YANGI O‘ZBEKISTON DIPLOMATIYASI FENOMENI: MOHIYATI VA XUSUSIYATLARI

“Hozirgi sharoitda elchi degani faqat siyosiy muloqot yurituvchi shaxs emas. Elchi – investitsiya va texnologiya olib keladigan, yangi eksport bozorlarini ochadigan, transport-logistika yo‘laklarini ishga soladigan, turistlar oqimini ko‘paytirib, qonuniy mehnat migratsiyasi uchun sharoit yaratadigan, eng asosiysi, fuqarolarimiz huquqlarini himoya qiladigan davlat vakilidir”.

O‘zbekiston Prezidenti Sh. M. Mirziyoyev 2026-yil 15-yanvarda bo‘lib o‘tgan Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida shunday deb ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha istiqboldagi vazifalarni belgilab berdi. Shu bilan birga, “Barcha diplomatik vakolatxonalar mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanyaptimi?” degan masala o‘rtaga qo‘yildi.

 

Yangi O‘zbekiston Prezidenti diplomatiyasining miqyosi va ko‘lamlari

 

Hazrat Alisher Navoiyning “Bilim va donolik – insonning bezagidir”, degan hikmatli so‘zlari bor. Fikrimizcha, O‘zbekiston Prezidenti diplomatiyasi fenomenining o‘ziga xosligi aynan bilim va donolik, jasorat va bag‘rikenglik fazilatlari bilan chambarchas bog‘liq.

Gap shundaki, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston jahon siyosatining obyekti emas, balki tom ma’noda faol va tashabbuskor subyektiga aylandi. Zero, XX asr boshidan toki yaqin davrlargacha O‘zbekiston jahon siyosati obyekti bo‘lgan va unga nisbatan goh goh “yaqin xorij”, goh “xomashyo bazasi”, goh esa “postsovet hududi” kabi bepisand “yorliq”lar qo‘llanib kelingani sir emas.

Keyingi to‘qqiz yilda Millat Sardorining qat’iyati va pragmatik siyosati tufayli mamlakatimiz jahon siyosatida boshqalarning ortidan ergashadigan tashabussiz obyekt holatidan dadil chiqib oldi. Yanada e’tiborlisi, dunyoda keskin geosiyosiy o‘zgarishlar yuz berayotgan bugungi murakkab sharoitda Yangi O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatga iqlimni muhofaza qilish, “yashil” iqtisodiyotni joriy etish, fuqarosizlikka barham berish, inson huquqlarini ta’minlash kabi turli sohalarda yangi g‘oya hamda loyihalarni taqdim etayotgan jahon siyosatining faol aktori hisoblanadi.

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Ochiq, pragmatik, puxta o‘ylangan va tashabbuskor tashqi siyosatimiz natijasida O‘zbekiston global tinchlik va diplomatiya markazlaridan biriga aylanib bormoqda”. Davlatimiz rahbari tashqi siyosat borasida 2025-yil ko‘p jihatdan natijador bo‘lganini alohida qayd etgani bejiz emas.

Birinchidan, 2025-yili Prezidentimizning 26 ta xorijiy davlatga oliy darajadagi tashriflari amalga oshirildi, Yangi O‘zbekiston tarixida qator davlatlar rahbarlarining O‘zbekistonga tashriflari ilk bor tashkil etildi.

Ikkinchidan, Mamlakatimizga tashrif buyurgan davlat boshliqlari, hukumat rahbarlari va yuqori darajadagi mehmonlar bilan o‘tkazilgan qabullar soni 23 tani tashkil etdi.

Uchinchidan, 2025-yil Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatida diplomatik munosabatlar geografiyasi sezilarli darajada kengaygan yil sifatida namoyon bo‘ldi. O‘tgan yil davomida mamlakatimiz Afrika, Okeaniya hamda Karib havzasiga mansub 8 ta davlat bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatdi.

To‘rtinchidan, Xorijiy davlatlarda 2017-yildan buyon 16 ta yangi diplomatik va konsullik vakolatxonasi ochilib, ularning soni 60 taga, diplomatik aloqa o‘rnatilgan davlatlar soni esa 165 taga yetdi. Elchixonalar, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalar shtatlari hamda Tashqi ishlar vazirligi xodimlarining ish haqi oshirildi.

Beshinchidan, Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatida o‘zining amaliy jihatlarini yaqqol ko‘rsatgan ko‘rsatgan tub yangi usul: telefon diplomatiyasi izchil davom ettirildi. Davlatimiz rahbari 2025-yil davomida taniqli davlat va jamoat arboblari bilan o‘zaro 50 dan ortiq telefon so‘zlashuvlarini amalga oshirdi.

Bularning barchasi, o‘z-o‘zidan so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonning tashqi siyosati sohasida ham qamrovdor islohotlar amalga oshirilganini ochiq-oydin ko‘rsatib turibdi.

E’tibor bering: Prezidentimiz 2025-yil 26-dekabrda Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga taqdim etgan Murojaatnomasida davlatimizning ichki va tashqi siyosatida keyingi to‘qqiz yilda amalga oshirilgan ulkan islohotlar  samaralari, shiddatli yangilanishlar natijadorligi haqida so‘z yuritdi. Shunday ekan, Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati ham ayni shu mezon – natijadorlik mezonlari bo‘yicha har tomonlama teran va tizimli tahlilga tortilgani mantiqan asoslidir.

 

Yangi Markaziy Osiyo diplomatiyasi

 

Bugun biz global va mintaqaviy siyosat kun tartibidagi ko‘plab dolzarb masalalar bo‘yicha yagona pozitsiyada turib harakat qilmoqdamiz. O‘zbekiston Prezidenti qayd etganidek, “Mamlakatlarimiz 2017-yildan buyon Markaziy Osiyoda taraqqiyot va sheriklikning muhim masalalari bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining 10 dan ziyod rezolyutsiyasi qabul qilinishiga erishdi”.

O‘zbekiston liderining 2017-yil sentyabrida BMT Bosh Assambleyasidagi ilk nutqida bayon etilgan ahil va inoq, hamjihat va yaqin samarali qo‘shnichilik siyosati, ta’bir joiz bo‘lsa, mintaqaviy siyosatga oid noyob yangi doktrinadir. Shu doktrina asosida Markaziy Osiyo davlatlari bugungi kunda dolzarb bo‘lgan mintaqaviy masalalarni bu qadar ochiq va samimiy muhokama qila boshladi. Natijada xalqaro siyosiy lug‘atda mintaqaviy taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiluvchi o‘ziga xos modelni aks ettiradigan “Markaziy Osiyo ruhi”, “Yangi Markaziy Osiyo” atamalari shakllandi.

Qisqa davrda dunyoda mintaqamizga nisbatan ishonch va hamkorlikka intilish kuchaydi. Ayniqsa, Prezidentimiz e’tirof etganidek, “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi ko‘p tomonlama muloqotlar sermahsul bo‘ldi. So‘nggi yillarda 11 ta davlat, shu jumladan Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilib, ularning umumiy soni 19 taga yetdi, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Tojikiston bilan ittifoqchilik munosabatlari yo‘lga qo‘yildi.

Mamlakatimiz poytaxtida 2025-yil 16-noyabrda O‘zbekiston Prezidenti raisligida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi g‘oyat katta tarixiy ahamiyatga ega voqea bo‘ldi. Maslahat uchrashuvi yakunida qabul qilingan hujjatlar va ilgari surilgan tashabbuslarda barqaror, xavfsiz va farovon Markaziy Osiyoni barpo etishdek umumiy maqsad o‘z mujassamini topgani tahsinga sazovordir.

Davlatimiz rahbari mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi ko‘lami Ozarbayjon Prezidenti ishtirokida – Kavkaz mintaqasi hisobiga yanada kengaydi.

Shuningdek, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston yetakchilarining mart oyida Xo‘jandda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida birinchi marta uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi tarixiy shartnoma imzolandi. Shu muloqotlar yakunida “Abadiy do‘stlik to‘g‘risida”gi deklaratsiya qabul qilingani katta ahamiyat kasb etdi.

Ayni jarayonda “mintaqaviy o‘ziga xoslik” va mintaqaning xalqaro huquqiy subyekt sifatidagi mavqei degan yangi tushunchalar siyosiy-huquqiy lug‘atimizga kirib keldi. Bu, o‘z-o‘zidan, mintaqamizda Yangi Markaziy Osiyo diplomatiyasi shakllanish va rivojlanish pallasida ekanining o‘ziga xos belgisidir.

 

Yangi O‘zbekistonning parlament diplomatiyasi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Bosh Qomusimizning 109-moddasida belgilanganidek, “fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining, O‘zbekiston Respublikasi suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligining kafilidir”.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Prezidenti yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 11-moddasida belgilab qo‘yilgan davlat hokimiyati tizimidagi uch tarmoq – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini nechog‘lik muvaffaqiyat bilan ta’minlab kelayotganligi tahsinga sazovor.

O‘tgan davrda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda huquq va vakolatlari sezilarli darajada kuchaygan, mas’uliyati bir necha karra ortgan yangi xalq vakilligi tizimi shakllantirildi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Bugungi kunda Oliy Majlisimiz eng kuchli parlamentlarga xos bo‘lgan barcha nazorat vakolatlariga ega”.

Bunga amaliy bir misol. Xususan, 2023-yildan buyon tashqi qarz miqdorini parlamentimiz belgilab kelmoqda. O‘z navbatida, O‘zbekiston Prezidentining yangi tashabbusi bilan endi davlat kafolati ostida tashqi qarz olish masalasini ma’qullash ham parlament vakolatiga o‘tkazilmoqda.

Yangi O‘zbekiston parlamenti – tom ma’noda “Xalq uyi”ga aylanib bormoqda. Deputatlar va senatorlar bilan muhokama qilingan barcha tashabbus  va rejalar, sessiyalarda ilgari surilgan g‘oya, maqsad va vazifalar, mohiyat e’tiboriga ko‘ra, nafaqat qonunlarga kiritilmoqda, ayni chog‘da, Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomalarida ham o‘z  aksini topmoqda.

Hozirgi vaqtda butun dunyoda parlament diplomatiyasi qonun chiqaruvchi organlarning tashqi siyosatga, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga, barqaror institutlarni rivojlantirishga ta’sir ko‘rsatishining o‘ziga xos mexanizmi sifatida oldingi o‘ringa chiqmoqda. Shu nuqtayi nazardan, 2025-yil 5-9-aprel kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasi nafaqat yubiley tadbiri, balki parlament diplomatiyasini mustahkamlashda muhim bosqich va institutsional xalqaro parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi.

Parlamentlararo Ittifoqning yubiley Assambleyasini o‘tkazish joyi sifatida Toshkentning tanlanishi O‘zbekistonning xalqaro siyosatdagi roli ortib borayotgani, ko‘p tomonlamalik va ochiqlik prinsiplariga sodiqligining e’tirofi bo‘ldi. Binobarin, O‘zbekiston parlament diplomatiyasi siyosatini faol amalga oshirib, xorijiy parlamentlar va xalqaro institutlar bilan aloqalarni tobora mustahkamlamoqda.

Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong ta’kidlaganidek, "O‘zbekiston dunyo bo‘linishlarga duch kelgan taqdirda ham parlament qanday qilib birdamlik maydoni bo‘lishi mumkinligini namoyish etdi". Uning so‘zlariga ko‘ra, "O‘zbekiston Yevroosiyoning nafaqat geografik, balki turli xil ovozlarni ham birlashtirishga qodir bo‘lgan siyosiy markazi ekanligini ham isbotladi".

 

O‘zbekiston Prezidentining inson huquqlari

diplomatiyasi

 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada har bir insonning o‘z huquqlarini himoya qilish uchun milliy va xalqaro institutlarga murojaat qilish huquqi kafolatlandi. Konstitutsiyaviy shikoyat instituti konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanib, fuqarolar Konstitutsiyaviy sudga bevosita murojaat qilish huquqiga ega bo‘ldi. Jahon mamlakatlari orasida birinchilardan bo‘lib inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning maqomi konstitutsiyaviy darajada ta’minlandi.

O‘zbekistonda 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha qamrovdor sa’y-harakatlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Bu yo‘ldagi barcha intilishlarimiz BMTning har bir inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan “Hech kimni unutmaslik va ortda qoldirmaslik” asosiy tamoyiliga muvofiqdir.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonga BMTning 2 nafar Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari – 2017-yilda Zayd al-Husayn va 2023-yilda Folker Tyurk tashrif buyurganini alohida qayd etish lozim.

O‘zbekiston BMTning maxsus protseduralari bilan o‘zaro hamkorlik borasida ham sezilarli yutuqlarga erishdi. BMTning 4 nafar maxsus ma’ruzachisi, ya’ni mamlakatimizga 2019-yil sentyabrida BMTning sudyalar va advokatlar mustaqilligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Diyego Garsiya-Sayan, 2021-yil sentyabrida BMTning din va e’tiqod erkinligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahid,  2021-yil dekabrida BMTning Terrorizmga qarshi kurash sharoitida inson huquqlari va asosiy erkinliklarni himoya qilish va rag‘batlantirish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Fionnuala Ni Aolayn, 2024-yil avgustida BMTning Munosib turar joy masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Balakrishnan Radjagopal tashrif buyurdi.

Jahon hamjamiyati 2025-yilda BMTning 80-yilligi tantanalari bilan bir qatorda inson huquqlari bo‘yicha birinchi majburiy yuridik shartnoma – Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyaning 60-yilligini, shuningdek, zamonaviy ijtimoiy va siyosiy hayotning gender mezonini boshlab bergan Ayollarga nisbatan Pekin platformasi va Harakatlar dasturining 30-yilligini nishonladi. Mamlakatimizda ushbu sanalarni nishonlash bo‘yicha fuqarolik jamiyati institutlari va ta’lim muassasalarini keng jalb etgan holda keng qamrovli tadbirlar amalga oshirildi.

Shuningdek, 2025-yilda inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi ko‘plab mintaqaviy vositalarning yubiley sanalari, xususan, EXHT Xelsinki bitimining 50-yilligi, MDH Insonning asosiy huquqlari va erkinliklari to‘g‘risidagi konvensiyasining 30-yilligi nishonlandi. Ushbu hujjatlar ham inson huquqlarini himoya qilishning zamonaviy xalqaro tizimi uchun tayanch ustunlar hisoblanadi.

Qolaversa, zamonaviy xalqaro huquq asosini yaratgan Nyurnberg tribunali o‘z ishini boshlagan sanaga 80-yil to‘lgani ham e’tibordan chetda qolmadi. Hozirgi zamon inson huquqlari davri, shubhasiz, Nyurnberg jarayonidan boshlangan. Garchi, XX asrda ko‘plab xalqaro hujjatlar qabul qilingan bo‘lsa-da, Nyurnbergdagi Harbiy tribunal inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi muhim voqea hisoblanadi.

Mamlakatimiz 2025-yilda BMTning fuqarosizlikni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalarini bajarish borasida tarixiy yutuqqa erishdi. Gap shundaki, 1991-yildan 2016-yilgacha bor-yo‘g‘i 482 kishi O‘zbekiston fuqaroligini olgan bo‘lsa, 2017-yildan 2025-yilgacha 85 mingdan ortiq kishi O‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘ldi. Bu mamlakatimizdagi insonparvar siyosat jamiyatning hamma qatlamlarini qamrab olishga va inson qadr-qimmatini tom ma’noda hurmat qilishga qaratilganini baralla namoyon etadi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va uning maxsus mexanizmlari bilan faol hamkorlik davom etmoqda. O‘zbekiston BMTning turli organlari tavsiyalari asosida yettita milliy harakat rejasini ishlab chiqdi va amalga oshirmoqda.

O‘z navbatida, 2024-yilda O‘zbekiston birinchi marta BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi (ECOSOC) hamda Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Ma’muriy kengashi a’zoligiga saylandi. Shuningdek, O‘zbekiston vakili ilk bor BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga a’zo bo‘ldi.

Yangi O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha mintaqaviy tuzilmalarda faol ishtirok etmoqda. 2025-yilda yangi tashkil etilgan MDHning Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi raisi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. O‘zbekiston vakili Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 51-sessiyasida IHTning Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyasi tarkibiga saylandi.

2025-yilda Bryusselda Adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va ular bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha "O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi" kichik qo‘mitasining 21-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, sud-huquq tizimini isloh qilish, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, gender tenglik masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Inson huquqlari zamonaviy sivilizatsiya taraqqiyoti darajasini ko‘rsatib turuvchi mezondir. Afsuski, dunyoda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy inqirozlar, geosiyosiy o‘zgarishlar va qurolli mojarolar inson huquqlari masalalariga o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Ma’lumki, Vena deklaratsiyasi va Inson huquqlari bo‘yicha harakatlar dasturi har bir davlatga inson huquqlari bo‘yicha milliy harakatlar rejalarini qabul qilishni tavsiya etgan.

Shu ma’noda, Prezidentimiz tashabbusi asosida qayta ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining yangilanayotgan loyihasida esa 451 ta maqsad mujassam etgani, jumladan, 2026-yil boshida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha bo‘lgan Milliy strategiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi ko‘zda tutilgani katta ahamiyatga egadir. Bu – Yangi O‘zbekiston tarixida inson huquqlari bo‘yicha ikkinchi Milliy strategiya bo‘ladi.

Ushbu Milliy strategiya loyihasini tayyorlashda ilg‘or xalqaro tajriba, O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari, shuningdek, o‘tgan davr mobaynida shakllangan milliy amaliyot inobatga olinadi. Hujjatda O‘zbekistonning milliy ma’ruzalarini ko‘rib chiqish doirasida taqdim etilgan BMTning inson huquqlari bo‘yicha ustav va shartnomaviy organlari tavsiyalari ham o‘z aksini topadi.

 

Yangi O‘zbekiston jahon diplomatiyasi markaziga aylanmoqda

 

Keyingi davrda Yangi O‘zbekiston global masalalar muhokama qilinadigan xalqaro muloqot maydoni sifatida o‘zini yaqqol namoyon etayotgani tahsinga sazovor. Prezidentimiz bu haqda videoselektorda alohida ta’kidlagani bejiz emas. Mamlakatimiz 2025 yilda:

  • Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi;
  • YUNESKO Bosh konferensiyasining sessiyasi;
  • “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti;
  • xalqaro Iqlim forumiga mezbonlik qildi.

O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanuvchi diplomatiya sohasida:

birinchidan, hamkor davlatlar bilan ikki tomonlama diplomatiya;

ikkinchidan, mintaqamizdagi qo‘shni mamlakatlar bilan mintaqaviy diplomatiya;

uchinchidan, asosiy xalqaro tashkilotlar bilan ko‘p tomonlama diplomatiya doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikka katta ahamiyat qaratadi.

BMTning teng huquqli va to‘laqonli a’zosi sifatida O‘zbekiston tenglik, hamkorlik, ko‘ptomonlamalik va xalqaro siyosiy tizimni himoya qilish prinsiplariga so‘zsiz amal qilishini namoyish etmoqda. So‘nggi vaqtlarda xalqaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, yangi global qurolli to‘qnashuvlarning oldini olish, mamlakatlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, global muloqot, global harakatlar va butun dunyoda inson huquqlarini himoya qilish kabi g‘oyalarni faol ilgari surmoqda. 

So‘nggi yillarda BMT bilan hamkorlik bemisl darajaga ko‘tarilib, 160 ta qo‘shma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani buning yaqqol tasdig‘idir. Birgina 2025-yilning o‘zida BMTning asosiy tuzilmalari va institutlari, jumladan, BMT-Xabitat va YUNISEF rahbarlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi, Toshkentda "BMT-Ayollar" tuzilmasining vakolatxonasi ochildi.

Hech shubhasiz, Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatida 2025-yil nafaqat ikki tomonlama, balki ko‘p tomonlama munosabatlarni mustahkamlash hamda rivojlantirish borasida ham katta yutuqlar yili sifatida tarixga kiradi.

 

Iqtisodiy diplomatiya: 2026 yilgi ustuvor vazifalar

 

O‘zbekiston Prezidenti jahonda keskin geosiyosiy o‘zgarishlar bo‘layotgan, davlatlar suverenitetiga xavf-xatarlar kuchaygan va davlatlar o‘rtasida ishonchsizlik yo‘qolib, iqtisodiy raqobatchilik  tobora keskinlashayotgan hozirgi murakkab sharoitda tashqi siyosat sohasidagi faoliyatni tanqidiy muhokama qilar ekan, Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar ishini yangicha tashkil qilish zarurligini alohida ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari uqtirganidek, Yangi O‘zbekistonning xorijdagi elchilari uchun 4 ta masala:

birinchidan, mamlakatimiz sanoati va infratuzilmalarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish uchun xorijiy investitsiyalar, ilg‘or zamonaviy texnologiyalar va ilm-fan yutuqlarini faol jalb etish;

ikkinchidan, elchilar faoliyat yuritayotgan davlatlardan eksport tushumlari ortishi eksport masalasida, ya’ni iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish orqali O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni xorijiy mamlakatlar bozorini egallashiga har jihatdan ko‘maklashish;

uchinchidan, O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar oqimini kengaytirish bo‘yicha elchixonalarning ham faol va tizimli ish olib borish;

to‘rtinchidan mamlakatimizdan ushbu mamlakatlarga qonuniy mehnat migratsiyasi huquqiy, adolatli va manfaatli asosda yo‘lga qo‘yilishi Elchi faoliyatining samaradorligi mezonlari bo‘lishi shart.

Davlatimiz rahbarining Vatanimiz diplomatlari bilan yuzma-yuz muloqotida ayni masalalar yuzasidan atroflicha ochiq va amaliy fikrlashildi. Bu haqda so‘z borganda, Prezidentimiz Yangi O‘zbekistonda iqtisodiy diplomatiyani shakllantirish va rivojlantirish masalasini 2018-yil 12-yanvarda bo‘lib o‘tgan aynan shu tarkibdagi yig‘ilishda kun tartibiga qo‘yganligiga e’tiborni qaratish har tomonlama o‘rinli, deb o‘ylaymiz.

Davlatimiz rahbari zamonaviy dunyoda ko‘plab davlatlar, xususan, rivojlangan mamlakatlarning tashqi siyosat faoliyatida aynan shu masalalarga eng ustuvor ahamiyat berilishi uqtirgani bejiz emas. Negaki, Yangi O‘zbekistonning yangi iqtisodiy diplomatiyasi o‘tgan qisqa davrda o‘zining samaradorligini amalda ko‘rsatdi.

Buning tasdig‘i sifatida Prezidentimiz e’tiborni qaratgan 3 ta raqamni keltirish bilan kifoyalanamiz. Ya’ni:

  • ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar doirasida 2025-yilda umumiy qiymati 160 milliard dollarlik investitsiya loyihalari va savdo shartnomalari bo‘yicha bitimlar imzolandi;
  • tarixda ilk bor tashqi savdo aylanmasi 80 milliard dollardan oshib, eksport 33,5 milliard dollarga yetdi, xorijiy investitsiyalar esa 43 milliard dollardan ortdi;
  • o‘tgan yili 75 ta davlatga eksport hajmi qariyb 4,5 milliard dollarga ko‘paydi.

Shu nuqtayi nazardan, mamlakatlarimiz elchilariga Yaqin Sharq, Yevropa, Osiyo va Afrika davlatlari yo‘nalishlarida eksportni kengaytirish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, kimyo, to‘qimachilik, issiqxona va xizmatlar sohalarida aniq loyihalar bilan ishlash vazifalari qo‘yildi. Ayrim bozorlarda O‘zbekiston mahsulotlarining nomi yetarlicha tanitilmayotgani qayd etildi.

 

Zamonaviy diplomatiyaning  Yangi O‘zbekiston modeli

 

Aslida ham, nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo olimlari tomonidan keng e’tirof etilganidek, milliy davlatchiligimiz necha ming yillik qadimiy tarix va boy madaniyatga ega bo‘lib, diplomatik munosabatlar tariximizning eng chuqur qatlamlariga borib taqaladi. Binobarin, Prezidentimiz so‘zlari bilan aytganda, “Qadimdan mamlakatimiz hududida diplomatiya an’analari shakllangan, ajdodlarimiz yaqin va uzoq xorij bilan do‘stlik va hamkorlikda yashashga intilganlar”.

Darvoqe, 2022-yilda chop etilgan “O‘zbekiston diplomatiyasi tarixi” kitobi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil yanvarda O‘zbekiston diplomatlari bilan uchrashuvda aytilgan takliflariga amaliy javobdir. O‘zbekiston diplomatiyasi tarixi haqida kitob chop etilgani – katta siyosiy voqea. Ushbu kitobni xorijiy tillarga tarjima qilish va nashr etish maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “bizning milliy davlatchiligimiz necha ming yillik qadimiy tarix va boy madaniyatga ega. Binobarin, diplomatik munosabatlar ham tariximizning eng chuqur qatlamlariga borib taqaladi. Bu haqiqat nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo olimlari tomonidan keng e’tirof etilgan”.

Shu nuqtayi nazardan, o‘zbek diplomatiyasining qadimgi zamonlardan boshlab bugungi kungacha – mustaqil O‘zbekiston diplomatiyasi shakllanishi va taraqqiy etishigacha bo‘lgan 3 ming yildan ortiq davrni qamrab olgan uzoq taraqqiyot bosqichlarida Yangi O‘zbekiston diplomatiyasi bosqichi alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu yangi bosqichga, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘zbek diplomatiyasining Yangi O‘zbekiston modeliga  aynan Prezident Shavkat Mirziyoyev asos solgani e’tibor-u tahsinga loyiq.

Boshqacha aytganda, Prezidentimiz bundan 8-yil oldin Yangi O‘zbekiston diplomatiyasining asosiy yo‘nalishlarini ko‘rsatib berdi. O‘zbek diplomatiyasining tantanasi bo‘lgan ayni voqelik, o‘z navbatida, milliy diplomatiya sohasida Yangi Renessans boshlanganidan dalolat beradi.

 

Yangi O‘zbekiston diplomati qanday bo‘lishi kerak?

 

O‘zbekiston Prezidenti “diplomatlardavlatimiz manfaatlarini himoya qilayotgan, tashqi siyosatimizni amalga oshirishda muhim o‘rin egallaydigan, mamlakatimizning xalqaro maydondagi yuzi”, deya munosib baho berdi. Ayniqsa, davlatimiz rahbari “Diplomatiya, diplomatlik – oddiy kasb emas, balki insondan juda ko‘p fazilatlarni talab etadigan noyob san’at”, “Diplomatlar – jamiyatning eng yetuk vakillari”, shuningdek, Elchi – Pezidentning xorijdagi rasmiy vakilidir”, degan yuksak e’tiroflarni bildirdi.

Elchilar bilan uchrashuvda Prezidentimiz “Yangi O‘zbekiston diplomati qanday bo‘lishi kerak?”, degan dolzarb savolni yana bir bor kun tartibiga qo‘ydi. Davlatimiz rahbarining fikrlariga qaraganda, Yangi O‘zbekiston sharoitida:

  • eng muhimi, diplomat haqiqiy vatanparvar bo‘lishi, o‘z xalqi, o‘z yurtining chinakam fidoyisi bo‘lishi zarur;
  • Elchi o‘z davlatiga sadoqatini namoyon etish uchun mamlakatning obro‘si va sha’nini, shon-shuhratini, ulug‘vorligini har jihatdan ehtiyot qilishi lozim;
  • haqiqiy diplomat bo‘lish uchun faqat bilim va tajriba, chet tillarni bilish yetarli emas, buning uchun avvalo tug‘ma talant kerak;
  • shu bilan birga, Elchi chet mamlakatlar bilan bo‘ladigan munosabatlarda u yerdagi do‘stlarning xayrixohligi va g‘animlarning makr-hiylasidan doimo ogoh va hushyor bo‘lib turishi darkor;
  • Elchi o‘zbek xalqining boy tarixini, madaniyatini, milliy qadriyatlarini, vatandoshlarining dard-u tashvishlarini yaqindan bilishi  ularni yuragidan o‘tkazishi farz-u qarz;
  • O‘zbekistonning chet eldagi elchisi bo‘lsa-yu, o‘zbek tilini bilmasa, bu xalqimizga xiyonatdan boshqa narsa emas;
  • Elchi o‘zi bo‘lib turgan mamlakat fuqarolarining yuragiga qanday yo‘l topishni bilishi, xususan, inson qalbini, xalq qalbini avvalo uning madaniyati, adabiyoti va san’atiga, milliy qadriyatlariga hurmat-ehtirom ko‘rsatish orqali zabt etish mumkinligi teran anglashi darkor.

 

Prezidentimizning diplomatiya borasidagi

yangi tashabbuslari

 

Prezidentimiz Yangi O‘zbekiston tashqi siyosati va diplomatiyasini rivojlantiriga qaratilgan yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

Birinchi tashabbus: O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasini yangilab, uning ustuvor yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish, milliy manfaatlarni himoya qilish va xalqaro maydonda mamlakatimizning o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan aniq vazifalarni belgilab olish zarur.

Davlatimiz rahbari uqtirganidek, “yangi konsepsiya mamlakatimizning uzoq muddatli strategik maqsadlarini, ichki islohotlarimiz mantig‘ini, iqtisodiy diplomatiya, xavfsizlik, investitsiya, eksport, transport-logistika, suv va iqlim masalalaridagi milliy manfaatlarimizni yaxlit va o‘zaro bog‘liq holda aks ettirishi lozim”.

Ikkinchi tashabbus: Tashqi siyosat bo‘yicha kengash faoliyatini kuchaytirish, bunda tashqi siyosiy aloqalarni kengaytirish, oliy darajadagi tashriflarga puxta tayyorgarlik ko‘rish, diplomat kadrlarni qayta tayyorlash va istiqbolli kadrlar zaxirasini shakllantirish masalalariga e’tiborni yanada oshirish zarurligi ta’kidlandi. Tashqi axborot siyosati va mamlakat imijini oshirishda xalqaro OAV va maxsus media loyihalar bilan ishlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Uchinchi tashabbus: davlat rahbari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan diplomat” faxriy unvonini ta’sis etish taklif etilgani juda muhim. Bu tashabbus ham diplomatlarimizning xizmatlarini munosib e’tirof etishga jiddiy e’tibor berilayotganining amaliy tasdig‘idir.

 Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekiston jahonda murakkab geosiyosiy va iqtisodiy muammolar tobora avj olib borayotgan murakkab vaziyatda barcha davlatlar bilan teng huquqli va konstruktiv munosabatlarni yanada mustahkamlash, vazmin va oqilona ochiq tashqi siyosat olib borishga qaratilgan faoliyatini yanada yuksak bosqichlarda izchil davom ettiradi. Binobarin, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Endi yangicha ruhda ishlaydigan, aniq natijalarga erishayotgan, O‘zbekiston manfaatlarini xalqaro miqyosda qat’iy himoya qiladigan diplomatlar davri keldi”.

 

Akmal SAIDOV,

O‘zbekiston Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi,

akademik

 «Xalq so‘zi» gazetasining 2026-yil 24-yanvar, 16-soni

Powered by GSpeech