Dunyo hamjamiyatiga eslatma

12-fevral — Terrorizmga olib kelishi mumkin bo‘lgan zo‘ravon

ekstremizmning oldini olish bo‘yicha xalqaro kun

 

2022-yilning 20-dekabrida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 12-fevralni «Terrorizmga olib kelishi mumkin bo‘lgan zo‘ravon ekstremizmning oldini olish bo‘yicha xalqaro kun» deb e’lon qilish bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilingan. Xo‘sh, nega aynan ushbu sana tanlangan? Boisi, 2016-yilning 12-fevralida BMT Bosh Assambleyasi «Zo‘ravon ekstremizmning oldini olish bo‘yicha Harakatlar rejasi»ni qabul qilgan edi.

Ekstremizm va terrorizm tushunchalariga ta’rif deyarli barcha davlatlarning jinoyat qonunchiligida o‘z aksini topgan.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi hamda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish borasidagi qonunlarda uni uchratish mumkin. Biroq milliy qonunchilikda «zo‘ravon ekstremizm» atamasiga alohida ta’rif berilmagan. Shu bilan birga, xalqaro huquqda «terrorizm» tushunchasida bo‘lgani kabi, «zo‘ravon ekstremizm» atamasi bo‘yicha umumiy e’tirof etilgan yagona ta’rif mavjud emas.

Ba’zan ushbu ikki atama bir-birining o‘rnida chalkash tarzda ishlatilish holatlari ham uchrab turadi.

Umuman olganda, BMT hujjatlari, jumladan «Zo‘ravon ekstremizmning oldini olish bo‘yicha Harakatlar rejasi» va Bosh kotib pozitsiyasiga ko‘ra, zo‘ravon ekstremizm terrorizmga nisbatan kengroq tushuncha bo‘lib, terrorchilik darajasiga yetmagan, biroq mafkuraviy zo‘ravonlikni oqlovchi va targ‘ib qiluvchi shakllarni ham qamrab oladi. Aynan shu jihati bilan terrorchilikning oldini olishga qaratilgan yondashuvlarda muhim o‘rin tutadi.

Amaliyotda zo‘ravon ekstremizmga qarshi kurashish asosan shaxslar yoki guruhlarni zo‘ravonlikka moyillikdan qaytarish, shuningdek, siyosiy maqsadlarda nodavlat subyektlar tomonidan amalga oshiriladigan mafkuraviy asoslangan terrorizmga qo‘shilish, uni qo‘llab-quvvatlash yoki unda ishtirok etishning oldini olishga qaratilgan majburiy bo‘lmagan vositalar majmuini anglatadi.

Ushbu sohada universal ta’riflarning yo‘qligi strategiyalar va siyosatlarda izchillikni ta’minlashda muammolar keltirib chiqarmoqda. BMTning terrorizmga qarshi kurash jarayonida inson huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi ta’kidlaganidek, semantik va konseptual noaniqlik bunday chora-tadbirlarning inson huquqlariga ta’siri hamda terrorizm xavfini kamaytirishdagi samaradorligini baholashni murakkablashtiradi. Zo‘ravon ekstremizmning oldini olish yondashuvi BMT tomonidan ustuvor yo‘nalish sifatida ilgari surilib, ta’lim, bag‘rikenglik, hayotga hurmat, zo‘ravonliksiz yashash, muloqot va hamkorlikni rivojlantirish orqali zo‘ravon ekstremizmning omillarini bartaraf etishga qaratilgan keng qamrovli profilaktik yondashuv zarurligini nazarda tutadi.

O‘zbekistonda ushbu hodisaning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Xususan, 2021–2026-yillarga mo‘ljallangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida ushbu tahdidlarga qarshi kurashishda kompleks va muvozanatli yondashuv belgilangan.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, vijdon erkinligi, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlash borasida olib borilayotgan izchil islohotlar zo‘ravon ekstremizmning oldini olishda muhim profilaktik omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu esa BMT tomonidan ilgari surilgan zo‘ravon ekstremizmning oldini olish yondashuviga, ya’ni radikallashuvning ijtimoiy, iqtisodiy va mafkuraviy sabablarini bartaraf etishga qaratilgan konsepsiyaga mos keladi.

Mazkur yondashuvning samaradorligi O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni orqali ham tasdiqlanyapti. Jumladan,

Global Terrorism Index ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston so‘nggi yillarda terrorizm xavfi eng past bo‘lgan davlatlar qatoridan joy olib kelmoqda.

Bu holat mamlakatimizda zo‘ravon ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish borasida izchil, profilaktik ishlar va inson huquqlariga asoslangan siyosat olib borilayotganidan dalolat beradi.

Xulosa qilib aytganda, Terrorizmga olib kelishi mumkin bo‘lgan zo‘ravon ekstremizmning oldini olish bo‘yicha xalqaro kun butun dunyo hamjamiyatiga zo‘ravonlik va murosasizlikka qarshi birgalikda harakat qilish zarurligini eslatadi.

Ushbu sana zo‘ravon ekstremizmni faqat xavfsizlik muammosi sifatida emas, balki ta’lim, bag‘rikenglik, inson huquqlari va ijtimoiy adolat orqali bartaraf etilishi mumkin bo‘lgan murakkab ijtimoiy hodisa sifatida anglash muhimligini ta’kidlaydi. Aynan ana shunday yondashuv tinchlikni asrash va kelajak avlodlar uchun xavfsiz, barqaror jamiyatni barpo etishning eng to‘g‘ri yo‘li hisoblanadi.

 

Shodiya Ismoilova

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi yetakchi mutaxassisi

«POSTDA» gazetasining 2026-yil 12-fevral kungi 7 (4753)-soni

Powered by GSpeech