YANGI O‘ZBEKISTON BUNYODKORLIGI

inson qadrini ulug‘lash, uning hayotiy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan

 

O‘zbekiston Respublikasi davlat

mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligiga

 

Keyingi yillarda xorij safarlariga ko‘p ham chiqqim kelmay qoldi. Bu kayfiyatim faqat dunyoning notinchligi va beqarorligi bilangina bog‘liq emas. Ya’ni, bundan ko‘ra ham muhimroq omillar bor, demoqchiman.

O‘zingiz o‘ylab ko‘ring: “Holva yeyishdan murod – og‘izning chuchishi” deganlaridek, avvallari chet ellardagi zamonaviy va jozibador sayyohlik salohiyati afzalliklaridan bahra olish payida bo‘lardik. Bugun esa chet elliklar O‘zbekiston sayohatiga oshiqmoqda. Yaqin o‘n yillar oldin yurtimizga bir yil davomida tashrif buyuradigan turistlar soni 1 million nafarga ham yetmagan bo‘lsa, endilikda bu ko‘rsatkich har oyda 1 milliondan oshmoqda.

Ajnabiy yurtlarning taomlari ishtaha qo‘zg‘aydigan rohatijon restoranlarida mehmon bo‘lishu, gavjum ko‘chalarida ko‘zlarni o‘ynatib o‘tadigan eng so‘nggi rusumdagi avtolar tomoshasidan zavq olish ishtiyoqi ham urfdan qoldi. Nega desangiz, bir tomondan, hamyurtlarimizning chet el safaridan qaytib kelganidan so‘ng kafe-restoranlarimizda huzur bilan tamaddi qilar ekan, “O‘zimiznikidan qo‘ymasin!” degan shukronalariga ham, xorijlik mehmonlarimizning “O‘zbek taomlariga nima yetsin!” degan maqtovlariga ham har qadamda guvoh bo‘lib turibmiz.

Qolaversa, ko‘cha-ko‘yda atigi 3-4 xil rusumdagidan boshqacha xil yengil ulovlarning qorasi ko‘rinmaydigan eski zamonlar allaqachon o‘tmishda qoldi. O‘sha zerikarli yo‘l manzaralari endi hatto tushimizga ham kirmaydi. Bolalaru nabiralarga nafaqat mamlakatimiz avtozavodlarida tayyorlangan, balki jahoning eng mashhur brendlari bo‘lgan avtomobillarga ham to‘la ko‘chalarimizda o‘ttiz yilcha oldin ahvol butunlay boshqacha edi, desak, ishonishmaydi ham.

Xorij safariga moyilligim susayganining yana bir sababi bor. Gap shundaki, XX asrning 90-yillarida kaminaga dunyoning yigirmaga yaqin davlatini goh sayohat, goh xizmat safari bahonasida tomosha qilish nasib etdi. Har gal Nyu-York va Vashington, London va Jeneva, Amsterdam va Bonn, Bryussel va Lej, Anqara va Istanbul, Kuala-Lumpur va Bangkok – sayyoramizning qaysi shahrini ziyorat qilmayin, albatta, go‘zal va purviqor bino-imoratlariga boshimdan do‘ppim tushib ketadigan darajada hangu mang bo‘lib termulganim rost.

Negaki, sobiq ittifoqning sobiq fuqarosiman, binobarin, tovuqlarga katak qurish uchun ham “eng yuqori”dan ruxsat olish talab etilgan zamonlarni ko‘rganman. Yurtimiz qishloqlarining o‘sha vaqtdagi abgoru vayrona ahvoli haqida to‘xtalmayman. Shaharlarimizdagi qariyb bir xil qolipli “quti” uylardan zerikkan odam uchun xorijdagi binolarning har biri hayratomuz mo‘jiza bo‘lib tuyulishi tabiiy.

Bizda esa odamlar shu “quti”-uylar uchun ham 20-30 yillab navbatda turgan. Eski mahallalarning zax bosgan, pastak hovlilarida ko‘p bolali 7-8 talab oila zich holda va mushkul sharoitlarda istiqomat qilishi odatiy hol bo‘lgan. Bunday ehtiyojmand insonlarning shaxsiy uy-joy qurish uchun yetarli pul-mablag‘i bo‘lmagan, mablag‘ topilganda – qurilish ashyolari bilan bog‘liq taqchilliklar ko‘ndalang turgan. Har ikki muammoga yechim topilgan taqdirda ham, baribir, uy qurish uchun “yuqori”dan ijozat bo‘lmagani pand bergan…

Bugungi kunda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya hayotimizga tobora chuqur kirib bormoqda. Yangi O‘zbekistonni barpo etish va Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini tiklashga qat’iy bel bog‘laganimizdan buyon qurilish sohasi mamlakatimiz iqtisodiyotining tayanch tarmoqlaridan biriga aylandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Eng asosiysi, barcha sohalar qatori qurilish tarmog‘idagi ulkan ishlarimiz ham inson qadrini ulug‘lash, uning hayotiy manfaatlarini ta’minlashga qaratilmoqda”.

