BUDAPESHT, 15-aprel. /"Dunyo" AA/. Vengriyaning "Eurasia Magazine" jurnalida akademik Akmal Saidovning "Birinchi Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi sammiti: mintaqalararo strategik hamkorlik sari" carlavhali maqolasi e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Nashrda ma'lum qilinganidek, joriy yilning 3-4-aprel kunlari Samarqand shahrida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" birinchi tarixiy sammiti bo'lib o'tdi. Oliy darajadagi tadbirda Yevropa Ittifoqi rahbarlari va Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilari qatnashdi.
"Sammitda Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi ko'p qirrali munosabatlar va amaliy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi, – deb yozgan muallif. – Ishtirokchilar dolzarb xalqaro va mintaqaviy siyosiy voqealar yuzasidan fikr almashdilar. O'zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator yangi tashabbuslarni taqdim etdi".
Prezident Shavkat Mirziyoyev sammit arafasida Euronewsga bergan intervyusida ta'kidlaganidek, Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" formati hamda institutsional ko'lami bo'yicha tengsiz hamkorlik platformasi hisoblanadi. U 27 davlatdan, jumladan, "Katta yettilik"ka a'zo uchta davlat – Germaniya, Fransiya va Italiyadan iborat Yevropa Ittifoqini birlashtiradi va Markaziy Osiyo bilan tizimli mintaqalararo sheriklik qurgan eng yirik integratsiya tuzilmasi hisoblanadi.
"Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqining birinchi sammiti mavzusiga qaytadigan bo'lsak, Samarqanddagi uchrashuv ikki mintaqa o'rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda burilish nuqtasi deb atalgani bejiz emas", – deyilgan materialda.
Ta'kidlanganidek, mintaqa markazida joylashgan O'zbekiston Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan chegaradosh. Hududining salmoqli qismi avvallari Amir Temur saltanati tarkibiga kirgan. O'rta asrlardagi Movarounnahrning tarixiy chegaralari ko'p jihatdan Markaziy Osiyoning zamonaviy chegaralariga to'g'ri keladi.
Sohibqiron Amir Temur saltanati o'zining yuksak cho'qqisida O'rta yer dengizi va Qora dengizlardan Qashg'argacha, Kavkaz va Volga dashtlaridan Shimoliy Hindistongacha cho'zilgan edi. Temuriylar saltanatining qulashi va mustaqil Markaziy Osiyo davlatlarining vujudga kelishigacha bo'lgan davr qariyb 400 yil davom etgan.
Oddiy qilib aytganda, Sohibqiron Amir Temur Osiyo va Yevropani qamrab olgan yagona geosiyosiy makon yaratishga muvaffaq bo'ldi. Uning vorislari boy siyosiy va strategik meros – tartib, intizom va qonun ustuvorligini meros qilib oldilar. Bu tamoyillar ichki barqarorlikni ta'minlab, keng va strategik muhim mintaqada davlat manfaatlarini himoya qilishga xizmat qildi.
Bugun yangilangan geosiyosiy voqelikda Markaziy Osiyo yana Ipak yo'li davridagi asosiy rolini – Sharq va G'arb, Shimoliy va Janub o'rtasidagi ko'prik, turli iqtisodiy manfaatlar chorrahasi sifatida qayta tiklanmoqda. Shu ma'noda ishonch bilan aytish mumkinki, O'zbekiston Prezidenti bir paytlar Amir Temur orzu qilgan ulug'vor tasavvurni hayotga tadbiq etmoqda.
Nashrda sammit yakunida uning yakunida Qo'shma deklaratsiya qabul qilingani xabar qilingan. Ushbu hujjatda tomonlarning siyosiy muloqotni mustahkamlash va barcha ustuvor yo'nalishlarda konstruktiv hamkorlikni rivojlantirishga intilishi o'z ifodasini topdi.
Maqola yakunida "Samarqandda "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" birinchi sammitining o'tkazilishi strategik sheriklik rivojidagi yangi bosqich ramzidir. O'zaro munosabatlar birinchi marta sifat jihatidan yangi bosqichga – alohida davlatlar hamkorligidan to'laqonli mintaqalararo hamkorlikka ko'tarildi", – deb yozilgan.
- Qo'shildi: 11.04.2025
- Ko'rishlar: 865
- Chop etish