«Konstitutsiya –inson qadri,
erkinlik, tenglik va adolat garovi!»
Joriy yilning 21-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Konstitutsiyamiz qabul qilinganining o‘ttiz uch yilligini munosib kutib olish to‘g‘risidagi farmoyish qabul qilindi. Mazkur hujjat bilan bayram dasturi va tadbirlarni tashkil etish uchun mas’ul tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlandi.
Shu kunlarda Konstitutsiyaga bag‘ishlangan tadbirlar yurtimizning barcha shahar-tumanlarida va hatto eng kichik aholi punktlarida ham o‘tkazilmoqda. Bayram dasturi ochiq muloqotlar, madaniy kechalar, festivallar, olimlar, san’at arboblari va sportchilar bilan uchrashuvlarni o‘z ichiga olgan.
Tadbirlar davomida Konstitutsiyaning mamlakatdagi iqtisodiyot, ijtimoiy soha, fan, madaniyat, sport va inson huquqlarini himoya qilishdagi o‘rni tushuntirilmoqda. Ta’lim muassasalarida bayram oldidan huquqshunoslar va davlat organlari vakillari ishtirokida "Konstitutsiya darslari" o‘tkaziladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya 2023-yil 1-mayga qadar amalda bo‘lgan Konstitutsiyaga nisbatan 65 foizga o‘zgargan. Undagi normalar soni oshgan, xususan, ekologiya va tabiat muhofazasi bilan bog‘liq normalar ham ko‘payganini alohida e’tirof etish lozim.
Chunki, hozirgi vaqtda dunyoda kelib chiqayotgan ekologik muammolar aksariyat davlatlar tomonidan o‘z Konstitutsiyalariga maxsus ekologik bo‘limlarni kiritishni taqozo etmoqda.
Asosiy Qonunimiz Muqaddimasida O‘zbekiston yagona xalqi, mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini ko‘paytirishga hamda hozirgi va kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashga hamda atrof-muhit musaffoligini saqlashga astoydil ahd qilib ushbu Konstitutsiyani qabul qilganliklari ta’kidlangan. O‘z navbatida, Konstitutsiyaning 49-moddasida qayd etilganidek:
“Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega.
Davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Shaharsozlik hujjatlarining loyihalari qonunda belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi.
Davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Davlat Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar ko‘radi”.
Konstitutsiyamizning 115-moddasida esa, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklarni va biologik xilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishiga, epidemiyalarga, pandemiyalarga qarshi kurashish hamda ularning oqibatlarini yumshatish sohalarida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklatilgan.
Sir emaski, keyingi kunlarda Toshkent shahri va unga qo‘shni hududlarda yashovchi aholining iflos va nosog‘lom havodan nafas olib yashamoqda. Bunga bee’tibor bo‘lmagan mamlakatimiz Prezidenti joriy yilning 24-noyabr kuni ekologik vaziyatni o‘nglash uchun kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘zda tutilgan “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonini qabul qildi.
Farmonga muvofiq, ekologik choralarni amalga oshiruvchi maxsus komissiya tuzildi. Komissiya yurtimizda AI-80 markali benzindan voz kechishni nazorat qiladi, qurilish obyektlarida cheklovlar va changni kamaytirish talablarini joriy etadi, zarur hollarda transport harakatini cheklaydi, xususan, yuk mashinalari harakatini, toq-juft tartibini va cheklov qo‘yiladigan yo‘l va hududlarni belgilaydi, tabiiy chang kuchayganda sanoat, transport, issiqlik ta’minoti va boshqa sohalarda cheklovlar joriy etadi va ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
Tabiiyki, ushbu Farmon qabul qilinganidan keyin qanday ekologik tadbirlar amalga oshirildi, degan savol tug‘iladi.
Ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, 25-noyabr kuni Toshkent shahrida havo ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan ishlarga 71 ta maxsus suv sepish texnikasi jalb etilgan va yo‘l bo‘yidagi daraxtlarni yuvish ishlari amalga oshirilgan;
-
177 ta ko‘cha (jami 444 km), shu jumladan yo‘l yoqalaridagi daraxt va butalar yuvilgan;
-
241 ta qurilish obyektida 48 ta maxsus texnika yordamida suv purkash va changni bosish ishlari olib borilgan;
-
1 ta hududdagi ko‘cha va xiyobonlar atrofidagi sun’iy sug‘orish tarmoqlari ishga tushirilgan;
-
19 ta bozor va yirik savdo majmualari atrofidagi 2 ta favvora va 1 ta suv saqlash hovuzi ishga tushirilgan;
-
shuningdek, bir kunda ekologik talablarga javob bermaydigan 890 ta qurilish obyektining ishi to‘xtatilgan.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Toshkent shahrida yuzaga kelgan ekologik vaziyat va uni yumshatish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida axborot berdi. Ushbu asosiy ma’lumotlarga ko‘ra, mavjud vaziyat Respublika rahbariyatining doimiy nazorati ostida, davlatning tezkor javob berish mexanizmi to‘liq ishlamoqda va qabul qilinayotgan barcha qarorlar aniq ma’lumotlarga hamda ilmiy tahlillarga asoslangan.
Shuningdek, barcha chora-tadbirlar Prezident farmoni, Maxsus komissiya qarorlari va ilmiy tashkilotlar tavsiyalariga qat’iy amal qilgan holda amalga oshirilmoqda. Maxsus komissiya tomonidan davlat organlari, tashkilotlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar 24/7 rejimida safarbar qilingan.
Fursatdan foydalanib, Toshkent shahrida ekologik vaziyatni tiklash va barqarorligini ta’minlash uchun shu hududda yashovchi, mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi har bir fuqaro mas’uliyatni chuqur anglab olishi zarur deb hisoblaymiz. Tabiatni asrab-avaylash uchun barchamiz birdek mas’ul ekanligimizni unutmaylik.
Binobarin, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 62-moddasida mustahkamlab qo‘yilganidek, “Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga majburdirlar”.
Otabek NORBOYEV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i
Ўзбекча
English
Русский