YANGI O‘ZBEKISTON: TARAQQIYOT YO‘LIDA BARQAROR RIVOJLANISH

"Dunyodagi har bir davlatning milliy suvereniteti va mustaqilligi shu mamlakatning xalqaro huquq subyekti sifatida jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egallashi, o‘z xalqining tinch va farovon hayotini, uning eng muhim manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladigan mustahkam siyosiy-ijtimoiy zamin va kuch-qudrat manbaidir”. Ushbu fikrlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 10-iyulda qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarorida alohida ta’kidlangan.

Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston ortga qaytmas demokratik islohotlar yo‘lidan dadil odimlamoqda, pragmatik tashqi siyosat yuritmoqda. Jahon hamjamiyati bilan ochiq va faol muloqot olib borish bilan bir qatorda, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish borasida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirmoqda.

Joriy yil boshida, jumladan, "O‘zbekiston – 2030" strategiyasini bajarish maqsadida "Atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish yili" Davlat dasturi tasdiqlandi. Ayni dasturiy hujjatga muvofiq, inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash kafolatlari va institutsional mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar izchillik bilan bajarilmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek: "Xalqimizning asrlar davomida turli g‘oya va amaliy harakatlarda shakllangan orzu-intilishlari bugun Yangi O‘zbekiston konsepsiyasida mujassam bo‘lmoqda". Bu fikrning naqadar to‘g‘riligini quyidagi aniq dalil va raqamlar yaqqol ko‘rsatib turibdi:

·     milliy iqtisodiyot jadal o‘sishi natijasida qisqa davrda tarixda birinchi marta mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot hajmi 110 milliard AQSH dollaridan oshdi;

·     yurtimizda maktablarning yangi modeli – ijodiy, ixtisoslashtirilgan va Prezident maktablari tizimi yaratilib, maktabgacha ta’lim tizimida qamrov darajasi 2017-yildagi 27 foizdan – hozirgi 77 foizga, oliy ta’limda 9 foizdan – 42 foizga o‘sdi;

·     sportchilarimiz ilk bor Parij Olimpiadasi va Paralimpiadasining kuchli o‘n beshta jamoasi qatoriga kirdi, O‘zbekiston tarixida birinchi marta futbol bo‘yicha 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar terma jamoasi, shuningdek, futbol bo‘yicha milliy terma jamoa jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

 

Yangi O‘zbekistonning pragmatik diplomatiyasi

 

Dunyoning turli mintaqalarida qurolli mojarolar, ekologik va texnogen ofatlar, iqtisodiy inqirozlar, "savdo nizolari", terrorizm va ekstremizm xavfi kundan kun kuchayib borayotgani hech kimga sir emas. Hozirgi shunday o‘ta murakkab sharoitda mamlakatimizda yagona O‘zbekiston tamoyili asosida tinchlik va barqarorlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash masalalariga ustuvor ahamiyat berilayotgani e’tiborga loyiqdir.

Global o‘zgarishlar, yangi chaqiriq va tahdidlar sharoitida Yangi O‘zbekiston diplomatiyasi mamlakatning iqtisodiy va siyosiy salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, milliy manfaatlarni himoya qilish va davlatning xalqaro imijini yaxshilashda sezilarli yutuqlarga erishdik.

So‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli mintaqaning qardosh davlatlari bilan do‘stona aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi. Jahon siyosatida "Markaziy Osiyo ruhi" va "Markaziy Osiyo qiyofasi" kabi tushuncha hamda voqeliklar paydo bo‘ldi.

Markaziy Osiyoda ishonch va sheriklikning yangi darajasiga erishilgani jadal o‘zgarishlarga jo‘shqin sur’at bag‘ishladi. Joriy yil mart oyida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston chegaralari tutashgan nuqtada “Do‘stlik” stellasi  o‘rnatilgani o‘rtamizda mustahkamlanib borayotgan yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarining yana bir tasdig‘i bo‘ldi. Mintaqa mamlakatlari barqaror va izchil rivojlanishining ushbu noyob hodisasi nufuzli tahlil markazlari tomonidan faol o‘rganilmoqda.

Bugungi kunda "Yangi Markaziy Osiyo" konsepsiyasi real voqelikka aylanmoqda, mintaqada yagona transport-logistika makoni shakllanmoqda. Mintaqamiz jadal rivojlanib, iqtisodiy o‘sish va investitsiyaviy faollik markazi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Markaziy Osiyo olamshumul tarixiy imkoniyatlardan foydalanib, yaxshi qo‘shnichilik va xavfsizlik, o‘zaro manfaatli hamkorlik va barqaror taraqqiyot makoniga aylanmoqda.

Markaziy Osiyoni Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasidagi to‘laqonli tranzit xabiga aylantirishga qaratilgan dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda. Natijada keyingi yillarda o‘zaro savdo hajmi 4,5 barobar, investitsiyalar esa ikki barobar ko‘paydi. Qo‘shma korxonalar soni besh barobar ortdi. Joriy yilda "Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston" temir yo‘li qurilishi boshlandi. O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron  – Turkiya transport yo‘lagi orqali yuk tashish hajmi sezilarli darajada oshdi.

Faol va pragmatik tashqi siyosat tufayli O‘zbekiston xalqaro siyosatning markazlaridan biriga va global g‘oyalar tashabbuskoriga aylanmoqda. Shu yil 3-4-aprel kunlari Samarqandda Yevropa Kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen ishtirokida Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo birinchi sammiti o‘tkazilgani buning yana bir tasdig‘idir. Sammit O‘zbekiston Prezidenti raisligida hamda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston yetakchilari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Bundan tashqari, Samarqand iqlim forumi – Markaziy Osiyoda birinchi marta shunday darajadagi, ya’ni ekologiya va barqaror rivojlanish masalalariga to‘liq bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Forum mintaqa uchun muhim voqea bo‘ldi va xalqaro hamjamiyat e’tiborini tortdi: unda BMT Bosh kotibining uchta o‘rinbosari, yirik ekologik tashkilotlar rahbarlari, 30 dan ortiq mamlakat va xalqaro agentliklar, jumladan UNCCD, FAO, UNIDO, UNECE va ICBA vakillari, shuningdek, ekologiya vazirlari va ekspertlari ishtirok etdi.

 

Parlament mezonlari va Yangi O‘zbekiston

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Toshkent shahrida 2025-yil 5-9-aprel kunlari sayyoramiz miqyosidagi yana bir muhim tadbir tashkil etildi. Bu o‘rinda "Ijtimoiy rivojlanish va adolat yo‘lidagi parlament harakatlari" mavzusida bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi haqida so‘z bormoqda.

Assambleya doirasida Yosh parlamentariylar global forumi va Xalqaro xotin-qizlar parlament forumi o‘tkazildi. Forumda 140 dan ortiq mamlakatdan 2 mingga yaqin parlamentariy, shuningdek, 20 dan ortiq xalqaro va parlamentlararo tashkilot vakillari ishtirok etdi.

Markaziy Osiyo tarixida birinchi marta ushbu tadbir O‘zbekistonda bo‘lib o‘tdi. Bu, shubhasiz, Prezidentimiz rahbarligida mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, shuningdek, parlamentarizmni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli sa’y-harakatlar xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilayotganining yorqin samarasidir.

Forumning yakuniy dasturiy hujjati – "Ijtimoiy rivojlanish va adolat uchun parlament harakati" Toshkent deklaratsiyasining qabul qilinishi ko‘p kunlik munozaralarning mantiqiy hosilasi va xalqaro parlament hamjamiyatining hozirgi zamon ustuvor muammolari bo‘yicha konsensusining o‘ziga xos ifodasi bo‘ldi. BMT Bosh Assambleyasi 79-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida tasdiqlangan Toshkent deklaratsiyasi strategik xususiyatga ega bo‘lib, global xavfsizlik va tinchlikni mustahkamlash, barqaror rivojlanish, ijtimoiy adolat hamda inson huquqlari va gender tenglikni ilgari surish, yoshlar va inklyuziv ta’limni qo‘llab-quvvatlash sohasida parlament harakatlarining keng qamrovli hadli dasturi hisoblanadi.

Shuni ham ta’kidlash joizki, "O‘zbekiston – 2030" strategiyasida parlament institutini yanada rivojlantirish masalalari ustuvor vazifalar qatoriga kiritilgan. So‘nggi yillarda qonun chiqaruvchi hokimiyatning jamiyat va davlat hayotidagi rolini oshirishga qaratilgan 20 dan ortiq qonun qabul qilindi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada parlament vakolatlari tubdan kengaytirildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari 5 tadan 12 taga, Senatning mutlaq vakolatlari esa 14 tadan 18 taga ko‘paydi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatga Prezidentning sud, korrupsiya va monopoliyaga qarshi kurashish organlarini shakllantirish bo‘yicha bir qator vakolatlari o‘tkazildi.

Parlamentning Hukumatni shakllantirishdagi ishtiroki, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ustidan nazorat mexanizmlari, shuningdek, parlamentlararo hamkorlik imkoniyatlari yanada kuchaytirildi. Hozirgi vaqtda Oliy Majlis palatalari qariyb 100 ta xorijiy parlament bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan, 80 ta do‘stlik guruhi va parlamentning qo‘shma komissiyalari samarali faoliyat yuritmoqda.

Yangi aralash saylov tizimi asosida o‘tgan saylovlar va ayol nomzodlar uchun kvotaning ko‘paytirilishi siyosiy partiyalarning sezilarli ta’siri va yangi gender mezoniga ega bo‘lgan yanada professional va mas’uliyatli parlamentning shakllanishiga yordam berdi. Bugungi kunda milliy parlamentda ayollar ulushi 38 foizga yetdi va bu ko‘rsatkich Parlamentlararo Ittifoq tomonidan Osiyo mintaqasida so‘nggi 30-yildagi eng yuqori o‘sish sifatida baholandi.

Quyi palatada parlament ko‘pchiligi va muxolifat shakllantirildi. Bundan tashqari, o‘zini parlament muxolifati deb e’lon qilgan siyosiy partiyalar fraksiyalariga qo‘shimcha huquqlar berishni nazarda tutuvchi parlament muxolifati huquqlarini kengaytirish bo‘yicha qonunchilik darajasida chora-tadbirlar qabul qilindi. Ya’ni, parlament muxolifati huquqlarining soni 3 tadan 6 taga ko‘paydi. Xususan, bu o‘rinda:

·  qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgunga qadar qonun loyihasining yoki uning ayrim qoidalarining muqobil tahririni kiritish huquqi;

·  Qonunchilik palatasida bitta qo‘mita raisi lavozimini va ikkita qo‘mita raisining o‘rinbosari lavozimini egallash huquqi;

·  "Hukumat soati" va parlament so‘rovi doirasida har chorakda kamida bitta masala kiritish huquqi misolidagi yangi huquqlar haqida so‘z bormoqda.

Parlament muxolifati Qonunchilik palatasining yalpi majlisi bayonnomasiga muhokama qilinayotgan masalalar yuzasidan o‘zining alohida fikrini ham kiritishi mumkin. Shuningdek, Senat tomonidan rad etilgan qonun bo‘yicha kelishuv komissiyasida o‘z vakillarining kafolatli ishtirok etishi huquqiga ega.

Bundan tashqari, ushbu o‘zgarishlardan kelib chiqib, mamlakatimiz hududlarida xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining vakolatlari kengaytirildi: ularga 30 dan ortiq vakolat o‘tkazildi va bu jarayon izchil davom ettirilmoqda.

Bugungi kunda ijtimoiy-siyosiy hayotning turli sohalarida mahalliy Kengashlarning rolini kuchaytirishni nazarda tutuvchi 2030-yilgacha mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatini rivojlantirish konsepsiyasi amalga oshirilmoqda. Xususan, Xalq deputatlari Kengashlariga:

·     davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovi stavkalarining eng kam miqdorini belgilash;

·     dafn etish joylarini saqlash qoidalari va bunday xizmatlarni ko‘rsatish tariflari miqdorini tasdiqlash;

·     ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qo‘yish;

·     yo‘lning ayrim qismlarida, tegishli yo‘l belgilarini o‘rnatgan holda, harakat tezligini oshirish yoki kamaytirish uchun ruxsatnoma berish vakolatlari taqdim etilmoqda.

Bundan tashqari, hokimlar deputatlar va jamoatchilik oldida hisobot beradigan "Kengash soati" instituti joriy qilinmoqda. Shuningdek, davlat bojlari, jarimalar, yig‘imlar kabi daromadlarning bir qismini mahalliy byudjetlar foydasiga qayta taqsimlash taklif etilmoqda.

Kengashlar huzurida Oliy Majlis palatalari huzurida tuzilgan Yoshlar parlamentlariga monand Yoshlar guruhlari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari, mahallalar, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari va ilmiy doiralar vakillari ishtirokida maslahat guruhlari tashkil etiladi. Endilikda mahalliy Kengashning doimiy komissiyalarida viloyat, Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimining o‘rinbosari lavozimiga nomzodlar dastlabki tarzda muhokama qilinadi hamda hududlarni rivojlantirish dasturlari eshitiladi.

Ma’lumki, 2025-yil may-iyun oylarida O‘zbekistonning 208 ta tuman va shaharlaridagi 8 ming 852 ta mahallada mahalla raislari saylovi o‘tkazildi. Mahalla raislari birinchi marta 5-yilga saylandi, chunki ilgari bu muddat 3-yil edi.

 Mahalla raislari saylovi natijasida 3 ming 962 ta, ya’ni jami mahallalarning 44,8 foizida yangi rahbarlar, qolganlarida esa amaldagi raislar qayta saylandi. Saylanganlar orasida 1 ming 196 nafar xotin-qiz va 306 nafar tuman (shahar) kengashlari deputati bor. Raislar yangi tarkibining o‘rtacha yoshi 51 yoshni tashkil etdi.

Shunday qilib, o‘tgan yil davomida mamlakatimizda vakillik demokratiyasining barcha unsurlari – milliy parlament, mahalliy vakillik organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari sifat jihatidan yangi asosda shakllantirildi.

 

Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat

 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada O‘zbekiston – ijtimoiy davlat ekanligi aniq belgilangan. Chunonchi, 43-moddada davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘radi, fuqarolarning kasbiy tayyorgarligi va qayta tayyorlanishini tashkil etadi hamda rag‘batlantiradi, deyilgan.

"O‘zbekiston – 2030" strategiyasiga ko‘ra, 2026-yilga borib kambag‘allik darajasini 2022-yilga nisbatan ikki baravar qisqartirish, 2030-yilgacha esa kambag‘allik xavfi ostida bo‘lgan 4,5 mln kishining daromadini oshirish va ijtimoiy sheriklik asosida 500 ming nafar malakali mutaxassisni tayyorlash rejalashtirilgan. So‘nggi 8-yil ichida mamlakatda 7 milliondan ortiq kishi kambag‘allikdan chiqarildi, kambag‘allik darajasi 35 foizdan 8,9 foizga kamaydi. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 6 foizga tushirish maqsad qilingan.

Kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha asosiy vazifalar va chora-tadbirlar qonunchilik va davlat strategiyalarida mustahkam belgilab qo‘yilgan. Xususan, "Qashshoqlikdan farovonlikka" umummilliy dasturini amalga oshirish boshlandi. Ushbu faoliyatni amalga oshirish uchun Ijtimoiy himoya milliy agentligi va "Inson" ijtimoiy xizmat ko‘rsatish markazlari tashkil etildi.

Natijada 2,3 milliondan ortiq ehtiyojmand oila, xotin-qizlar, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar kafolatlangan ijtimoiy himoya bilan qamrab olindi. Bundan tashqari, "Temir daftar" "Ayollar daftari", "Yoshlar daftari", "Mehr daftari" kabi mutlaqo yangi tashkiliy-huquqiy mexanizmlar aniq natijalar bermoqda.

O‘zbekiston tajriba almashish va muhtojlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro tashkilotlar va mamlakatlar bilan barqaror hamkorlik qilishga intilib kelayotgani bejiz emas. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, ko‘p qirrali kambag‘allik bo‘yicha o‘zaro muloqot ezgu maqsadlarga erishishga xizmat qiladi va uning yakunlari bo‘yicha ishlab chiqilgan amaliy taklif va tavsiyalar global miqyosda kambag‘allikni qisqartirishda yangi qadam bo‘ladi.

O‘zbekistonning Ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash bo‘yicha global ittifoqqa qo‘shilgani – global oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini hal qilish hamda ochlik, qashshoqlik va tengsizlikka qarshi faol kurashda tarixiy qadam bo‘ldi. Mamlakatning ushbu sa’y-harakatlari sarmoyalar va mahalla institutlarining asosiy roli tufayli ta’lim, ish o‘rinlari yaratish va qishloq hududlarini rivojlantirishga qaratilgan.

Yil boshidan buyon bu sohada xalqaro tajriba asosida shakllangan modellar joriy etilmoqda. Xususan, bank tizimi mahallalar bilan faol muloqot qilib, aholi bandligini ta’minlashda ko‘maklashadigan bo‘ldi.

Bandlikni oshirishda kasb-hunar ta’limi sifati asosiy omil bo‘lib qolmoqda. Bu muhim omil esa ish beruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirish, kadrlar tayyorlash darajasini oshirish, xususiy sektorni faol jalb etishni taqozo etadi. Xususan, internet orqali bepul videokurslarni joriy etish, shuningdek, ishlayotgan fuqarolarga "kasbiy vaucherlar"dan foydalangan holda qayta tayyorlash yoki malaka oshirish imkoniyatini berish ko‘zda tutilgan.

 

Shunday qilib, mamlakatimizda ro‘y berayotgan shiddatli o‘zgarishlar tahlili asosida dadil aytish mumkinki, O‘zbekistonning suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat, xalqaro maydondagi ishonchli hamkor sifatidagi maqomi sezilarli darajada mustahkamlandi. Bundan tashqari, mamlakatimizning xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik konstruktiv tashabbuslari jahon hamjamiyati tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlandi.

 

Akmal Saidov,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasining deputati, akademik

«Xalq so‘zi» gazetasining 2025-yil 26-avgust kungi 175 (9070)-soni

Powered by GSpeech