Milliy markazda 2025-yilda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarining ko‘rib chiqilishi va hal qilinishi bo‘yicha monitoring natijalari

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaziga 2025 yilda jami 1228 ta murojaat kelib tushgan. Bu ko‘rsatkich oldingi yildagiga qaraganda 18,4% kam bo‘lib, 2024 yilda arizalar soni 1455 tani tashkil etgan.

Murojaatlarning 96 tasi anonim murojaatlar hisoblanadi. Shu sababli “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunning 3,6 va 29-moddalariga binoan ular ko‘rmasdan qoldirildi.

2025 yil davomida Milliy markaz qabulxonasida jami 600 nafardan ortiq fuqaro qabul qilingan. Shundan 438 nafar fuqaroning yozma murojaatlari ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, qariyb 170 nafar fuqaroga huquqiy tushuntirish va maslahatlar berilgan.

Milliy markazga kelib tushgan 774 ta murojaat taalluqliligi bo‘yicha tegishli idoralarga ko‘rib chiqish uchun yuborilgan. Shundan 260 ta murojaat bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan.

Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 438 tasi (38,7%) fuqarolardan bevosita qabul jarayonida,  694 tasi (61,3%) aloqa vositalari orqali kelib tushgan. Shuningdek, 35 ta murojaat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Virtual qabulxonalari orqali, 136 ta murojaat Milliy markazning Virtual qabulxonasi orqali kelib tushgan murojaatlardan iborat.

Murojaatlar mualliflari jinsi bo‘yicha tahlil qilinganda, Milliy markazga 567 nafar (50,1%) erkak va 515 nafar (45,5%) ayol murojaat qilgani  ayon bo‘ldi. Shuningdek, 50 ta murojaat (4,4%) jamoaviy tarzda yuborilgan.

Murojaatlarning 1002 tasi (88,5%) ariza, 129 tasi (11,4%) shikoyat va  1 tasi (0,01%) takliflardir.

 

Hududlar kesimida taqqoslanganda, eng ko‘p murojaatlar Toshkent shahri, Toshkent, Qashqadaryo, Samarqand, Namangan va Buxoro viloyatlarida yashovchi fuqarolardan kelib tushganligini ko‘rish mumkin.

Aksincha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Sirdaryo, Navoiy, Jizzax va Xorazm viloyatlari aholisidan kelib tushgan murojaatlar soni kamaygan. 

Xususan, tahlillarga ko‘ra, murojaatlarning aksariyati, ya’ni 400 tasi (32,5%) Toshkent shahri,  191 tasi (15,5%) Toshkent viloyati,  184 tasi (15%) Qashqadaryo viloyati,  57 tasi (4,6%) Samarqand viloyati, 53 tasi (4,3%) Namangan viloyati va  50 tasi (4%) Buxoro viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi.

  

Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 545 tasi (48,1%) ijtimoiy-iqtisodiy, 469 tasi (41,4%) shaxsiy, 104 tasi (9,1%) siyosiy huquqlarga va 14 tasi (1,2%) madaniy huquqlarga oid murojaatlarni tashkil qiladi.

  

Murojaat qiluvchi shaxslarning yuridik maqomi

  

Milliy markaz tomonidan ko‘rib chiqilgan murojaatlarning:

  • 216 tasi – fuqarolarning odil sudlovga oid huquqlariga taalluqli;

  • 123 tasi – surishtiruv va dastlabki tergov organlarining mansabdor shaxslari xatti-harakatlaridan, shuningdek, qarorlaridan norozilik;

  • 97 tasi – mahalliy davlat hokimiyati idoralari qarorlari bilan bog‘liq;

  • 215 tasi – boshqa davlat idoralari, muassasalari va tashkilotlarining qarorlari hamda mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari bilan bog‘liq;

  • 103 tasi – munosib turmush kechirishga doir;

  • 99 tasi – davlat organlariga murojaat qilish bilan bog‘liq;

  • 196 tasi – shaxsiy mulk huquqlariga doir;

  • 42 tasi – sud qarorlari ijrosi bilan bog‘liq murojaatlardir.

     

 

Monitoring natijasida, o‘tgan yillardagi kabi, tahlil qilinayotgan davrda kelib tushgan murojaatlarning aksariyati odil sudlovni amalga oshirish, sud qarorlaridan, dastlabki  tergov harakatlari hamda ularni olib borgan mas’ul shaxslarning, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati idoralarining qarorlaridan norozilik, yer ajratish, shaxsiy mulkka va uy-joyga bo‘lgan huquqlarga doir murojaatlar ko‘p kelib tushganligi ma’lum bo‘ldi.

