6-oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida BMT Xavfsizlik Kengashining “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” to‘g‘risidagi 1325-sonli rezolyutsiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan milliy maslahatlashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT)ning O‘zbekistondagi Loyihalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi, shuningdek, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi.
Muhokamalarda 2022–2025-yillarda amalga oshirilgan Milliy harakatlar rejasi doirasida erishilgan yutuqlar sarhisob qilinib, yangi davr uchun ustuvor vazifalar belgilandi. Yangi hujjat ayollarning tinchlik jarayonlarida faol ishtirokini ta’minlash, ularning xavfsizligi va huquqlarini himoya qilish, shuningdek, gender tenglikni chuqurlashtirishga qaratilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov tadbirni ochar ekan, BMTning 1325-sonli rezolyutsiyasi O‘zbekistonda gender siyosatini rivojlantirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi. Ayniqsa, ayollarning tinchlik va xavfsizlik jarayonlarida samarali ishtirokini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangani alohida qayd etildi.
Tadbirda YEXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Antti Karttunen, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha kotibiyat mudiri Bayramgul Ayimbetova ham ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
Maslahatlashuvlar davomida bir qator muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan:
-
2022–2025-yillarda erishilgan natijalar – xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar;
-
O‘zbekistonning “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” indeksi va ustuvor yo‘nalishlarida erishgan natijalari;
-
ichki ishlar organlari, prokuratura va favqulodda vaziyatlar tizimidagi gender xavfsizlik mexanizmlarini kuchaytirish – ayollar huquqlarini himoya qilish amaliyotlari;
-
kibermakon xavfsizligi – ayollarning raqamli tahdidlardan himoya qilinishini ta’minlash masalalari;
-
fuqarolik jamiyati institutlari ishtiroki, ya’ni ayollar masalalarida qaror qabul qilish jarayonida nodavlat sektorining o‘rni kabi masalalar tahlili alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktorining o‘rinbosari Dilnoza Muratova yangi Milliy harakatlar rejasining asosiy ustuvor xususiyatlariga to‘xtaldi. Uning taqdimotiga ko‘ra, hujjat:
-
mojarolarning oldini olishda ayollar ishtirokini kengaytirish;
-
zo‘ravonlikka qarshi samarali kurash;
-
gender masalalarida aholining xabardorligini oshirish;
-
kibermakon xavfsizligini kuchaytirish;
-
fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlarini qamrab olgan.
Shuningdek, ishtirokchilar kichik guruhlarda ishlash orqali milliy harakatlar rejasi bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdilar.
Muhokamalar yakunida ishtirokchilar yangi milliy harakatlar rejasi gender tenglikni mustahkamlash, ayollarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi faolligini oshirish hamda ularning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgani haqida yakdil fikr bildirdilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 07.10.2025
- Ko'rishlar: 186
- Chop etish