8-sentyabr – Xalqaro savodxonlik kuni
Joriy 2025-2026 o‘quv yilida yurtimizdagi 10 mingdan ziyod maktabga “Birinchi qo‘ng‘iroq” jarangi ostida 1-sinfga qabul qilingan 720 mingdan ortiq o‘g‘il-qiz “Prezident sovg‘alari”dan g‘oyat mamnun bo‘ldi. Ushbu shukuhli ayom munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga tabrik yo‘lladi.
Davlat rahbarining tabrigida ta’kidlanganidek, keyingi yillarda butun yurtimiz kabi maktablarimiz qiyofasi ham tubdan o‘zgarib, ular tom ma’noda Yangi O‘zbekiston timsoliga aylanib borayotgani barchamizni cheksiz quvontiradi. Chunki maktab qanchalik obod va charog‘on bo‘lsa, jamiyat hayoti shunchalik farovon, mazmunli va ma’rifatli bo‘ladi.
Ayniqsa, ko‘plab maktab bitiruvchilari mamlakatimizdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari bilan birga xorijdagi yetakchi universitetlarga yuqori ball bilan o‘qishga kirayotgani, hayotda o‘z munosib o‘rnini topib, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shayotgani hayotimizda maktabning, ustoz-murabbiylarning ahamiyati yanada ortib borayotganini ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Prezidenti Vatanimiz o‘quvchi-yoshlari ana shunday ezgu an’analarni munosib davom ettirishi va yuksak bosqichga ko‘tarishiga komil ishonch bildirar ekan, ularga quyidagi ezgu niyatlarini izhor etdi: “Hech qachon unutmang, maktab – bu mo‘jiza, kitob, ustozlar o‘tadigan har bir dars – beqiyos xazinadir. Oldingizga aniq maqsad qo‘yib, bor kuch-g‘ayratingiz, bilim va qobiliyatingiz bilan harakat qilsangiz, ko‘zlagan marralarga albatta yetasiz. Bu yo‘lda sizlarga sihat-salomatlik, yutuq va zafarlar tilayman”.
O‘zbekiston Prezidentining tabrigi “Bilimlar kuni”ni o‘zgacha ma’rifat bayramiga aylantirib yubordi. Bu yilgi yangi o‘quv yiliga bag‘ishlangan tadbirlar “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” degan ulug‘vor shior ostida o‘tdi. Ilk saboq – “Kelajak soati” darslarida mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlari, Mustaqillik, milliy o‘zlikni anglash, istiqlol yillarida qo‘lga kiritilgan yutuqlar, yoshlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik haqida batafsil ma’lumot berildi.
O‘z navbatida, mamlakatimizda qizg‘in nishonlangan 1-sentyabr – “Bilimlar kuni” bayrami 8-sentyabr – Xalqaro savodxonlik kuniga ulanib ketdi. Binobarin, savodxonlik – tinch-osoyishta va barkamol, barqaror va taraqqiyparvar hayot garovidir.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida nishonlanadigan ushbu muhim xalqaro sana YUNESKO tomonidan 1966-yili joriy etilgan. Bu sanani dunyo miqyosida bayram qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – insoniyatning savodxonlik darajasini oshirish va ayni sohada jahon hamjamiyatining faolligini muntazam kuchaytirib borishdir.
Buyuk sivilizatsiyalarga asos solgan ilg‘or xalqlar, shu jumladan, ikkita Renessansning boshida turgan xalqimiz uchun savodxonlik mezoni necha ming yillik tarixga ega. Ulug‘ shoir va mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy asarlarida “savod” so‘zi o‘ndan ortiq ma’noda qo‘llangani ham bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.
Navoiy hazratlarining “Saddi Iskandariy” dostonida shunday misra bor:
Uzub hikmat avroqini tundbod,
Kutub uchtiyu elga qoldi savod.
Bu o‘rinda “savod” so‘zi qoralama, ya’ni yozuvning birinchi nusxasi, degan ma’noni anglatadi. O‘z navbatida, “Farhod va Shirin” dostonidagi:
Uchunchi oy ravon bo‘ldi savodi,
Burung‘i yilda Qur’on bo‘ldi yodi, –
misralarida “savod” so‘zi – yozuv-chizuvni o‘rganib olganlik holatidan darak berib kelmoqda.
Bugungi kunda ham lug‘atimizdagi savod, savodxonlik, savodlilik so‘zlari shunday ma’nolarga juda yaqin tushunchalarni ifodalaydi. Xususan, savodxonlik:
birinchidan, aholi madaniy saviyasi ko‘rsatkichlaridan bo‘lib, oddiy matnlarni o‘qiy olish yoki ularni o‘qish va yoza olish ko‘nikmasi – xat-savodlilikni bildiradi;
ikkinchidan, odamning adabiy til me’yorlariga muvofiq keladigan og‘zaki va yozma nutq malakalari borligini anglatadi;
uchinchidan, muayyan soha bo‘yicha yetarli bilimga egalikni ifodalaydi.