Mamlakatimizda odil sudlov yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Fuqarolik-protsessual, Jinoyat-protsessual, Iqtisodiy-protsessual, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslar va “Sudlar to‘g‘risida”gi qonun talablariga binoan faqat sudlar tomonidan amalga oshiriladi, ularning faoliyatiga aralashish taqiqlanadi. Shuningdek, davlat tergov va surishtiruv organlarining faoliyati yuqori turuvchi organ hamda prokurorlar tomonidan nazorat qilinishi Jinoyat-protsessual kodeks va “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunda mustahkamlab qo‘yilgan.

Milliy markaz tomonidan turli davlat idoralari va huquqni muhofaza qilish organlariga 2025 yil davomida yuborilgan 500 dan ortiq tavsiyaning ko‘rib chiqilishi natijasida:

-   16 ta murojaat qanoatlantirildi, ya’ni fuqarolarning huquqlari tiklandi va qonuniy huquq va manfaatlarining ro‘yobga chiqarilishida amaliy yordam berildi;

-  29 ta holatda fuqarolarga qonunchilik hujjatlari talablari bo‘yicha tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi.

Bundan tashqari, 2025 yilda telefon qo‘ng‘iroqlari orqali murojaat qilgan 2500 nafardan ortiq fuqaroga huquqiy maslahatlar berildi.

Milliy markazga og‘zaki huquqiy maslahat so‘rab murojaat qiluvchilar soni yildan-yilga ortib bormoqda.

Fuqarolarga “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyatini tushuntirish borasida Farg‘ona viloyatining Buvayda va Uchko‘prik tumanlarida, Qashqadaryo viloyatining Kitob va Yakkabog‘ tumanlarida aholi bilan uchrashuv va ochiq muloqotlar o‘tkazildi.

E’tiborli tomoni shundaki, bir insonning buzilgan huquqini tiklash uchun bir necha yillar talab etilmoqda. Ya’ni, Milliy markaz tomonidan ko‘rib chiqilgan ayrim murojaatlar bo‘yicha unda ko‘tarilgan masalani qonuniy hal qilish vakolatiga ega bo‘lgan davlat organiga kiritilgan tavsiya va xulosalar yuzasidan bir necha yillardan so‘ng ijobiy qarorlar qabul qilinmoqda.

Milliy markaz tomonidan ko‘rib chiqilgan va kiritilgan takliflar asosida qanoatlantirilgan murojaatlar quyidagilarda o‘z ifodasini topdi:

Fuqaro N.Ch.ning Milliy markaz Virtual qabulxonasiga sudning hal qiluv qaroriga binoan chiqarilgan ijro varaqasi ijrosi Majburiy ijro byurosining tegishli tuman bo‘limi tomonidan ta’minlanmayotganidan norozi bo‘lib, qonun ustuvorligini ta’minlashda amaliy yordam so‘rab yozgan murojaati bo‘yicha Byuroning hududiy boshqarmasiga tavsiya xati kiritilgan edi.

Byuroning viloyat boshqarmasi tomonidan berilgan javob xatiga ko‘ra, davlat ijrochilari tomonidan amalga oshirilgan ijro harakatlari davomida qarzdorning nizoli bo‘lgan 0,27 ga yer maydonida noqonuniy ravishda qurilgan 95,87 kv.m hajmdagi paxsa-loy devor hamda omborxona va hojatxona binolari buzdirilgan, noqonuniy egallangan yer maydoni tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilgan.

Shu tariqa murojaat to‘liq qanoatlantirilgan. Murojaat muallifi o‘rganish natijalaridan qoniqish hosil qilib, tashakkurnoma bildirgan.

Milliy markazga kelib  tushgan murojaatlarning aksariyati sud-huquq masalalari bilan bog‘liq ekanligi yuqorida ham ta’kidlandi. Shu mazmundagi murojaatlar yuzasidan kiritilgan tavsiyalar ham qanoatlantirilmoqda.  

Misol uchun, “F.O.S.v T.L.S” xorijiy firmasining ishonchli vakili R.M.ning, firma manfaatlariga juda ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazgan respublikamizda faoliyat yurituvchi “B.I.T.T” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan prokuratura idoralari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilmayotganidan norozilik bildirib yozgan murojaati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga tavsiya xati kiritilgan edi.

Bosh prokuratura tomonidan mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi quyi prokuratura idorasining qarori bekor qilinib, qo‘shimcha tekshiruv harakatlari o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berilgan.

Shuningdek, “W.H.B.T.C.” xorijiy kompaniyasi vakilining, ichki ishlar idorasi tergov boshqarmasi ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishining olib borilayotgan dastlabki tergov harakatlaridan, xorijlik tadbirkorlarning ishonchiga kirib juda ko‘p miqdordagi mablag‘larini o‘zlashtirib ketish jinoyatining tashkilotchisi hisoblangan “A.A.B.” MCHJ norasmiy rahbari A.I.ga nisbatan tegishli chora ko‘rilmasdan, jinoyat uchun jazo muqarrarligi ta’minlanmasdan, unga nisbatan qo‘llanilgan ehtiyot chorasidan noroziligi to‘g‘risidagi shikoyati yuzasidan Bosh prokuraturaga tavsiya xati kiritilgan edi.

Prokuratura tomonidan berilgan javob xatiga ko‘ra, jinoyat ishi yuzasidan “A.A.B.” MCHJ ta’sischisi A.B. hamda MCHJning norasmiy rahbari A.I. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi bilan gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, ularga uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Tergov natijasiga ko‘ra, A.B va A.I.larga Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan ayblov e’lon qilinib, jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan. Murojaat muallifining talablari qanoatlantirilgan.

Milliy markazga kelib tushayotgan murojaatlarning yana bir toifasi borki, bunday murojaatlar fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari bilan bog‘liq. Bu borada ham inson huquqlari tiklanishida amaliy ko‘mak berib kelinmoqda.

Xususan, fuqaro D.T.ning bir nafar farzandi bilan uzoq yildan buyon qiyin ahvolda yashab kelayotganligi sababli ayollar daftari “Boquvchisini yo‘qotgan ehtiyojmand xotin-qizlar” ro‘yxatining 4-bosqichida turishi, shaxsiy turar joyi yo‘qligi uchun ijarada yashab kelishi, virusli gepatitning “S” o‘tkir turi bilan ro‘yxatda turishi va doimiy davolanishga muhtojligi, sobiq turmush o‘rtog‘i uning nomiga bir nechta bank muassasalaridan hujjatlarni soxtalashtirish yo‘li bilan kredit mablag‘lari rasmiylashtirib, o‘zlashtirib ketganligi uchun sudning tegishli hukmi bilan jinoiy javobgarlikka tortilganligi, bank muassasalari esa uni kredit axborot ma’lumotlar bazasiga salbiy ro‘yxatga kiritib qo‘yganligi sababli subsidiya asosida uy-joy sotib ololmaganligi, hozirgi vaqtda sharoiti yanada og‘irlashib borayotganligini ma’lum qilib, salbiy kredit tarixi haqidagi ma’lumotlar uning manfaatida o‘zgartirilishida amaliy yordam so‘rab yozgan murojaati bo‘yicha “Kredit-axborot tahliliy markazi”ning Kredit byurosiga tavsiya xati kiritilgan edi.

Tavsiyanoma asosida Kredit byurosi tomonidan “Sh-M” MCHJ mikromoliya tashkilotiga taalluqli banklar boshqaruviga rasmiy xat kiritilib, fuqaro D.T.ga tegishli kredit tarixi ma’lumotlarida nomutanosiblik holatlariga nisbatan munosabat bildirilib, kredit tarixiga o‘rnatilgan tartibda o‘zgartirishlar kiritish talab qilingan.

 Yana bir misol: fuqaro L.X.ning Milliy markazga 1-guruh nogironligi bo‘lgan onasi G.Sh. ning yashab kelgan turar-joyi buzilib, hozirgi vaqtda boshpanasiz  qolib ketganligi va muqim yashash joyi yo‘qligini bildirib, qonunchilikda belgilangan tartibda uy-joy bilan ta’minlanishida amaliy yordam so‘rab yozgan murojaati o‘rganib chiqilib, murojaatni nazorat tartibida ko‘rib chiqish va fuqaroning buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida  prokuratura idorasiga tavsiya kiritilgan edi.  

Prokuratura tomonidan taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra,  fuqaro G.Sh. ko‘p qavatli uy-joylar yonida hujjatlari mavjud bo‘lmagan noqonuniy qurilgan noturar binoda yashab kelganligi, “Obod mahalla” davlat dasturi asosida ogohlantirilib, noturar binoda buzilish ishlari olib borilganligi va boshqa uyga tuman hokimligi tomonidan ko‘chirib o‘tkazilganligi ma’lum qilingan.

Shu bilan birga, fuqaro G.Sh. Hukumatning tegishli qarori talablariga muvofiq tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan “Uy-joyga muhtoj xotin-qizlar”ro‘yxatiga kiritilgan.   Ya’ni, fuqaroning huquqlari tiklanishi ta’minlangan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech