Yetarli uy-joyga ega bo‘lish huquqini ta’minlash va majburiy ko‘chirish bo‘yicha sud amaliyoti

28-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi binosida gibrid formatda yetarli uy-joyga bo‘lgan huquqni ta’minlash sohasida sud amaliyotini takomillashtirish, shu jumladan majburiy ko‘chirish bilan bog‘liq jihatlarga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan hamkorlikda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi ko‘magida tashkil etildi. Muhokamalarda 50 dan ortiq sudya, jumladan, Oliy sud, tuman va viloyat sudlari vakillari ishtirok etdi.

Davra suhbati BMTning yetarli uy-joyga bo‘lgan huquqni ta’minlash masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Balakirshnan Rajagopalning 2024-yil avgust oyida O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha taqdim etgan tavsiyalarini amalga oshirish doirasida o‘tkazildi. B.Rajagopal BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 40-sessiyasida taqdim etgan hisobotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 1,8 milliardga yaqin odam uy-joy bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda, shahar aholisining 25 foizi norasmiy aholi punktlarida yashaydi.

Zamonaviy sharoitda ushbu muammo xalqaro standartlar va eng yaxshi huquqni qo‘llash amaliyotiga asoslangan tizimli yondashuvni talab qilgan holda alohida dolzarblik kasb etmoqda. Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 27-fevral kuni o‘tkazilgan yig‘ilish doirasida iqtisodiy va fuqarolik sudlari tizimini isloh qilish va yagona sud amaliyotini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, ushbu sohadagi qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, sud tizimini fuqarolarga yanada yaqinlashtirish va moliyalashtirishni takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Sud tizimi faoliyatini yanada takomillashtirish, uning ochiqlik va raqamlashtirish darajasini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda, jumladan, iqtisodiy sudlar tizimini isloh qilish va ularda yagona sud amaliyotini yo‘lga qo‘yish masalalari alohida qayd etildi. Sohaga oid qonunchilikni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, sud tizimini xalqqa yanada yaqinlashtirish va moliyalashtirishni takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi, akademik Akmal Saidov o‘z so‘zida yetarli uy-joyga ega bo‘lish huquqini himoya qilish sohasida milliy qonunchilik va sud amaliyotini yanada takomillashtirish muhimligini ta’kidladi. BMT tavsiyalari O‘zbekistonda fuqarolar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari Olimjon Ismoilov yetarli uy-joyga bo‘lish huquqini ta’minlash sud-huquq islohotlarining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligiga e’tiborni qaratdi. Oliy sud fuqarolarning huquqlarini himoya qilish va xalqaro standartlarni hisobga olish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga ustuvor ahamiyat berish, jumladan xalqaro standartlarni hisobga olgan holda, ushbu sohadagi sud amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettiradi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Matilda Bogner onlayn murojaatida O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Uning fikricha, inson huquqlari, xususan, yetarli uy-joyga bo‘lgan huquq sohasidagi xalqaro standartlarni yanada izchil tatbiq etish muhim, chunki bu fuqarolarni himoya qilishning eng samarali mexanizmlarini joriy etish imkonini beradi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi Inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi Omer Fisher BMT Maxsus ma’ruzachisining asosiy xulosa va tavsiyalarini taqdim etdi. Bunda sud jarayonlarining shaffofligi va aholining zaif qatlamlariga tizimli huquqiy yordam ko‘rsatish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Davra suhbati davomida ishtirokchilar majburiy ko‘chirish va uy-joy huquqini ta’minlash bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sud amaliyotidagi dolzarb masalalarni muhokama qildilar. Sudlar o‘z qarorlarida qonuniylik, insonparvarlik va ijtimoiy adolat tamoyillariga amal qilib, fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlari va manfaatlarini inobatga olishi shart ekani ta’kidlandi.

Muhokamalarda, shuningdek:

- uy-joy masalalari bo‘yicha sudyalar malakasini oshirish, huquqni qo‘llash ko‘nikmalarini takomillashtirish va ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish;

- fuqarolarga o‘z vaqtida huquqiy yordam ko‘rsatilishini ta’minlash uchun sud organlari, tegishli davlat muassasalari va huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash;

- BMTning inson huquqlarini himoya qilish tuzilmalari tavsiyalari va ilg‘or xalqaro amaliyotni hisobga olgan holda milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish, shuningdek, sud amaliyotini fuqarolar huquqlarini yanada samarali himoya qilish yo‘nalishida moslashtirish;

- tartib-taomillarning shaffofligini oshirish va jamiyatning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash uchun uy-joy sohasida jamoatchilik ishtiroki va fuqarolik nazorati mexanizmlarini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Davra suhbati yakunida bunday tadbirlar ilg‘or tajriba almashish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish sifatini oshirishga, shuningdek, O‘zbekistonda huquqiy davlatni mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech