Milliy oraliq hisobot tayyorlanmoqda

16-dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida BMT Inson huquqlari kengashi Universal davriy sharhining (UDSH) to‘rtinchi bosqichi doirasida O‘zbekiston olgan tavsiyalarni amalga oshirish yuzasidan milliy oraliq hisobot tayyorlashga bag‘ishlangan maslahatlashuvlar o‘tkazildi.

Oflayn va onlayn tarzda o‘tkazilgan Milliy markaz tomonidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo mintaqaviy bo‘linmasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda asosiy e’tibor maslahatlashuvlar va tavsiyalar orqali umumlashtirilgan oraliq hisobotni ishlab chiqishga qaratildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov tadbirni ochib berar ekan, mamlakatimiz huquqiy tizimidagi tub o‘zgarishlarga e’tiborni qaratdi. Bunda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida inson qadr-qimmati ustuvor etib belgilagani va milliy inson huquqlari institutlariga konstitutsiyaviy maqom berilgani alohida ta’kidlandi.

A.Saidov, shuningdek, mamlakatimizda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi muvaffaqiyatli joriy etilayotganini qayd etdi. Ayni chog‘da, "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi ilg‘or qonun qabul qilindi hamda O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha mo‘ljallangan Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyasini tayyorlash borasida faol ish bormoqda.

Xalqaro hamkorlar O‘zbekistonning 2023-yilda qabul qilingan tavsiyalarni amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili M.Bogner Tashkilotning tahliliy va ekspertlik yordamini ko‘rsatishga tayyorligini tasdiqladi hamda 2026-yil boshida qo‘shimcha muloqot maydoni yaratishni taklif qildi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Universal davriy sharh masalalari bo‘yicha mintaqaviy maslahatchisi P.Byalik mamlakatning mintaqadagi yetakchilik o‘rnini ta’kidladi, ya’ni O‘zbekiston olingan 234 ta tavsiyaning 95 foizini qo‘llab-quvvatlagani e’tirof etildi. P.Byalik muloqot ishtirokchilarini so‘nggi ikki yildagi amaliy natijalarga e’tibor qaratishga va hisobotlar shaffofligini, shu jumladan asosiy erkinliklarga rioya qilish masalalari bo‘yicha hisobdorlikni ta’minlashga chaqirdi.

Mavzuli sessiyalar doirasida Milliy markaz ekspertlari bola huquqlarini himoya qilish va gender tenglikdan tortib ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarni ta’minlash va huquqiy o‘zgarishlargacha bo‘lgan asosiy sohalardagi islohotlar sharhini taqdim etdilar. Ma’ruzachilar mamlakat xalqaro hamjamiyat oldida olgan majburiyatlarning bajarilishini kuzatib borish uchun idoralararo muvofiqlashtirishning nihoyatda muhimligini ta’kidladilar. Inklyuziv ta’lim va xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muhokamalarning faol qismi xalqaro hamkorlar, davlat idoralari va fuqarolik jamiyati vakillari tomonidan bildirilgan takliflarga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar fuqarolar hayotidagi o‘zgarishlarni miqdoriy ko‘rsatkichlardan sifat jihatdan tahlil qilishga o‘tish tarafdori bo‘ldilar. Nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda fuqarolik sektorining hissasini hisobga olish muhimligini va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun uy-joy subsidiyalarini olish tartibini soddalashtirish zarurligini ta’kidladilar.

Amaliy va ishchan ruhda o‘tgan maslahatlashuvlar yakunida bildirilgan tashabbuslarni oraliq hisobot loyihasiga kiritish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech