Huquqdagi tarqoqlik va uni bartaraf etish muammolari

20-noyabr kuni Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan XV Xalqaro qiyosiy huquqshunoslik kongressi ayni shu mavzuga bag‘ishlandi. An’anaviy xalqaro ilmiy-huquqiy anjuman Rossiya Federatsiyasi Hukumati huzuridagi Qonunchilik va qiyosiy huquqshunoslik instituti tomonidan tashkil etildi.

Xalqaro qiyosiy huquqshunoslik kongressini Rossiya Federatsiyasi Hukumati huzuridagi Qonunchilik va qiyosiy huquqshunoslik instituti direktori, Rossiya Fanlar akademiyasi prezidentining o‘rinbosari,  Rossiya Fanlar akademiyasi ijtimoiy fanlar bo‘limining akademik-kotibi, Rossiya Fanlar akademiyasining akademigi, yuridik fanlar doktori, professor, Xalqaro qiyosiy huquq akademiyasining haqiqiy a’zosi, Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, Tatariston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist Taliya Xabriyeva kirish so‘zi bilan ochdi.

Tadbirda Rossiya Federatsiyasi, O‘zbekiston, Belarus, Qozog‘iston, Eron, Xitoy va boshqa mamlakatlarning nufuzli olimlari hamda davlat arboblari ishtirok etadi.

Kongressda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, Rossiya Fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi Akmal Saidov qatnashdi va so‘zga chiqdi. Taniqli o‘zbek huquqshunos olimi “Huquqning parchalanishi va qiyosiy huquqshunoslikdagi isbot talab qilmaydigan haqiqatlar” mavzusida ma’ruza qildi.

So‘zga chiqqanlar bugungi kunda huquqiy makonning rivojlanishi tarqoqlik va parchalanish tendensiyasi bilan tavsiflanayotganiga e’tiborni qaratdilar. Bunday omil, shubhasiz, ma’lum darajada ijobiy ahamiyatga ega. Biroq, ayni paytda, bu hodisa bir qator salbiy oqibatlarga ham olib kelmoqda, jumladan, huquqiy massivning uzuq-yuluqligi, bir xil emasligi, tarqoqligi va noaniqligiga sabab bo‘lmoqda.

Qiyosiy huquqshunoslarning fikricha, huquqqa xos salbiy ma’nodagi parchalanish qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning samaradorligi hamda sifatini pasaytiradi, shuningdek, korrupsiyaga sharoit yaratuvchi omil bo‘lishi mumkin. Binobarin, parchalanish milliy huquqqa ham, xalqaro huquqqa ham birdek xos xususiyatdir.

Kongress yakunida ishtirokchilar huquqdagi salbiy parchalanish muammosini hal qilish yo‘llarini atroflicha muhokama qildilar. Huquqdagi ijobiy parchalanish sharoitida huquqiy makonni rivojlantirish yo‘nalishlari yuzasidan ilmiy-amaliy tavsiyalar bildirildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech