9 oktyabr – Butunjahon pochta kuni
Har yili 9 oktyabr kuni dunyoning ko‘plab davlatlarida Butunjahon pochta kuni nishonlanadi. Ushbu sana 1969 yilda Tokioda o‘tkazilgan kongressda ta’sis etilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad zamonaviy dunyoda pochta xizmatlarining ahamiyati, ularning jamiyat va iqtisodiyot rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, insonning erkin axborot tarqatish va qabul qilish huquqini e’tirof etishdan iborat.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bosh mutaxassisi Musajon KARIMOV Yangi O‘zbekistonda milliy pochta tizimini rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar xususida to‘xtaldi.
– Asrlar davomida pochta aloqasi insonlar va davlatlar o‘rtasidagi muloqotning asosiy vositasi bo‘lib kelgan, – dedi Musajon Karimov. – Uzoq masofalarga xabar yuborish ehtiyojidan paydo bo‘lgan pochta bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab odamlarni birlashtiruvchi eng muhim aloqa vositasiga aylandi. 1874 yilda Butunjahon pochta ittifoqining tashkil etilishi pochta aloqasi tarixidagi muhim bosqich bo‘ldi. Tezkor va ishonchli axborot almashish uchun global tarmoq shakllandi.
BMT singari xalqaro tashkilotlar nafaqat pochta xizmatlari standartlarini qo‘llab-quvvatlab, ularni targ‘ib qiladi, balki pochta aloqasining asosiy inson huquqlarini, jumladan, axborot olish va fikr bildirish erkinligi huquqini ham himoya qiladi. Bu BMTning 1948 yilda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida mustahkamlangan bo‘lib, unda har bir inson har qanday qonuniy vosita orqali axborotni erkin izlash, qabul qilish va tarqatish huquqiga ega ekani ta’kidlangan.
Pochta inson huquqlarining asosiy qismi bo‘lgan muhim ma’lumotlarni olish imkonini beruvchi vosita hisoblanadi. Bu, ayniqsa, chekka va kam rivojlangan hududlarda yashovchi, internetga kirish imkoniyati cheklangan odamlar uchun juda muhimdir. Pochta xizmatlari infratuzilmasi cheklangan hududlarda rasmiy hujjatlar, xatlar, tibbiy buyumlar, dori-darmonlar haqidagi va inson huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq muhim ma’lumotlarni yetkazib berishda katta ahamiyatga ega.
BMT, YUNISEF va JSST kabi xalqaro tashkilotlar inson huquqlari, shuningdek, gumanitar yordam to‘g‘risidagi muhim ma’lumotlarni tarqatish uchun pochta xizmatlaridan faol foydalanmoqda. Mojarolardan keyingi hududlarda yoki inson huquqlari buzilayotgan mintaqalarda pochta xizmati ko‘pincha insonparvarlik yordami, tibbiy materiallar va boshqa hayotiy muhim ma’lumotlarni yuborish uchun asosiy aloqa vositasiga aylanadi.
Masalan, COVID-19 pandemiyasi paytida Jahon pochta ittifoqi vaksinalar va testlar kabi tibbiy dori-darmonlardan foydalanishni ta’minlashda muhim rol o‘ynadi. Bu pochta infratuzilmasi nafaqat aloqa vositasi, balki hayot va sog‘liqni saqlash huquqlarini himoya qilishning elementi ekanligini ko‘rsatdi.
Kelgusi yillarda pochta raqamli jamiyatning ajralmas qismiga aylanishi kutilmoqda, u inson huquqlarini yanada samarali himoya qilish uchun elektron pochta qutilari, himoyalangan pochta xizmatlari va takomillashtirilgan yetkazib berish tizimlari kabi innovatsion yechimlarni taklif etadi.
Bugungi kunda Yangi O‘zbekistonda milliy pochta tizimini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Pochta xizmatlarini modernizatsiya qilish va samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlar qishloq joylarda iqtisodiy rivojlanish va fuqarolarning turmush sifatini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Jumladan, pochta xizmatlarini boshqarish va rivojlantirishga xususiy kompaniyalar faol jalb etilmoqda. Bu innovatsion yechimlarni joriy etish, raqobatbardoshlikni oshirish va mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash imkonini bermoqda. Xususiy operatorlar yangi texnologiyalar va tajribalarni joriy etib, infratuzilmani modernizatsiya qilishga hissa qo‘shmoqda. Xat va jo‘natmalarni an’anaviy yetkazib berishdan tashqari, qo‘shimcha kurerlik, moliyaviy va hujjatlarni qayta ishlash xizmatlari joriy etilmoqda. Bu pochta bo‘limlarini aholining turli ehtiyojlarini qondiradigan ko‘p funksiyali markazlarga aylantiradi.
Islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri – elektron tijoratni, ayniqsa, qishloq joylarda qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishdir. Jumladan, onlayn savdo infratuzilmasini yaratish, mahalliy tadbirkorlarni o‘qitish, pochta xizmatlarini elektron tijorat platformalari bilan integratsiya qilishga urg‘u berilmoqda.
Jo‘natmalarni qayta ishlash va saralashning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish – yetkazib berish jarayonini sezilarli darajada tezlashtirish, xarajatlarni kamaytirish va inson omilini minimallashtirish imkonini beradi. Bu esa pochta tizimining umumiy samaradorligini oshiradi va mijozlar uchun yetkazib berish muddatlarini yaxshilaydi.
Bugungi kunda turli xil pochta va tijorat xizmatlarini yagona raqamli platformaga birlashtiradigan milliy onlayn bozorni ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu – xizmatlardan foydalanishni osonlashtiradi, buyurtmalarni va to‘lovlarni onlayn amalga oshirish imkonini beradi, shuningdek, yetkazib berishni boshqarish va paketlarni kuzatish uchun qulay interfeysni ta’minlaydi.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan pochta tizimidagi islohotlar fuqarolarning ehtiyojlarini qondirish va mamlakatning iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qodir bo‘lgan zamonaviy pochta tizimini yaratishga qaratilgan. Islohotlar samarasi esa amalda ham o‘z aksini topib, aholining qulay va tezkor pochta xizmatlaridan foydalanishi ta’minlanmoqda.
O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi.
- Qo'shildi: 10.10.2025
- Ko'rishlar: 88
- Chop etish