Jonajon Vatanimiz bo‘ylab muhtasham va fusunkor, shinam va har tomonlama qulay uylar, bino va inshootlar qurish borasida aql bovar qilmaydigan tezkorlik bilan g‘oyat ulkan ko‘lamlardagi bunyodkorlik ishlari  amalga oshirilmoqda. Xalqimizning ko‘z o‘ngida qad rostlayotgan zamonaviy turar-joylar, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish majmualari, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l va transport tarmoqlari, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport muassasalari, bog‘ va xiyobonlar obod shahar va qishloqlarimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirib yubordi.

Ayniqsa, izchil oshib borayotgan investitsiyaviy jozibadorlik tufayli poytaxtimizda bunyodkorlik sur’ati yanada jadallashdi. Ko‘p qavatli uy-joylar, mehmonxonalar, biznes markazlari, madaniyat va sport majmualari shahar imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Yangi Toshkent qurilishi ham boshlanib, ikkisi zamonaviy megapolisga aylanmoqda.

Poytaxtimizda ham avtobus, ham metropoliten yo‘nalishlari izchil kengaytirib borilmoqda. Metropolitenni Toshkent traktor zavodi dahasigacha olib borish rejalashtirilgan. Ikki bosqichli ayni jarayonning birinchi bosqichida Chilonzor yo‘lining Pushkin bekatidan Toshkent halqa yo‘ligacha yer yuzasi bo‘ylab metro yo‘li quriladi. Ikkinchi bosqichda u yerdan Toshkent traktor zavodi dahasining shoh bekatigacha yerosti yo‘li barpo etiladi.

Bu sohadagi yana bir istiqbolli loyiha – Yangi Toshkent shahriga metro yo‘lidir. Uzunligi 21 kilometr, 9 ta bekatdan iborat bo‘lishi kutilayotgan bu metro hozirgi “Do‘stlik” metro bekatidan boshlanib, yangi markazgacha boradi.

Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-dekabrdagi qarori bilan Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan bosh rejasi tasdiqlangan. Bosh rejaga ko‘ra, poytaxtimiz hududi 3 ta – konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya    zonalariga ajratilgan. Jumladan, renovatsiya zonasiga eski, kam qavatli uylar, shaharsozlik va zilzilabardoshlilik talablariga javob bermaydigan binolar kiritilgan. Ular bosqichma-bosqich bartaraf etilib, bo‘shatilgan hudud zamonaviy loyihalar asosida qaytadan qurilishi ko‘zda tutilgan.

Poytaxt bosh rejasida 300 dan ortiq renovatsiya manzili belgilangan. Xususan, 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan birinchi bosqichda 65 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu orqali mazkur hududlar funksional jihatdan boyitiladi, aholi uchun sharoitlar yaxshilanadi, atrof obodonlashtiriladi. Natijada eski va zamonaviy mavzelar orasidagi tafovut bosqichma-bosqich qisqartirib boriladi hamda ular o‘zaro uyg‘unlashtiriladi. Binolar kam maydonda qurilib, mavjud daraxtlar saqlab qolinadi, yangi yashil hududlar barpo etiladi.

Yurtimiz aholisi farovonligi va turmush madaniyatini oshirish maqsadida shahar va tumanlarda – “siti”lar, qishloq joylarda esa “Yangi O‘zbekiston” massivlari ilg‘or shaharsozlik yechimlari asosida qurilmoqda. Yangicha maskanlardagi inshootlar nafaqat zamonaviy arxitekturasi, balki aholi uchun yaratilgan infratuzilmaning qulayligi bilan ham ajralib turadi. Infratuzilma inshootlariga quyosh panellari va geliokollektorlar o‘rnatilmoqda. Bu, o‘z navbatida, energiya tejamkorligi va uzluksizligi, ekologik xavfsizlikni  ta’minlashda muhim omildir.

Har bir uy zamonaviy kommunikatsiya tarmoqlari, atrofi esa bolalar maydonchalari va avtoturargohlar bilan ta’minlanmoqda. Aholining dam olishi, bolalar va yoshlarning faol vaqt o‘tkazishi uchun ham qulayliklar yaratilmoqda. Xususan, sayilgohlar, bolalar bog‘chasi, sport maydonlari, sog‘lomlashtirish maskanlari hamda servis nuqtalari yagona konsepsiya asosida barpo qilinayotir. Yana bir muhim jihat: ko‘p qavatli uy-joylar ko‘rkamligi, tartibliligi va obodligi bilan alohida diqqatni tortadi.

Shuni ham qayd etish joizki, so‘nggi yillarda shaharsozlik  sohasini  takomillashtirish, seysmik xavfsizlikni ta’minlash va binolarning  zilzilabardoshligini  oshirish  bo‘yicha  tizimli  ishlar  amalga  oshirilmoqda. Chunki  xalqaro miqyosda ro‘y bergan kuchli zilzilalarning salbiy oqibatlari mamlakatimizda ham ushbu sohada yanada qat’iy yondashuvni taqozo etmoqda. 

O‘zbekiston Prezidenti “Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bizga inson huquqlari, demokratiya, erkinlik, barqarorlik, tenglik va taraqqiyot tamoyillariga asoslangan huquqiy va adolatli davlat qurish yo‘llarini keng ochib berdi”, deb ta’kidlagani zamirida g‘oyat ulug‘vor haqiqatlar mujassam. Agar dunyo mamlakatlari Konstitutsiyalarida insonning 110 dan ortiq huquqi qayd etilgan bo‘lsa, bu huquqlarning 90 tasi endilikda mamlakatimizning Asosiy qonunida mavjud va shu huquqlardan 40 tasi yangi konstitutsiyaviy huquqlardir.

Xususan, munosib turar joyga bo‘lgan huquq — inson qadr-qimmati va farovon hayot kechirish huquqining ajralmas qismi. Binobarin, xalqimizning “O‘z uying – o‘lan to‘shaging”, degan maqoli bejiz aytilmagan.

Agarki insonning huquqiy madaniyati, ongi, saviyasi yuqori bo‘lsa, demak yurt obod bo‘ladi. Yurt obodligi, turmush obodligi avvalo ko‘ngildan boshlanadi. Chunki hayotni obod qilish uchun inson ko‘ngli obod bo‘lishi darkor. Obod yurtda yashash ham insonning huquqiy madaniyatini oshirishga xizmat qiladi. Insonning huquqiy madaniyatini oshirish esa, yurt obodligining asosiy shartidir. Obod yurtda yashash ham inson huquqiga kiradi. Biz uy-joy qurish, obodonlashtirish masalasiga inson huquq va manfaatlarini ta’minlashning uzviy va ajralmas qismi, deb qaraymiz.

Ayni masalada O‘zbekiston bilan BMTning tegishli tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat huquqiy, balki amaliy yechimlar ishlab chiqishda ham muhim o‘rin tutadi. BMTning Munosib turar joy masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Balakrishnan Radjagopalning 2024-yil 19-30-avgust kunlari mamlakatimizga tashrif buyurgani shunday yaqin hamkorlikka yaqqol misoldir.

Ushbu tashrif O‘zbekiston BMTning fuqarolarning munosib va xavfsiz uy-joyga bo‘lgan huquqini ta’minlashga qaratilgan barcha tashabbuslariga doimo hurmat bilan yondashib kelayotganining yana bir amaliy tasdig‘i bo‘ldi. O‘zbekistonga safari davomida B. Radjagopal aholining munosib turar joyga bo‘lgan huquqini ta’minlash borasida ko‘plab ijobiy o‘zgarishlarga guvoh bo‘lganini e’tirof etdi.

Ayni vaqtda BMT Munosib turar joy masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisining urbanizatsiya va turar-joy masalalariga qaratilgan konstruktiv tavsiyalarini amalga oshirishga qaratilgan Milliy harakatlar rejasi – “Yo‘l xaritasi” tayyorlandi. Mazkur hujjat O‘zbekiston hukumati va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda mamlakatda munosib uy-joy huquqini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

Aslida ham, yangi uylar, yangi imoratlar – Vatanimizning mustaqilligi va xalqimizning bunyodkorona kayfiyati sharofatidir. Bugun poytaxtimizdan toki barcha shaharu qishloqlarimizning ko‘rkam va xushmanzara ko‘chalari, maydonlari bo‘ylab sayr qilib, el-yurtimiz tinchlik va taraqqiyot, obodlik va farovonlik yo‘lidan sobit va dadil qadam tashlayotganiga guvoh bo‘lamiz.

E’tibor bering: YUNISEF ma’lumotlariga qaraganda, keyingi ikki yilda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi mojarolar oqibatida kamida 12 million 200 ming nafar yosh bola o‘ldirilgan, mayib-majruh qilingan yoki uy-joyini tark etishga majbur etilgan. Hozirgi vaqtda ushbu mintaqada har besh soniyada bitta bolakay boshpanasidan mahrum bo‘lmoqda...

Biz, o‘zbekistonliklarning chor-atrofimizda yangi qad rostlagan ko‘rkam va mahobatli imoratlar, qaytadan sayqal topgan binolar, ilg‘or ta’lim muassasalari, keng va ravon yo‘llar, orasta bog‘-rog‘lar, maydonlar zavqimizni oshiradi. Ana shu yaratuvchanlik va bunyodkorlik timsolida Istiqlolning mazmun-mohiyatini, ahamiyatini yanada teranroq anglaymiz.

Mustaqillik yillari Vatanimiz buyuk o‘zgarishlar davriga qadam qo‘ydi. Yurtdoshlarimiz qalbi va ongida o‘zlikka ishonch, faxr va g‘urur tuyg‘ulari kuchaydi. Istiqlol sharofati tufayli xalqimizning bunyodkorlik fazilati shahar va qishloqlarimizning obod qiyofasi timsolida o‘zining maftunkor, ilhombaxsh qirralari bilan yaqqol namoyon bo‘layotir. Bu barchamizni birday quvontiradi.

Zotan, qancha-qancha sinov va bo‘ronlarni boshidan kechirib, ona zaminini ne-ne bosqinchi, yovuz kuchlardan, har qanday balo-qazolardan ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylab kelgan, o‘z zurriyodi va nasl-nasabini aql-zakovat, mardlik va matonat sohibi etib tarbiyalagan, ular orasidan dunyoni hayratga solgan olimu ulamolar va sarkardalarni voyaga yetkazgan el-yurtimizning shunday munavvar kunlarga yetib kelishida beqiyos kuch-quvvat va madad bergan kim?

Bunga javob bitta – ming yillar oldin mana shu mo‘tabar zaminda ildiz otib, Allohning marhamati va ne’mati, o‘zining og‘ir va mashaqqatli mehnati bilan shu yurtni obod etgan, hayotni tebratgan – bu inson, va shu insonni tarbiyalagan ona xalqimizdir.

Bugun biz erishgan, erishajak yuksak marralar, ruh va dil tantanasi, ozod va obod Vatanimiz manzaralari, avvalo, xalqimizga hurriyat va erkinlik  bergan, ko‘tarinki bunyodkorlik kayfiyatini baxsh etgan Istiqlol ne’matlaridir. Binobarin, mustaqillikning o‘zi – eng ulug‘, eng aziz ne’mat.

Mustaqillik – bu avvalo huquqdir.  Mustaqillik – erkin va baxtli yashash huquqi, inson huquq va erkinliklari, uning qonuniy manfaatlarini ta’minlashning bosh omili. Mustaqillik – ozod va obod Vatanning har bir farzandi o‘zligini, o‘z qadr-qimmati, or-nomusi va g‘ururini teran anglashi uchun cheksiz va buyuk imkoniyat.

E’tiborli jihati shundaki, Istiqlol mevalari davlat va jamiyat qurilishi sohasidagi teran islohotlarimiz samaralarida, iqtisodiyotimizda erishilayotgan zalvorli yutuqlarda, ijtimoiy siyosatdagi insonparvarlikda, yurtimizdagi keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan bir qatorda, qalbdagi obodlik, ruhdagi ozodlik timsolida, ayniqsa, baralla namoyon bo‘lmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekistonda tinchlik va osoyishtalik, obodlik va farovonlik, ahillik va hamjihatlik barobarida, inson qadrining shunday yuksak darajada ulug‘lanayotgani farzandlarimiz uchun tengsiz saboq va munosib ibrat. Bularning barchasi aziz va muqaddas Vatanimiz istiqlol yillarida tom ma’noda inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati ulug‘lanadigan buyuk davlatga aylanganidan yana bir dalolatdir.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech