida ijtimoiy davlat negizini tashkil etuvchi masalalarga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, mazkur dasturiy hujjatning 43-maqsadi bevosita har bir inson uchun munosib sharoit yaratish va turmush darajasini muntazam yaxshilab borishga yo‘naltirilgan.

Yana bir muhim dasturulamal hujjat – “O‘zbekiston-2030” strategiyasida ham ijtimoiy himoya masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Ushbu hujjatda aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ijtimoiy himoya tizimini tashkil etish asosiy g‘oyalardan biri etib belgilangan hamda uni Barqaror rivojlanish bo‘yicha O‘zbekiston milliy maqsad va vazifalar doirasida ro‘yobga chiqarish chora-tadbirlari qayd etilgan.

Bunda, birinchidan, professional ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish orqali ijtimoiy himoya qilish tizimi bilan muhtojlarning barchasi to‘liq qamrab olinadi. Buning uchun ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga manzilli yordam ko‘rsatish maqsadida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi yaratildi.  

Ikkinchidan, nuroniylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida har yili bir  milliondan ortiq nuroniy uchun tarixiy shaharlar, qadimiy obidalar, ziyoratgohlar va yurtimizning so‘lim go‘shalariga sayohatlar tashkil etilmoqda. Nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash dasturlari doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar qamrovi kamida 30 foizgacha ortishi nazarda tutilgan.    

Uchinchidan, mehnatga layoqatli aholini, shu jumladan, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning barqaror va samarali bandligini ta’minlash orqali ishsizlik darajasini 7 foizgacha tushirish borasida izchil ish olib borilmoqda.

To‘rtinchidan, ayollar uchun homiladorlik va tug‘ish, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, ish beruvchi yuridik shaxs tugatilganda va tugatilayotgan korxonaning to‘lovlar uchun mablag‘lari mavjud bo‘lmagan hollarda ishdan bo‘shatish nafaqalari, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar oqibatidagi sug‘urta to‘lovlarini kafolatlangan ijtimoiy sug‘urta tizimi orqali amalga oshirish tashkil etilayotir.  

Shu nuqtayi nazardan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 7-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi ana shu ko‘lamdor islohotlarni 2025-yilda samarali amalga oshirishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Xususan, Davlat dasturining 100 ta maqsadidan aksariyati aynan ijtimoiy yo‘nalishdagi choralarni o‘zida qamragan.

Muxtasar aytganda, bugungi kunda O‘zbekiston ijtimoiy davlat va odil fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lida ildam odimlamoqda. Shu dolzarb omilni hisobga olgan holda, “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyili hayotimizning barcha sohalarida o‘z aksini topishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech