YANGI MARKAZIY OSIYONING MINTAQAVIY O‘ZIGA XOSLIGI VA XALQARO-HUQUQIY SUBYEKTLIGI

(O‘zbekiston Prezidentining yangi g‘oyalari va tashabbuslari talqini)

 

Mamlakatimiz poytaxtida 2025-yil 16-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi g‘oyat katta tarixiy ahamiyatga ega voqea bo‘ldi. Maslahat uchrashuvi yakunida qabul qilingan hujjatlar va ilgari surilgan tashabbuslarda barqaror, xavfsiz va farovon Markaziy Osiyoni barpo etishdek umumiy maqsad o‘z mujassamini topgani tahsinga sazovordir.

Davlatimiz rahbari mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Ayni jarayonda “mintaqaviy o‘ziga xoslik”va “mintaqaning xalqaro huquqiy subyekt sifatidagi mavqei” degan yangi tushunchalar lug‘atimizga kirib keldi.

 

Markaziy Osiyoning mintaqaviy o‘ziga xosligi – yangi voqelik

 

Markaziy Osiyo – O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Mintaqamizdagi mushtaraklik siyosati tufayli xalqaro lug‘atda “Yangi Markaziy Osiyo ruhi”, “mintaqaviy o‘ziga xoslik”, “mintaqaning xalqaro huquqiy subyekt sifatidagi mavqeidegan iboralar paydo bo‘ldi. Bu o‘rinda, avvalo, Markaziy Osiyoda konstruktiv, yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan va o‘zaro manfaatli munosabatlarni bosqichma-bosqich barpo etish haqida so‘z bormoqda. Xuddi shu yondashuv tufayli so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo tubdan o‘zgargani, yangi qiyofa kasb etgani — o‘zaro ishonch va har tomonlama hamkorlik maydoniga aylangani bugun hech kimga sir emas.

Shu nuqtayi nazardan, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi arafasida O‘zbekiston Prezidentining “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” sarlavhali maqolasi matbuotda e’lon qilingani katta ahamiyatga ega. Ushbu maqolada ham mintaqamiz istiqboliga oid bir qator yangi g‘oya va fikrlar taqdim etilgani e’tiborga loyiq.

Shunday yangi g‘oyalardan biri – “mintaqaviy o‘ziga xoslik” tushunchasini qisqacha tahlil qilaylik. Prezidentimiz keyingi davrda Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorligini mintaqaviy yaqinlashuvning yangi bosqichiga olib chiqish borasida turli sohalarda erishilgan natijalarga to‘xtalar ekan, “Asta-sekin Markaziy Osiyoning yangi mintaqaviy o‘ziga xosligi vujudga kelmoqda”[1], deya e’tirof etdi.

Bunday mintaqaviy o‘ziga xoslikning mohiyati nimada? O‘zbekiston liderining ta’kidlashicha, “Bu farqli jihatlarimizni e’tirof etish va ayni paytda xalqlarimizning umumiy tarixi, mushtarak madaniyatini, taqdirlarimiz o‘zaro bog‘liq ekanini chuqur anglashga asoslanadi. Qo‘shnichilik — xavf emas, imkoniyat, bir tarafning muvaffaqiyati — barchaning yutug‘i degan yagona mintaqaviy makonga mansublik hissi shakllanmoqda”[2].

O‘zbekiston Prezidenti “Markaziy Osiyo yaqin o‘n yilliklarda qanday rivojlanadi?”, degan prinsipial savolga javob qaytarar ekan, yana bir bor “mintaqaviy o‘ziga xoslik” tushunchasiga urg‘u bermoqda. Davlatimiz rahbari, jumladan,  bu borada gumanitar hamkorlik ustuvor yo‘nalish bo‘lib qolyotganini, inson kapitalini rivojlantirish, ta’lim, ilm-fan va madaniy aloqalarni mustahkamlash markaziy vazifa ekanini qayd etdi.

Yanada muhimi, umumiy axborot makonini yaratish, ta’lim, sog‘liqni saqlash sifatini oshirish, umuman, ijtimoiy sohani, jumladan, turizmni va yoshlarga oid qo‘shma dasturlarni rivojlantirish — bularning barchasi xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga bevosita xizmat qiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning uqtirishicha, “Umumiy qadriyatlar, madaniy yaqinlik va farovonlikka birgalikda intilishga asoslangan mintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirish alohida ahamiyat kasb etmoqda”[3].

Prezidentimiz Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvidagi nutqida “mintaqaviy o‘ziga xoslik” degan yangi tushunchaning ma’no-mag‘zini yanada teran ochib beradigan yorqin fikr-mulohazalarni bildirdi. Davlatimiz rahbari e’tirof etganidek,Murakkab va oldindan bashorat qilib bo‘lmaydigan xalqaro-siyosiy jarayonlar sharoitida o‘zaro hamjihatligimiz va bir-birimizni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ishonchim komilki, bugun biz mintaqamizning Yangi Markaziy Osiyo sifatidagi tarixiy uyg‘onish davri ostonasida turibmiz”[4].

 

“Mintaqaviy o‘ziga xoslik” tushunchasining xususiyatlari

 

O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan diplomatik leksikon va amaliyotga olib kirilgan “mintaqaviy o‘ziga xoslik” (“regionalnaya identichnost”) atamasining ma’no-mohiyatini keng jamoatchilikka tushuntirib berish uchun qomus va lug‘atlarni varaqlash asnosida muayyan qiyinchiliklarga duch keldik. Nega deganda, bir tomondan, lug‘atlarimizda “o‘ziga xoslik” iborasiga izoh berilmagan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, shu iboraning muqobili sifatida xorijiy lisonda uchraydigan “identiklik” (“identichnost”) so‘zi ham milliy lug‘atga kiritilmagan ekan.

Ma’lumki, “identiklik” (“identity”) atamasi lotincha so‘zdan olingan bo‘lib, uning o‘zagini “idem”, ya’ni “xuddi o‘zi” degan ma’noni anglatadi va biror-bir obyektning turli o‘zgarishlarga qaramay, o‘zligini saqlab qolishiga aytiladi.

Binobarin, inson tug‘ilishi va ulg‘ayib borishi davomida unda ijtimoiy, diniy hamda milliy dunyoqarash rivojlanib, uning madaniy aynanligi (identikligi) shakllanadi. Inson qaysi madaniy identiklikni qabul qilishi ko‘proq individual tanlov bo‘lsa-da, uning bor imkoniyatlarining namoyon bo‘lishi shu tanlangan jamiyat, millat darajasida amalga oshiriladi.

Shunga asosan, etnomadaniy identiklik insonning ham individual, ham jamoaviy identikligini ko‘rsatib beradi. Etnomadaniy identiklik – jamiyatning birligi, butunligini saqlashga va uning boshqa jamiyatlarga qaraganda o‘ziga xosligini ko‘rsatuvchi ko‘zgu hisoblanadi.

Ba’zi manbalarga ko‘ra, “identiklik” atamasining paydo bo‘lishi va ilmiy muomalaga kiritilishi XX asrning 40–50-yillarida yashagan amerikalik psixoanalitik E.Erikson nomi bilan bog‘liq. Boshqa manbalarga qaraganda esa, “identiklik” atamasini mashhur psixoanalitik Zigmund Freyd ilmiy muomalaga kiritgan.

Ayni chog‘da, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “identiklik” tushunchasiga ohangdosh “identifikatsiya” so‘ziga izoh uchraydi, xolos. Unga ko‘ra:  “identifikatsiya – obyekt yoki shaxsning umumiy va xususiy belgilari majmuiga qarab aynanligini aniqlash”, degani.

Shu sababli hozirgi vaqtda “o‘ziga xoslik” (“identiklik”) atamasi turli xil talqinlarda qo‘llanilmoqda. Jumladan, uning “o‘zlik”, “o‘ziga xos qiyofaga egalik”, “asllik”, “aynanlik” kabi variantlari ushbu atama aks ettiradigan haqiqiy tushunchani aniqlashtirishga ko‘pincha xalal beradi.

Fandagi ushbu holat nafaqat g‘arblik olimlar, balki o‘zbekistonlik mutaxassislar orasida ham keng tarqalgan. Ayni masalani alohida o‘rgangan olimlarimizning fikricha, O‘zbekistondagi etnologiya, sotsiologiya yoki ijtimoiy (madaniy) antropologiya fanlari yo‘nalishlarida tadqiqotlar olib boraëtgan mutaxassislar orasida identiklik, milliy identiklik, etnik identiklik, ijtimoiy identiklik, guruh identikligi, diniy identiklik, etnomadaniy identiklik, identiklik inqirozi, gender identikligi, til identikligi va boshqa mazkur atama bilan bog‘liq zamonaviy so‘zlarga batafsil ta’riflari ishlab chiqilmagan, mavjudlari ham yakuniga yetkazilmagan. Bu atamalarning chegaralari, vazifalari, ahamiyatini aniqlash, tadqiq etish, baholash bo‘yicha metodologik tavsiyalar ham shakllantirilmagan.

Aytmoqchimizki, “mintaqaviy o‘ziga xoslik” (“regionalnaya identichnost”), degan tom ma’noda yangi atamaning tub mohiyatini tushuntirish uchun, avvalo, “o‘ziga xoslik” (“identiklik”) iborasining mazmunini izohlab berish taqozo etiladi. Shunday ekan, tilchi, lug‘atchi va qomuschi mutaxassislarimizdan bu borada aniq bir atamani muomalaga kiritish uchun taqdim etishlarini kutib qolamiz.

Shunday qilib, Markaziy Osiyoning mintaqaviy o‘ziga xosligi, deganda, nimalarni tushunamiz? Fikrimizcha, ushbu yangi tushuncha zamirida:

  • jug‘rofiy yaqinlik;
  • umumiy tarix;
  • madaniy mushtaraklik;
  • diniy omil;
  • bag‘rikenglik (tolerantlik);
  • qardoshlik va qo‘shnichilik imkoniyatlari;
  • xalqlarimiz taqdiri o‘zaro bog‘liqligi kabi yagona mintaqaviy makonga mansublikni tasdiqlaydigan muhim omillar o‘z mujassamini topgan.

 

Markaziy Osiyo – xalqaro huquqiy subyekt sifatida: mohiyati va ahamiyati

 

Yangi Markaziy Osiyoda vujudga kelayotgan yangi mintaqaviy o‘ziga xoslik qanday ahamiyatga ega? Gap shundaki, mintaqaviy jipslashuv borasidagi ayni shunday muhim yutuqlar tufayli bugungi kunda Markaziy Osiyo xalqaro munosabatlarning o‘z manfaatlari va taraqqiyot yo‘llarini aniq tasavvur etadigan mustaqil va mas’uliyatli ishtirokchisi sifatida qaror topdi. O‘zbekiston Prezidenti ta’biri bilan aytganda, “Markaziy Osiyo plyus” hamkorlik formatlari mintaqaning xalqaro huquqiy subyekt sifatidagi mavqei kuchayib borayotganining ifodasi hamda barqarorlik va taraqqiyotning muhim markazi sifatidagi rolining e’tirofi bo‘ldi”[5].

Chindan ham, ilgari tashqi hamkorlar aloqalarni asosan ikki tomonlama asosda qurgan bo‘lsa, bugungi kunda dunyoning yetakchi davlat va birlashmalari Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni yaxlit mintaqaviy sherik sifatida rivojlantirmoqda. Bu mintaqaning boshqa hamkorlar bilan munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqadi, deya qayd etadi Prezidentimiz. Yangi Markaziy Osiyo tashqi hamkorlar bilan xalqaro munosabatlarning yagona subyekti sifatida muloqot qilsa, uning ovozi balandroq va ishonchliroq yangraydi, pozitsiyamiz kuchliroq bo‘ladi, investitsiya­larni jalb etish, boshqa mamlakatlar bilan barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha vazifalarni yanada samarali hal qila olamiz.

Boshqacha aytganda, Markaziy Osiyo davlatlari keyingi davrda BMT, SHHT, MDH, TDT kabi hamkor xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlarda nafaqat mustaqil va suveren davlat maqomida, balki yuridik tilda aytganda, “xalqaro huquqiy subyekt” sifatida yagona mintaqa nomidan ham dadil va yakdil ish ko‘rayotgani juda muhim.  Zero,  “xalqaro huquqiy subyekt”ga aylanishning tub asosi va tayanchi – mintaqaviy o‘ziga xoslikdir.

 

“Xalqaro huquqiy subyekt” – nima degani?

 

Xalqaro yuridik shaxs, ya’ni “xalqaro huquq subyekti”  instituti xalqaro huquqdagi eng qadimgi institut hisoblanadi. Yangi mustaqil davlatlar paydo bo‘lishining hozirgi bosqichi, asosan, XX asr 90-yillari boshida Markaziy va Sharqiy Yevropada sotsialistik hamjamiyat va alohida davlatlarning parchalanishi yuz berdi.

Bu o‘rinda uchta federatsiya – SSSR (1991-yil), YUSFR (Yugoslaviya sotsialistik federativ respublikasi, 1991-1992-yillar), Chexoslovakiya (1993-yil) va bitta unitar davlat – GDR (1990-yil) barham topgani haqida so‘z bormoqda. Biroq sobiq sotsialistik federatsiyalar o‘rnida shakllangan yangi mustaqil davlatlarni tan olishning boy xalqaro huquqiy amaliyoti xalqaro huquq fanida chuqur ilmiy tahlil etilmadi va munosib baho olmadi.

Vaholanki, XX asr 90-yillari boshidan zamonaviy dunyoda bir qator global o‘zgarishlar, xususan:

- SSSR, Yugoslaviya, Chexoslovakiyaning parchalanishi;

- xalqaro huquq subyekti bo‘lgan yigirmadan ortiq yangi mustaqil davlatning paydo bo‘lishi;

- yangi mustaqil davlatlarning xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishi va ular bilan diplomatik aloqalar o‘rnatilishi;

- ushbu mustaqil davlatlarning xalqaro tashkilotlar faoliyatiga faol jalb etilishi kabi olamshumul voqealar ro‘y berdi.

Bu g‘oyat muhim omillar:

bir tomondan, “xalqaro huquq subyekti” institutiga e’tiborni tubdan oshirdi;

ikkinchi tomondan, mustaqil davlatlar xalqaro-huquqiy e’tirof etilishining ahamiyatini yanada kuchaytirdi;

uchinchi tomondan, yangi davlatlarning xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘lishi, shuningdek, xalqaro-huquqiy siyosat olib borishiga nisbatan ilmiy va amaliy qiziqishning dolzarb ahamiyatini baralla namoyon etmoqda.

Buni bir qancha sabablar bilan izohlash mumkin.

Birinchi sababyangi davlatning paydo bo‘lishi nisbatan kam uchraydigan hodisadir. Insoniyat olis tarixining sanoqli davrlaridagina qisqa fursatlarda bu taxlit ko‘p sonli yangi davlatlarning tashkil topishi tajribasi kuzatilgan.

Ikkinchi sabab – yangi davlat tashkil topishi va uning xalqaro- huquqiy tan olinishi har doim alohida davlatlar va xalqaro hamjamiyatga a’zo davlatlar hamjamiyatlarining to‘qnashuvlari bilan bog‘liq bo‘ladi. Jumladan, yangi davlatning boshqa davlatlar tomonidan e’tirof etilishi va BMTga a’zo bo‘lishi aslida “xamirdan qil sug‘urgandek” oson kechmaydi.

Uchinchi sabab – xalqaro yuridik shaxs va xalqaro huquqiy e’tirof institutlari kodifikatsiyalanmagan bo‘lib, asosan, odat huquqiy normalarini o‘z ichiga oladi. Ushbu xalqaro-huquqiy institutlarning ayrim jihatlari manfaatdor tomonlarning ko‘p tomonlama va ikki tomonlama kelishuvlari, xalqaro tashkilotlarning qarorlari, shuningdek, alohida davlatlarning diplomatik hujjatlari bilan tartibga solinadi. Xalqaro odatlar, umumiy tamoyillar va ta’limotlar – xalqaro yuridik shaxs, xalqaro huquqiy e’tirof institutlari va xalqaro huquqiy siyosat tayanadigan asosiy poydevor mana shulardir.

Davlatlarning xalqaro huquqiy subyektligining asosi ularning o‘ziga xos davlat suverenitetidir. Bu, o‘z navbatida, tegishli xalqning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini amalga oshirishidan kelib chiqadi. Xalqaro munosabatlarda faqat mustaqil suveren davlatlargina universal yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan xalqaro huquqning teng huquqli ishtirokchilari sifatida harakat qiladilar.

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro-huquqiy maqomi xalqaro hamjamiyatda suveren davlat sifatida, bir tomondan, ega bo‘lgan huquqlari, ikkinchi tomondan, zimmasiga olgan majburiyatlarining chambarchas bog‘liqligidan iboratdir. O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli subyekti ekanini tasdiqlaydigan bir qator xususiyatlar mavjud.

O‘zbekistonning xalqaro-huquqiy siyosatini samarali amalga oshirish ko‘p jihatdan xalqaro-huquqiy sohadagi ustuvor yo‘nalishlar va yo‘nalishlarning to‘g‘ri belgilanishiga bog‘liq. Bularning barchasi, shubhasiz, O‘zbekiston oldida turgan mintaqaviy va jahon miqyosidagi eng muhim vazifalarni hal etishga katta yordam beradi.

Markaziy Osiyo davlatlarining xalqaro-huquqiy siyosati haqida fikr yuritganda, haqiqatan ham, mintaqaviy jipslashuv borasidagi yutuqlar tufayli bugungi kunda Markaziy Osiyo xalqaro munosabatlarning o‘z manfaatlari va taraqqiyot yo‘llarini aniq tasavvur etadigan mustaqil va mas’uliyatli ishtirokchisi sifatida qaror topganligini ta’kidlash lozim. Zero, O‘zbekiston Prezidenti ta’biri bilan aytganda, biz devor emas, ko‘prik barpo etmoqdamiz”.

O‘z navbatida, Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari xalqaro huquqiy subyekt sifatida:

  • BMT, EXHT, SHHT, MDH va boshqa xalqaro tashkilotlarga a’zo hisoblanadi;
  • asosiy xalqaro-huquqiy hujjatlarni ratifikatsiya qilgan;
  • BMT Bosh Assamleyasida mintaqamizga oid rezolyutsiyalarni ilgari surish borasida birga ish olib bormoqda;
  • BMTning ustav va shartnomaviy organlarida o‘zaro hamkorlik qilmoqda.

Muhimi, Markaziy Osiyo­ning har bir davlati o‘z sa’y-harakatlarini iqtisodiyotni rivojlantirish, ishonchni mustahkamlash va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishga yo‘naltirish orqali mintaqamiz barqarorligi va farovonligini ta’minlashga sezilarli hissa qo‘shmoqda. Yana bir e’tibor va e’tirofga molik jihat: ilgari tashqi hamkorlar aloqalarni asosan ikki tomonlama asosda qurgan bo‘lsa, bugungi kunda dunyoning yetakchi davlat va birlashmalari Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni yaxlit mintaqaviy sherik sifatida rivojlantirish yo‘lini tanlayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Xulosa qilib aytganda, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida mintaqamizning “xalqaro huquqiy subyekt” sifatida yagona mintaqa nomidan ish ko‘rayotgani bilan bog‘liq yangi xalqaro-huquqiy voqelik alohida e’tibor markazida turdi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Hamjihatlik va umumiy taraqqiyot sari intilishning kuchayishi Markaziy Osiyoning xalqaro munosabatlar subyekti sifatidagi maqomini mustahkamlash va global miqyosdagi rolini oshirishga xizmat qilmoqda”.

 

Akmal SAIDOV,

akademik

«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2025-yil 26-noyabr kungi 245 (1571)-soni

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining kutubxonasi

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

 

[1] Ш.М.Мирзиёев. Марказий Осиё янги давр остонасида // “Янги Ўзбекистон” газетаси, 2025 йил 13 ноябрь.

[2] Ш.М.Мирзиёев. Марказий Осиё янги давр остонасида // “Янги Ўзбекистон” газетаси, 2025 йил 13 ноябрь.

[3] Ўша жойда.

[4] Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёевнинг Марказий Осиё давлатлари раҳбарларининг еттинчи Маслаҳат учрашувидаги нутқи //https://president.uz/uz/lists/view/8674

[5] Ш.М.Мирзиёев. Марказий Осиё янги давр остонасида // “Янги Ўзбекистон” газетаси, 2025 йил 13 ноябрь.

Powered by GSpeech