Xalqimiz nafaqat bilimli va ma’lumotli, balki ko‘p o‘qigan, mustaqil fikrlovchi insonlarga ham savodli deya baho beradi. Zero, savod – bilim va tushuncha, ko‘nikma va tajribadir.
Shu bilan birga, savodxonlikning ziddi bo‘lgan “savodsizlik” so‘zi savodning yo‘qligini anglatish uchun qo‘llanadi. Savodsiz, odatda, o‘qish-yozishni bilmaydi. Savodsizlik – yetarli bilim va ma’lumotning mavjud emasligidir.
Xalqaro savodxonlik kuni dunyo miqyosida nishonlanishi bejiz emas. Chunki savodxonlik – inson uchun tom ma’noda bayram. Bugungi insonlar zamonaviy hayotning har bir sohasi bo‘yicha muayyan darajada savodi borligi uchun baxtiyor, to‘kis va farovon yashaydilar. Afsuski, sayyoramizda savodsizligi tufayli bunday baxtdan mahrum insonlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Nega deganda, yer yuzida hali oddiy o‘qish-yozishni bilmaydigan millionlab odamlar bor.
Ayrim mamlakatlarda birgina bolakayning boshlang‘ich ta’lim olishi uchun butun boshli oila mablag‘ jamg‘arishiga to‘g‘ri keladi. Ba’zi mamlakatlarda xotin-qizlarning xat-savodli bo‘lishi shart emas, degan almisoqdan qolgan tushuncha hali ham kuchda. Qayerdadir maktablar yetishmaydi. Yana qayerdadir urushlarning tinmayotgani maktablardagi o‘qish-o‘qitish imkoniyatlarini chippakka chiqarmoqda.
Xalqaro hamjamiyatning bu boradagi uzoq yillik izchil sa’y-harakatlariga qaramay, hozirgi vaqtda dunyo miqyosida 773 million nafardan ziyod inson hatto boshlang‘ich xat-savodga ega emas. Bu raqam savodsizlik muammosining haligacha dolzarbligidan dalolatdir.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi tufayli maktablarning yopilishi munosabati bilan sayyoramizdagi jami o‘quvchilarning 62,3 foizi, ya’ni 1 milliard nafardan ko‘prog‘i darslarga qatnashida uzilishlar yuz bergan. Eng yomoni, pandemiya inqirozi ta’lim olish va savodxonlikni oshirish sohasida shusiz ham mavjud bo‘lgan tengsizlikni yanada kuchaytirgan.
Sayyoramizning aksariyat ta’lim tizimlarida pandemiyagacha ham o‘quvchilarning zarur sharoitlar bilan ta’minlanmagani oqibatida necha yuz millionlab bolalar maktabga borgan bo‘lsa-da, o‘qish hamda matematika fanlari bo‘yicha bo‘yicha eng oddiy bilimlarni o‘rganish imkoniga ega bo‘lmagan. So‘nggi tahlillarga ko‘ra, hozirgi vaqtda dunyodagi 10 yoshli barcha bolalarning uchdan ikki qismi mutlaqo o‘qishni bilmaydi.
BMTning Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) tahlillariga qaraganda, 2026-yil oxirida maktabga bormaydigan bolalar soni qariyb 6 millionga ortib, 278 million nafarga yetishi mumkin. Buning asosiy sababi ta’limni rivojlantirishga ajratiladigan rasmiy yordamning 3,2 milliard dollarga kamayishidir.
Shu munosabat bilan YUNISEF xalqaro hamjamiyatni shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi. Bu o‘rinda, xususan, kam rivojlangan davlatlar uchun moliyalashtirish ulushini oshirish, gumanitar inqiroz sharoitida ta’lim dasturlarini himoya qilish, resurslarni asosiy va boshlang‘ich ta’limga yo‘naltirishga e’tibor qaratish haqida so‘z bormoqda.
O‘z navbatida, BMTning Falastin qochoqlariga yordam bo‘yicha agentligi (BAPOR) ma’lum qilishicha, G‘azo sektorida qariyb 660 ming nafar bola maktab ta’limi tizimidan tashqarida qolmoqda. Chunki mintaqada keyingi ikki yildan buyon davom etayotgan qurolli mojaro oqibatida 2,3 million nafar falastinlik qochoqlar o‘z turar joylarini bir necha bor o‘zgartirib, ayni vaqtda qochoqlar uchun vaqtincha boshpanaga aylantirilgan maktablarda istiqomat qilishga majbur.
Shuning uchun BMT, YUNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlar, hukumatlar, xususiy sektor, fuqarolik jamiyati hamda ta’lim-ma’rifat muassasalari vakillari har yili Xalqaro savodxonlik kunini nishonlashda faol ishtirok etadi. Insoniyat savodxonligini yuksaltirish ishiga ulug‘vor hissa qo‘shgan shaxslar xalqaro mukofotlar bilan taqdirlanadi.
Shu ma’noda, mamlakatimizda ta’lim va tarbiyaga ustuvor vazifa sifatida yondashilayotgani tahsinga sazovor. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida uqtirganidek, “Sifatli ta’lim-tarbiya, aholimiz salomatligi – kelgusi taraqqiyotimizni hal qiladigan eng muhim masala”.
Binobarin, so‘nggi sakkiz yilda ta’lim-tarbiya sohasini rivojlantirish borasida ko‘plab salmoqli natijalarga erishildi. Jumladan:
· xususiy sektor bilan birga bog‘chalardagi o‘rinlar 2,5 millionga, qamrov esa 78 foizga yetkazildi;
· yangi maktablar qurilgani, mavjudlari kengaytirilgani hisobiga qo‘shimcha 1 millionta o‘quvchi o‘rni yaratildi;
· zamonaviy darsliklar, ilg‘or pedagogik texnologiyalar asosida maktab ta’limiga yangi mazmun, yangi sifat kirib kelmoqda;
· oliy ta’limda qamrov 9 foizdan 42 foizga yetkazildi;
· talabalarning 53 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani alohida e’tiborga sazovor;
· hozirgi vaqtda dunyodagi top oliy o‘quv yurtlarida 2 mingdan ziyod talabamiz tahsil olmoqda. Ulardan 750 nafari “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali davlat hisobidan o‘qimoqda;
· o‘tgan yili yurtimiz yoshlari top-500 talik oliy o‘quv yurtlariga kirish bo‘yicha Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egalladi.
Joriy yilda yurtimizdagi 3 ta maktab – Qorako‘l tumanidagi maktab-internat, Navoiy shahridagi 1-sonli ixtisoslashgan maktab-internat, Jizzax shahridagi Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi oliy o‘quv yurtlariga kirish bo‘yicha 100 foizlik natijaga erishdi. Bu, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan ezgu g‘oyamizning amaldagi ifodasidir.
Hozirgi kunda mamlakatimizda maktab ta’limini isloh qilish bo‘yicha katta dastur amalga oshirilmoqda. Maktablarda avvalo ona tili va adabiyotni chuqur o‘rgatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Farzandlarimizga chet tillaridan sifatli ta’lim berish maqsadida xorijiy til egalari olib kelinmoqda. Maktab o‘quvchilari jahondagi ilg‘or tajribalar asosida tayyorlangan zamonaviy darsliklar bilan ta’minlanmoqda.
So‘nggi yillarda yuzlab zamonaviy maktablar barpo etildi. Prezident maktablari, ijod maktablari hayotimizga kirib keldi, ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘i kengaytirildi. O‘qituvchi va murabbiylarning mehnat sharoitlari yaxshilanib, malakasi izchil oshirilmoqda.
Joriy yildan boshlab yurtimizda “Prezident iqtidorli farzandlari” ma’rifiy loyihasi keng quloch yozdi. Barcha tumanlarda “Jasorat maktablari” faoliyati yo‘lga qo‘yilgani navqiron avlodni vatanparvarlik, yurtga sadoqat, fidoyilik ruhida tarbiyalashda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Shuning barobarida, 2025-yilda jami 440 ta maktabda va 226 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Natijada maktablarda qo‘shimcha 115 dan ortiq yangi o‘rin yaratiladi, mavjud 100 mingdan ortiq o‘rin zamonaviy qiyofaga keltiriladi.
Yana bir yangilik: Oliy Majlis Senatining 2025-yil 4-5-dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan 10-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish sohasini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi hamda ma’qullandi.
Qonun asosida “maktabdan tashqari ta’lim” atamasi ilg‘or xalqaro talablarga muvofiq “qo‘shimcha ta’lim” atamasi bilan almashtirilmoqda. Shuningdek, “qo‘shimcha ta’lim” atamasiga ta’rif berilib, u bolalar uchun qo‘shimcha ta’lim va katta yoshdagilar uchun qo‘shimcha ta’lim turlariga ajratilmoqda.
Bundan tashqari, davlat qo‘shimcha ta’lim muassasalari ta’lim sohasidagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan kelishilgan holda tashkil etilishi nazarda tutilmoqda. Bunda bolalar uchun nodavlat qo‘shimcha ta’lim faoliyati Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligini, katta yoshdagilar uchun esa Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligini xabardor qilish orqali amalga oshiriladi.
Bularning barchasi bejiz emas. Chunki, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu – ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorug‘ istiqboli, birinchi navbatda, ta’lim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bog‘liq”.
G‘ulom MIRZO
- Qo'shildi: 06.09.2025
- Ko'rishlar: 165
- Chop etish